Qidirish uchun yozing

Dolzarb

Matbuot erkin bo’lsa davlat amaldorlari u yoq-bu yog‘iga qarab ishlaydi

  Ulashish

«XXI asr» gazetasida bugungi kun matbuotining erkinligi davlat amaldorlarining ish faoliyati uchun naqadar ahamiyatli bo’lishi haqida fikr yuritilgan maqola chop etildi. Maqoldani to’liq shaklda havola etamiz.

Singan ko‘zgu…

Kimningdir turtkisi bilan uyg‘onish chin ma’noda uyg‘oqlikmi? Haq olinsa, ko‘ngil to‘ladi! Berilgan haq bilan maqtanish ojizlikdir! O‘zing uyg‘onsayding, o‘zing haqingni so‘rashni bilsayding, hech bo‘lmasa, haqini so‘raganlar yonida tura olsayding! Yanayam pastroq tushay, haqini so‘raganlarga indamasayding!

Prezident Angrenga borib, xalqning nochor ahvoli haqida juda qattiq gapirdi. Ertasi kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan bir jurnalist yozdi: “Biz shundoqqina biqinimizda turgan muammoni ko‘rmagan ekanmiz, qarang Prezidentimizning donoligini!” “Xizmat ko‘rsatgan” haliyam otda, haliyam birovga gap bergisi kelmaydi! Qani endi bir til bo‘lsa-yu, “Hazrat, siz ana shu biqiningizdagi muammoni ko‘rmaganingiz uchun rahbar bo‘ldingiz, xalqqa xizmat qilmaganingiz uchun “xizmat ko‘rsatgan” oldingiz-da”, desa! Degandayam nima o‘zgaradi?! Shu odamdan ko‘p dakki eshitganman: “Hayotga qora ko‘zoynak bilan qaraysan! Prezident siyosatiga qarshimisan?!”. O‘n yil oldin bu gapning nimaligini bilarmidingiz? Shu atrofda yurgan bo‘lsangiz, albatta bilardingiz. Bilmay ko‘ring-chi! Bu shunday tahdid ediki, eshitgan odam beixtiyor “Biz hech kimdan kam emasmiz”, devorardi. Ha, shunaqa deb yuraverdik. O‘tgan yili qarasak, biz hammadan kam ekanmiz! Ta’lim tizimi izdan chiqib ketgan, sog‘liqni saqlash ayanchli ahvolda, qishloq xo‘jaligi nochor, yoshlar qarovsiz, diniy savodsizlik avjiga chiqqan!..

Biz nima qildik, o‘zi? Hech narsa qilmadik desak, insofsizlik bo‘ladi. Juda ko‘p ishlar qilindi, lekin aksariyati xato yo‘ldan ketdi. Nima uchun shunday bo‘ldi, bilasizmi? Jamiyatdan ERKIN FIKR quvib chiqarildi! Fikr aytgan odam dushmanga aylantirildi. Ommaviy axborot vositalari “bo‘lmaydi” degan so‘zni lug‘atidan o‘chirib tashladi. “Hammasi zo‘r, hammasi bo‘ladi”ga chiqib ketdi! Hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib fikrlaydigan bo‘ldik. Shunaqa quling o‘rgulsin kadrlar etishtirdikki, biri qo‘yib, bir “Vatanni sevadi”.

Bir odam hech qachon xato qilmasligi, mutlaq haqiqatni gapirishi mumkin emas. G‘oyibdan keladigan vahiyning to‘xtaganiga o‘n besh asr bo‘lgan axir! Yo‘q, biz buni tan olmadik, “Sizniki ma’qul!” dedik. Erkin matbuot, erkin fikr yashaydigan joyda davlat amaldorlari u yoq-bu yog‘iga qarab ishlaydi. Hukumatning ko‘ziga matbuot ko‘zgu tutib turishi kerak. U ko‘zguga qarasin, o‘zini tuzatsin! Bir hafta ko‘zguga qaramagan odamning basharasini ko‘rganmisiz? Yigirma besh yil qaramagan odamnikini-chi?! Biz ko‘zguga qaramadik, uni sindirib tashladik. Hukumat bilan o‘rtamiz uzilib qoldi. Shunaqa bir devor paydo bo‘ldiki, oshib o‘tishning hech iloji yo‘q! Paxtani terib, g‘allani yig‘ib, gaz, neftь, oltinni qazib olib, devordan oshirib tashlaymiz. Biz qora botirlarning maqsadimiz: omborni to‘ldirish! Lekin bu o‘lgur hech to‘lmaydi. To‘ldirolmadik! Natijada, don izlab har tomonga uchib ketdik. Shunda ham hech kim “Shuncha mehnat qilding, uzr, qorningni to‘yg‘azolmadik”, demadi. Ortimizdan: dangasalar, xoinlar, “vatangadolar” deb so‘kib qoldi. Biz soddalar bilmadikki, omborimizga kalamushlar tanda qo‘ygan ekan! Bu yog‘i Los-Anjelesu bu yog‘i Shveytsariyada million-millon dollarlik saroylar quribmiz, villalar sotib olibmiz, shaxsiy samolyotlarimiz bor ekan… Lekin biz bilmabmiz, bilolmasdik ham-da! Chunki ko‘zgu singan edi, sindirishgan edi. Endi nima bo‘ladi? Ko‘zguni butlay olamizmi? Yo‘q, chunki ko‘zgu singan kuni o‘quvchining ishonchi ham qo‘shilib singan. Yaqinda bir otaxon gazeta ta’lim tizimining o‘n bir yillikka qaytishi kelajak uchun muhim qadam bo‘lganini yozib, isbotlab berdi. Besh-o‘n yil ilgari “Kollejlar bizning kelajagimiz”, deb yozib, uni ham bot-bot isbotlab turardi. Xalq bu gapning qaysi biriga ishonsin?

