Qidirish uchun yozing

Asosiy

Ketma-ket ikki yil davomida hosilga tayyor g‘allasi olib qo‘yilayotgan nishonlik fermer adolat istamoqda

  Ulashish

Dehqonchilik mashaqqatini yer egasidan yaxshi biladigan kishi bo‘lmasa kerak, nazarimda. Yerga urug‘ qadalgan paytdan boshlab, toki unib chiqqunga qadar bo‘lgan fursat mobaynida dehqon ancha-muncha zahmat chekadi. Eng yomoni — urug‘ ko‘karib, hosilga kirayotgan paytda unga kimdir ega chiqib, dehqon mehnatining rohatiga da’vo qilishi. Bu holat ketma-ket ikki yil davom etsa, dehqon qay ahvolga tushishini tasavvur qilayapsizmi?

Nishon tumanining Do‘stlik MMTP hududida joylashgan “Do‘stlik marjoni” fermer xo‘jaligi rahbari G‘ayrat Turdiyev 4 nafar ishchi xodimlari bilan ana shunday sinovlarni boshidan kechirmoqda. Fermerning adolat izlab bormagan eshigi, murojaat qilmagan mutasaddisi qolmadi hisob. Haqiqat izlab axiri “Qashqadaryo ziyokori” tahririyatiga ham murojaat yo‘lladi.
Murojaatni o‘rganish maqsadida Nishon tumanida bo‘ldik.

G‘ayrat Turdiyev

— 2018 yil ham yerimni tortib olib, “Qulahmedov Jo‘raqobil” fermer xo‘jaligiga qo‘shib berishgandi, — deydi “Do‘stlik marjoni” fermer xo‘jaligi rahbari G‘ayrat Turdiyev. – O‘shanda ham 40 millionlik xarajatlarimga kuyib qolgandim. Hech kim xarajatlarimni qoplab bermagan. Bu yil ham shu ahvol. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi Qarorini asos qilib olib, yana yerimni tortib olishdi. 50 million so‘m xarajatlarimga kuyib qolayapman.

G‘ayrat Turdiyevning aytishicha, uning ixtiyoridagi 38 gektar yer Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9-yanvardagi “Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari er maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin erlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga ko‘ra, 100 gektar kam deya “Qulahmedov Jo‘raqobil” fermer xo‘jaligi ixtiyoriga o‘tkazilgan.

“Do‘stlik marjoni” fermer xo‘jaligining boshqa fermer xo’jaligiga berilgan g’allasi

— Vazirlar Mahkamasi Qaroriga ko‘ra, suv yo‘liga qarab eri 100 gektardan kam bo‘lgan fermer xo‘jaliklarini tugatib, hududdagi 140 ta fermer xo‘jaligi o‘rniga 45 ta fermer xo‘jaligi qoldirildi, — deydi “Do‘stlik” MMTP raisi Bekzod Norqulov. – “Do‘stlik marjoni” fermer xo‘jaligi ham yeri kamligi sabab tugatildi. Qilingan xarajatlariga kuyib qolishi haqida to‘xtalsak, fermer xo‘jaligi shudgor qilingan yerga urug‘ ekib, birinchi suvini berganligi rost. Ammo qilinayotgan xarajatlarning barchasi davlatdan berilayotgan kredit evaziga qoplangan. Agarda qo‘shimcha o‘g‘it sotib olgan bo‘lsa, xarajat qilgan bo‘lishi mumkin. Lekin nega to‘lab berilmaganidan bexabarman. Chunki o‘tgan yili men ishlamaganman.

Bekzod Norqulov

Bekzod Norqulovning aytishicha, asosiy xarajatlar kredit evaziga qoplangach, “Do‘stlik marjoni” fermer xo‘jaligi nomiga olingan kredit endilikda yerga egalik qilayotgan “Qulahmedov Jo‘raqobil” fermer xo‘jaligi nomiga o‘tkaziladi.

— Fermer xo‘jaligimning 25 gektariga ekilgan g‘alla tayyor holatga kelganda yana yerimni tortib olishib, og‘zimdagi oshni o‘zgalarga berishlari qaysi adolat mezonlariga to‘g‘ri keladi, — deydi “Do‘stlik marjoni” fermer xo‘jaligi rahbari. – Bu yil shuncha qilgan xarajatlarimga kuyib qolavermanmi? Shumi adolat?

