Qidirish uchun yozing

Madaniyat

Qashqadaryoda 15 nafar fidoyi inson siymosi aks ettirilgan “Xotira monumenti” qad rostladi

  Ulashish

9 may kuni Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi qoshida bunyod etilgan “Xotira monumenti”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Qashqadaryo ziyokori”ga viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Viloyat IIB matbuot xizmatiga ko‘ra, “Xotira monumenti”da ichki ishlar tizimida samarali xizmat qilib, jinoyatchilarni qo‘lga olish, zararsizlantirish hamda xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan 15 nafar fidoyi inson siymosi aks ettirilgan.

“Xotira monumenti” ramziy tasmasini viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev hamda tizim faxriylari vakillari qirqishdi.

— Aslida ichki ishlar xodimi zimmasidagi mas’uliyat yukini tasavvur etishning o‘zi qiyin, — deydi viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev. – U o‘z halovatidan, oilasi tashvishlaridan, kerak bo‘lsa, jonidan ham kechib bo‘lsa-da, elining halovatini o‘ylaydi, uning tashvishlariga elka tutadi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi qoshida mana shunday majmuaning ochilishi o‘z jonini el-yurt osoyishtaligi yo‘lida fido qilgan jasur va mard xodimlar xotirasiga ko‘rsatilayotgan ulug‘vor hurmat namunasi bo‘ldi.

“Xotira monumenti” ochilishida viloyat ichki ishlar tizimi xodimlari, faxriylar, monumentda nomlari qayd etilgan marhum xodimlarning oila a’zolari va yaqinlari, yoshlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

— “Vatan uchun jon fido qildi” degani — bu aslo balandparvoz gap emas, — deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi polkovnik Sodiq Islomov. — Bu jumlani shunchaki aytib bo‘lmaydi. Chunki jon fido qilish – bu uncha-buncha ish emas. Jon kimga ham shirin emas axir? Lekin shu shirin jonni el-yurtning osoyishtaligi va taraqqiyoti yo‘liga fido etish, hayotini ona Vatani kamoli uchun baxsh etish – haqiqiy erkakning, mard va fidoyi insonning ishi. Bunday insonlarni el hech qachon unutmaydi.Ularning aziz siymolari, porloq xotiralari hamisha qalbimizda yashaydi.

Tadbirda Vatan uchun jon fido qilgan xodimlar haqida ham so‘z bordi. Aytilishicha, Kitob tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori, kapitan Abdirashit Nazarov fidoyi va mard insonlardan biri sifatida 1992 yil 26 mart kuni Kitob tumani hududida o‘tkazilgan “Tun” tadbirida ikki nafar o‘ta xavfli jinoyatchini qo‘lga olish vaqtida halok bo‘lgan. Abdirashid Nazarov Prezident farmoniga asosan II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan. Shahrisabz tuman ichki ishlar bo‘limi qo‘riqlash bo‘limi militsioneri, serjant Abduhalim Toshqulov esa 2000 yil 6 avgust kuni Surxondaryo viloyatining tog‘li tumanlarida terrorchilarga qarshi o‘tkazilgan jangovar harakatlar vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan. Prezident farmoniga asosan vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

— Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida samarali mehnat qilgan marhum polkovnik Abdukarim Yulbarisovning nomi ko‘pchilikka yaxshi tanish, — deydi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Tursunboyev. — U 2003 yil 9 aprel kuni Chiroqchi tumanida qurollangan jinoyatchini qo‘lga olish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda mardlarcha halok bo‘lgan. Vafotidan so‘ng Vatanimizning yuksak mukofoti – II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan. Bu erda nurli siymolari aks ettirilgan o‘n besh mard insonning har birining jasorati haqida soatlab so‘zlash mumkin. Ularning ayrimlari tafsilotlari o‘tgan yil poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” nashriyotida chop etilgan “Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot” kitobiga kiritilgan.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.