Televidenieda ko‘rganmisiz, yoshi saksondan oshgan bir onaxonni zalning o‘rtasiga turg‘azib qo‘yib, tuman prokurori boshchiligida bir zal odam talayapti:

– Xoinning onasi!

– Shunaqa bola tarbiyalaysanmi?!

– Yurtning yuzini erga qaratdi!

– Tumanimizga isnod keltirdi!

Haqoratning chek-chegarasi yo‘q. Bu haqoratlarga onadan boshqa hech kim chiday olmaydi! Ona bolasi uchun chidaydi-da! “Bu sho‘rlik nima qipti?” deng, o‘g‘li Rossiyaga ishlashga ketib, o‘sha yurtlardan Turkiyaga o‘tib ketibdi. Muammo shu, shunga ona aybdor! Yigirma yil oldin uni Turkiyaga o‘tib ketmaydigan qilib tug‘ishi kerak edi.

Endi plastinkani almashtirdik. “Tuman huquq-tartibot idoralari, mahalla faollari bilib-bilmay xato yo‘lga kirib qolgan yoshlarimizni sog‘lom hayotga qaytarish uchun uylariga borib suhbatlar o‘tkazishyapti. Natijada odamlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi tiklanyapti”. Ayting-chi, zalda qon yutib turgan 80 yoshli o‘sha onaxon bu gaplarni eshitib nimalarni o‘ylayotgan ekan? Televideniening qaysi gapiga ishonsin? Ertaga yana boshqacharoq gap o‘rtaga chiqib qolsa-chi! Demak, ommaviy axborot vositalari ko‘rsatma asosida ishlashni bas qilishi lozim. OAV hukumatning og‘ziga qaramasin, tishlab o‘tirgan mumini tuflab tashlab, o‘zining og‘zini ham ishlatsin! Bugungacha kelayotgan yo‘lini o‘zgartirsin, o‘quvchining ishonchini qozonadigan yo‘lga o‘tsin. Bu yo‘l – mustaqil fikrlash, o‘z SO‘ZI va o‘z FIKRIni ayta olish yo‘li bo‘lsin. Shunda bizning jamiyatimizda ham ShAXSlar paydo bo‘ladi. Shaxslar – millat lokomotivlari! Butun boshli millat kitobxon, ziyoli, buyuk bo‘lib ketishi mumkin emas. Millatning buyukligini ana shu lokomotivlar ko‘rsatadi. Biz shaxslarga yo‘l bermadik. Bolalarimizni shaxs qilib tarbiyalashga intilmadik.

Yoshlarimizdan biri faxriy yorliq olgan ekan, quvonchdan: “Endi qanday yashayman?!” deb izillaydi. Hoy, sening iste’dodingning narxi bitta faxriy yorliqmidi hali?! Bittasi chiqib, “Mamlakatimizda yoshlarga (hatto xotin-qizlarga deganiniyam ko‘p eshitganmiz televizorda) berilayotgan e’tibor dunyoning hech bir davlatida yo‘q”, deydi. Chinozdan nariga o‘tmagan qizaloqning gapini qarang! Chunki u nima qilsin, o‘zining gapi yo‘q, bu gapni qaerdandir eshitib olgan yoki qaysidir ziyolinamo kas biror tadbirda chiqib qolsang aytasan deb atay yodlatgan. Aniq biladi, zararsiz gap! Xullas, umumiy gaplardan, shablon gaplardan, eng muhimi, yolg‘on gaplardan voz kechib, real hayotga qaytish vaqti allaqachon keldi.

Alisher NAZAR

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.