Ma’lum bo‘lishicha, “Do‘stlik marjoni” fermer xo‘jaligi Nishon tumani hokimining 2015 yil 24-noyabrdagi X-1329/11-sonli qaroriga muvofiq tuzilgan bo‘lib, 38 gektar yer 49 yil muddatga ijaraga berilgan. 2018 yil 5 fevralь kuni esa Xalq deputatlari Nishon tuman Kengashining 2018 yil 2-fevraldagi “Tumanda samarasiz va past rentabellik bilan faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari bilan tuman hokimi o‘rtasida tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish va yer maydonlarini tuman hokimligi zaxira yer fondi hisobiga qaytarish to‘g‘risida”gi qarori asos qilinib, “Do‘stlik marjoni” fermer xo‘jaligi yeri tuman yer zaxira fondiga qaytarilgan. Yerdan 49 yil davomida ijarada foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma bekor qilingan.
— Eng qizig‘i fermer xo‘jaligimga tegishli yer tuman yer zaxira fondiga qaytarilgani haqida 2018 yil mart oyida xabar topayapman, — deydi G‘ayrat Turdiyev. – Men o‘z ishimda davom etayapman, tuman hokimligi esa yerimni tortib olib, zaxira fonidiga qaytarildi deb yonimdagi fermer xo‘jaligiga qo‘shib bergan. Qarabsizki 20 gektar yerga ekkan g‘allamga ham boshqa fermer ega chiqib turibdi.

Ha, fermer ham bunday vaziyatda jim turmadi. Haq-huquqini talab qilib mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildi. Tuman hokimiyu, prokuroridan najot bo‘lmagach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi “eshigini qoqdi”. Natijada 2018 yil 10 avgust kuni Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasidan Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashining o‘sha paytdagi raisi, viloyat hokimi Zafar Ro‘zievga “Do‘stlik marjoni” fermer xo‘jaligiga nisbatan adolatsizlikka yo‘l qo‘yilgani aytilib, Xalq deputatlari Nishon tuman Kengashi qarorini bekor qilish masalasini viloyat Kengashi sessiyasiga qo‘yish tavsiya qilinadi. Oqibatda 2018 yil 24 sentyabr kuni fermer huquqi tiklanib, Xalq deputatlari tuman kengashi qarori asos bo‘lgan tuman hokimi qarori bekor qilinadi va yer egasiga qaytariladi.

“Ko‘kragimga shamol tegdi” — deya mehnat qilishni boshlagan fermer G‘ayrat Turdiyev oktyabr oyida ixtiyoridagi erning 25 gektariga urug‘ qadab, g‘alla parvarish qila boshlaydi.

— Oktyabr oyida urug‘ ekib, agrotexnik tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazdik, sug‘orib g‘allani tayyor holatga olib kelganimizda 2019 yilning yanvarь oyi o‘rtalarida fermer Hasan Aralov kelib yer uning ixtiyoriga o‘tganini aytib, bizni yerdan haydab chiqardi, — deydi “Do‘stlik marjoni” fermer xo‘jaligida suvchi bo‘lib ishlovchi Cho‘lli Usmonov. – Alam qiladigani 2 yildan beri ahvol shu. Har yili asosiy agrotexnik tadbirlar bajarilgach, yer tortib olinib, mehnatimizga kuyib qolayapmiz.

Cho‘lli Usmonov

— Vazirlar Mahkamasining qarorida ham belgilangan talablar bor-ku, agarda fermer xo‘jaligi o‘sha talablarga javob bermasa yeri olib qo‘yilishi belgilangan, — deydi fermer G‘ayrat Turdiyev. – Biz har yili rejani 100 foizdan ortiq qilib bajarib kelganmiz. Va eng qizig‘i, shubhalisi ham ikki yil davomida ham faqat “Qulahmedov Jo‘raqobil” fermer xo‘jaligiga qo‘shib yuborilayotgani. Mayli,qo‘shib yuborishsin faqat xuddi biz kabi o‘zini o‘zi eplayotgan 40-45 gektar yeri bor fermer xo‘jaligiga qo‘shishsin, o‘shanda bitta katta fermer xo‘jaligini tuzaylik.

Vazirlar Mahkamasining Qarorida quyidagi hollarda qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan tuzilgan uzoq muddatli yer ijara shartnomasi bekor qilinishi belgilangan.

1) er uchastkasidan qonun hujjatlarida, ijaraga olish shartnomasida ko‘rsatilgan talablar va qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish shartlari buzilganda hamda maqsadli, samarali va oqilona foydalanilmaganda;
2) er uchastkasini saqlash shartlariga va suvdan foydalanish tartibiga rioya etilmaganda, erning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish chora-tadbirlari ko‘rilmaganda, shuningdek ushbu maqsadlar uchun o‘z mablaѓlarini ajratmaganda;
3) er uchastkalari maydonlari uzoq muddatli er ijara shartnomasida belgilangan o‘lchamlarga nisbatan kamaytirib yuborilganda, sug‘oriladigan maydonlarga asossiz ravishda bino-inshootlar qurilganda yoki boshqa turdagi zarar etkazilganda;
4) qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishlashda agrotexnika tadbirlari o‘z vaqtida amalga oshirilmaganda yoki belgilangan talablarga rioya etilmaganda va normativ kadastr bahosidan past hosil olinganda;
5) davlat xaridi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etkazib berish yuzasidan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari shartlari so‘nggi uch yilda bajarilmaganda, xo‘jalik faoliyati samarasiz yoki past rentabellik bilan yuritilganda;
6) mehnat munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan qonun hujjatlari talablariga rioya etilmaganda, ishchi — xodimlar, shu jumladan fermer xo‘jaligida mehnat qiladigan oila a’zolari, vaqtincha (mavsumiy) yollanadigan fuqarolar uchun mehnat xavfsizligi shartlari ta’minlanmaganda;
7) soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shuningdek etkazib berilgan moddiy-texnika resurslar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganda, so‘nggi uch yil davomida etishtirilgan mahsulotlarni sotishdan tushadigan mablag‘lar bank hisobvaraqlarida aylanishi ta’minlamaganda;
8) fermer xo‘jaligini yuritish uchun er uchastkasini berish bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq tanlovda ko‘rsatilgan mol-mulk, texnika va pul mablag‘lari xo‘jalikning ustav fondiga kiritilmaganda.

