Qidirish uchun yozing

Dolzarb

Qarshida jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan 114 nafar yoshlar Ittifoq viloyat Kengashi raisi va IIB mutasaddisi bilan muloqot o‘tkazdi

  Ulashish

Qarshi shahrida viloyatdagi jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan 114 nafar yoshlar bilan Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Shomurod Sattorov, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Probatsiya bo‘limi boshlig‘i, mayor Elbek Tursunovlar ishtirokida muloqot tashkil etildi. Bu haqda “Qashqadaryo ziyokori”ga Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati rahbari Ahror Sodiqov ma’lum qilmoqda.

Ahror Sodiqovga ko‘ra, muloqot yoshlarning jinoyat sodir etgan qismi bilan samarali ish olib borish, ularning takroran jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, unda Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Probatsiya xizmati samarali ishlarni amalga oshirayotgani haqida ma’lumot berilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, muloqot jarayonida yoshlarning muammolari tinglangan, ularga huquqshunos mutaxassislarning yuridik maslahatlari berilgan, ish bilan band bo‘lmaganlariga bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilgan, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lganlarga esa mutaxassislar tomonidan ko‘nikmalar berilgan.

— Yoshlarimizga Probatsiya xizmati to‘g‘risida tushuntirishlar berish, shuningdek jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan yoshlarning muammolarini hal etishga ko‘maklashish, ularning jamiyatga moslashishlarida yordamlashish, bandligini ta’minlash va ularga yuridik maslahatlar berish maqsadida tashkil etilgan “Sinovdan yuksalishga qat’iy qadam” mavzusidagi ochiq muloqotimiz yoshlar uchun katta yangilik bo‘ldi, — deydi Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Shomurod Sattorov. — Mazkur amaliy uchrashuv hozirgi kunda sinov muddatida bo‘lgan, qaytib jinoyat ko‘chasiga kirib qolmaslik uchun harakat qilayotgan, muammolarga to‘la yoshlarning muammolari hal etilishi uchun katta ahamiyat kasb etadi.

Muloqot davomida jazoni o‘tab qaytgan yoshlar bilan doimiy ishlash tizimini yaratish maqsadida bu kabi ochiq muloqotlarni har oyda o‘tkazishga kelishib olingan. Shuningdek muloqot doirasida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida 8 nafar yoshlar ishga joylashtirilgan, 11 nafar yoshlar tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun Yoshlar ittifoqi qoshida tashkil etilgan biznes klubga a’zo qilingan, 16 nafari esa Yoshlar markazidagi to‘garaklarga jalb etilgan.

Ochiq muloqot so‘ngida XII asrda ajdodlarimizning mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashi aks etgan voqealarni qamrab olgan “Elparvar” tarixiy filmi namoyish etildi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.