Qidirish uchun yozing

Mahalliy

Dehqonobodda traktor ag‘darilishi natijasida jabrlangan fuqaroni qutqarish uchun vertolyot chaqirildi

  Ulashish

Joriy yilning 22 aprel kuni FVB navbatchilik qismiga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali tomonidan Dehqonobod tumanida traktor ag‘darilishi natijasida jabrlangan og‘ir ahvoldagi fuqaroga yordam ko‘rsatish zarurligi bo‘yicha murojaat qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro B.M. boshqaruvidagi traktori bilan dala maydoniga ekin ekish vaqtida, surunkali yomg‘ir yog‘ishi ta’siri hamda texnika xavfsizligiga qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida ag‘darilib ketgan.
Natijada, og‘ir tan jarohati olgan B.M Oqqishloq aholisi tomonidan zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatish uchun qishloq vrachlik punktiga olib borilgan. Mutaxassislarning ko‘rigi natijasida, jabrlanganga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish lozimligi aniqlanib, bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga etkazish ehtiyoji yuzaga kelgan. Biroq noqulay ob-havo, yo‘llardagi nosozlik, qolaversa, qishloq va tuman markazi o‘rtasidagi olis masofa tufayli bemorga zudlik bilan yordam ko‘rsatish imkoniyati yo‘q edi.
Shu munosabat bilan, Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining murojaati asosida Janubi-G‘arbiy alohida harbiy okrug tomonidan bemorni evakuatsiya qilish uchun Mudofaa vazirligiga tegishli
MI-171 vertolyoti ajratilib, fuqaro B.M. qutqaruvchilar nazorati ostida Qarshi shahridagi Xonobod aerodromiga etkazilgan.
Bemor aerodrom hududidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga etkazildi. Hozirgi vaqtda bemorga barcha zaruriy ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.