Fermer xo‘jaligi rahbari G‘ayrat Turdievning ma’lumot berishicha, fermer xo‘jaligi yuqorida tilga olingan biror bir holatga yo‘l qo‘ymagan. Shunday bo‘lsa-da, uning fermer xo‘jaligi tugatilgan. 25 gektar yerga ekilgan g‘alla parvarishi uchun sarflangan 50 million so‘m esa “tuya qilib yuborilmoqda”.

— Gektariga 300 kilogrammdan sepilgan ammofosni o‘z hisobimdan sotib olganman, — deydi fermer. Mehnatimiz va ammofos uchun qilgan xarajatlarimiz ham ancha pulga borayapti. Minib yurgan mashinamni sotib xarajat qilgandim.Mehnatimizga achinishsa bo‘lardi.

— Vazirlar Mahkamasi Qaroriga ko‘ra amalga oshirilgan optimallashtirish davrida tumandagi mavjud 1300 ta fermer xo‘jaligidan 423 tasi qoldi, — deydi Nishon tumani hokimi Muxtor Hayitmurodov. – Yeri 100 gektardan kam bo‘lgan fermer xo‘jaliklari tugatilib, katta fermer xo‘jaliklariga qo‘shib berilishidan maqsad yerdan unumli foydalanish. Vazirlar Mahkamasi Qarorida ham paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari er uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami 100 gektar bo‘lishi belgilangan.

Muxtor Hayitmurodov “Qashqadaryo ziyokori” muxbirining fermerning g‘alla ekish uchun qilgan xarajatlari qoplab beriladimi degan savoliga shunday javob berdi: “Fermer xo‘jaligining odatda 2 xil xarajati bo‘ladi. Birinchisi urug‘ va yoqilg‘iga sarflanadigan xarajatlar bo‘lib, bu xarajatlar davlat tomonidan ajratilgan kredit evaziga qoplanadi. Ikkinchi xarajat esa fermer o‘z mablag‘i evaziga qo‘shimcha o‘g‘it sotib olgan bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, xarajat albatta qoplanadi.

Tuman hokimi fermerning o‘tgan yili ham xarajatlari qoplab berilmaganligi to‘g‘risidagi iddaosiga javoban o‘sha paytda tumanda rahbarlik qilmaganini va bu borada xabari yo‘qligini aytdi.

— “Do‘stlik marjoni” fermer xo‘jaligining 38 gektar yeri o‘tgan yili olib qo‘yilgach, xarajati nega qoplab berilmaganidan xabarim yo‘q, — deydi Muxtor Hayitmurodov. – Boisi o‘tgan yili iyulь oyidan boshlab hokim sifatida ish boshlagandim. Bu yil qilingan xarajatlari albatta qoplab beriladi. Faqat g‘alla yig‘imidan so‘ng.

Hokim suhbatimiz yakunida “Do‘stlik marjoni” fermer xo‘jaligining o‘tgan yilgi xarajatlari nima sababdan qoplab berilmaganligi haqida mutaxassislar ma’lumot berishini aytdi. Biroq oradan 10 kun vaqt o‘tsa-da, tuman hokimligi bu haqdagi ma’lumotlarni taqdim etmadi.

Tuman hokimi ham MMTP raisi ham fermer qilgan har qanday xarajat qoplab berilishini va’da qilmoqda. Ammo “o‘tgan yilgi xarajatlar nega qoplanmadi?”- degan savolga kelganda esa har ikki mutasaddi ham o‘sha paytda ish olib bormaganini aytib, masaladan bexabarligini izohlayapti.

Fermer ham mehnat qilib, ham ketma-ket ikki yil davomida qilgan xarajatlariga ham kuyib qolaverishi adolatsizlikning eng yuqori cho‘qqisi bo‘lmasmikin? O‘ylaymizki, tez orada bu kabi adolatsizliklar yakun topadi. Biz esa vaziyatni kuzatishda davom etamiz.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.