Qidirish uchun yozing

Muhim

Qashqadaryoda 66 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Prezident nomidan pul mukofotlari topshirildi

  Ulashish

9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 74 yilligi munosabati bilan Qashqadaryodagi 66 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi holidan xabar olinib, ularning har biriga Prezident nomidan 7,5 million so‘m pul mukofoti, qimmatbaho sovg‘alar hamda davlat va jamoat tashkilotlarining esdaliklari topshirilmoqda. Bu haqda “Qashqadaryo ziyokori”ga viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Urush qatnashchilarining xonadonida harbiy orkestr, viloyat san’at ustalari, yosh ijrochilar tomonidan yangragan kuy-qo‘shiqlar, turli millatlarning milliy raqslari yig‘ilganlarga zavq-shavq ulashdi.
Qarshi tumani “Mevazor” MFYda yashovchi Eshonqul ota Ravshanov ham bugun o‘zining 96 bahorini qarshi oldi. O‘zbekona jasorati, matonati, vatanparvarligi bilan hurmat qozongan Eshonqul ota xonadoni bayram arafasida yanada fayzu tarovatga boyib ketdi. Viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev otaxon xonadoniga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan Eshonqul otaga pul mukofoti va esdalik sovg‘alarini topshirdi. Otaxonning ko‘zidagi quvonch esa shunday dorilamon kunlarga, qolaversa ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning shukronalik ifodasidir.
Mirishkor tumanida istiqomat qiluvchi Buxor ota Radjabov bu yil 101 yoshga to‘lib, keksalik gashtini surib yurgan faxriylardan. Ularning aytayotganlari avlodlar uchun ibrat maktabi. Buxor ota tinch hayotda baxtiyor yashayotgan odamlarni ko‘rganidan doim xursand. Ko‘plar urush ko‘rgan otadan tinchlikni qadrlash hissiyotini olishga odatlangan. Bayram sovg‘asi sifatida Buxor otaga pul mukofoti, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Viloyatda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alarini topshirish marosimlari davom etmoqda.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.