Qidirish uchun yozing

Muhim

Qashqadaryoda Janubiy Koreya andozasi asosida qayta rekonstruksiya qilingan bolalar bog‘chasining dastlabkisi foydalanishga topshirildi

  Ulashish

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida, Janubiy Koreya andozasi asosida 3 millard 129 million so‘m mablag‘ evaziga qayta rekonstruktsiya qilingan bolalar bog‘chasining dastlabkisi foydalanishga topshirildi. Bu haqda “Qashqadaryo ziyokori” muxbiri xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Qarshi tumanidagi 1-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi 1953 yil barpo etilgan bo‘lib, devorlari paxsadan iborat bo‘lgan. 70 o‘ringa mo‘ljallab barpo etilgan bog‘cha 65 yil davomida biror marta ham kapital ta’mirlanmagan.

— Prezidentimiz 2017 yil bolalar bog‘chalari Janubiy Koreya tajribasi asosida o‘yinlar, o‘yinchoqlar, mebel va uskunalar bilan ta’minlanishi lozimligini aytib o‘tgandi, ayni shu maqsaddan kelib chiqqan holda tumanimizdagi mazkur bog‘cha investittsiya dasturiga muvofiq 3 millard 129 million mablag‘ evaziga qayta rekonstruktsiya qilindi, — deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Anvar Eshonqulov. – Natijada 70 o‘rinli bog‘cha 130 o‘rinli bog‘chaga aylandi. Qisqa muddatli guruhlar hisobiga bog‘cha 200 nafar bolajonlarni qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Anvar Eshonqulov

— Bog‘chamizning Janubiy Koreya uslubi asosida qayta rekonstruktsiya qilinishi natijasida bolajonlarimizning ovqatlanishi uchun umumiy oshxona ham tashkil etildi, — deydi bog‘cha tarbiyachisi Saodat Narzullayeva. — Endilikda tarbiyalanuvchi bolajonlar mashg‘ulot xonalarida emas, ovqatlanish uchun tashkil etilgan umumiy oshxonada ovqat tanovul qilishadi.
Mazkur ta’lim muassasasining yana bir e’tiborli jihati shundaki, unda bolajonlarga bog‘cha yoshidan kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida kutubxona ham tashkil etilgan bo‘lib, mashg‘ulot paytida foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Qashqadaryo viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi mas’ullari bergan ma’lumotga ko‘ra, 2019 yil viloyatda Janubiy Koreya andozasi bo‘yicha qurilayotgan 5 ta 160 o‘rinli va 1 ta 380 o‘rinli bolalar bog‘chasi foydalanishga topshiriladi. Ayni kunda viloyatda 364 ta davlat bog‘chasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.