Qidirish uchun yozing

Muhim

Alimentdan qarzdor chiroqchilik ota qidiruvga berilib, 5 yil deganda topildi va 15 sutkaga qamaldi

  Ulashish

Alimentdan qarzdor chiroqchilik ota qidiruvga berilib 5 yil deganda topildi va bo‘ynidagi qariyb 45 million so‘mlik qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lamaganligi uchun 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda “Qashqadaryo ziyokori”ga MIB Qashqadaryo viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Gulnoza Dilmurodova ma’lum qilmoqda.

Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudining 2014 yil 29 iyuldagi qaroriga asosan qarzdor ota Sh.O.dan undiruvchi ayoli F.Q. foydasiga 3 nafar voyaga etmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Byuroning davlat ijrochilari tomonidan berilgan tushuntirishlar va ogohlantirishlarga qaramasdan qarzdor shu kunga qadar aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Natijada fuqaro Sh.O.ning aliment qarzdorligi bugungi kunda 44 million 690 ming 451 so‘mga etgan.

Gulnoza Dilmurodovaga ko‘ra, byuroning Chiroqchi tuman bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan Sh.O. o‘tgan vaqtning turli davrlarida qidiruvga berilgan va respublika hududidan chetga chiqish huquqi cheklangan.

— Olib borilgan sa’y-harakatlar davomida farzandining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab yurgan ota joriy yilning 7 may kuni bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan topildi, — deydi Gulnoza Dilmurodova. — Va 8-may kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudining sayyor sud majlisida qarzdor Sh.O. 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortildi. Aytib o‘tish kerakki, fuqaro berilgan jazodan tegishli xulosa chiqarmagan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.