Qidirish uchun yozing

Asosiy

XALQ MUAMMOSIGA SURXONCHA YONDASHUV: murojaatchi ayolga bolalarini qamab qo‘yish bilan tahdid qilgan IIB, bola puli uchun xizmat haqi oluvchi mahalla raisi va jurnalistni ko‘rsa “quyon bo‘ladigan” hokim yordamchisi haqida

  Ulashish

Bundan sal avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida yashovchi ayol turmush sharoitining og‘irligi, 11 yildan beri elektr chirog‘isiz istiqomat qilishayotgani va eng yomoni uning muammosini tumanda hech kim tinglamayotganini bildiradi. Murojaatchi ayol video so‘ngida prezident Shavkat Mirziyoyevga dardini aytish istagi borligini ham ma’lum qiladi. Biroz o‘tib internetga joylangan ikkinchi videoda “chiqish qilgan” murojaatchi ayol bu safar hech qanday muammosi yo‘qligini, hech kimga shikoyat qilmaganini aytadi.

Qisqa fursat ichida ketma-ket tarqalgan videolar bir-biriga teskari ma’lumotni uzatgani uchun aslida gap nimada ekanligini bilish maqsadida “Ziyonews” muxbiri Muzrabot tumanining “Mohiyat” qishlog‘ida bo‘ldi.

Foto: «Ziyonews»

— Meni hech kim eshitmayapti, mahallamiz raisi tinglamayapti, — deydi Muzrabot tumanining “Mohiyat” mahallasida yashovchi Rahbar Zaripova. – Shuning uchun ham bundan bir oy ilgari tuman Xalq qabulxonasiga borib, sharoitim og‘irligini bildirdim. Moddiy yordam berishlarini so‘radim. Ammo hech qanday natija bo‘lmadi.

Ma’lum bo‘lishicha, 11 yildan beri hal bo‘lmay kelayotgan elektr masalasi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videodan so‘ng ijobiy hal etilgan.

Rahbar Zaripovaning bildirishicha, internetda tarqalgan birinchi videoni 4-sektorda ishlovchi xodim bilan kelgan unga notanish fuqaro tarqatgan.

— Haqiqatdan ham elektr tokisiz yashayotgan fuqaroning xonadoniga tok o‘tkazib berdik, — deydi Muzrabot tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Umidulla Hamidov. – 5 ta simyog‘och orqali sim tortib keldik va ulab berdik.

Tuman elektr tarmoqlari korxonasi o’rnatgan simyog’ochlar
Tuman elektr tarmoqlari korxonasi o’rnatgan simyog’och

Umidulla Hamidovning ma’lumot berishicha, ushbu xonadon noqonuniy turar joy bo‘lgani bois ham 11 yil davomida elektr tokisiz yashagan.

Rahbar Zaripova yashovchi uy

— Qo‘shnilarimiz o‘zaro pul yig‘ib, elektr simi tortib kelishgandi, — deydi Rahbar Zaripovaning turmush o‘rtog‘i Shavkat Botirov. – O‘shanda bizga “pul yig‘ayapmiz qo‘shilasizlarmi?” deb kelishdi. Ammo qurbimiz etmagani bois ham qo‘shnilar yig‘ayotgan pulni berolmadik. Va 11 yil davomida “svet”siz yashadik. Baraka topishsin, rahbarlar 10-11 aprel kunlari kelib “svet” o‘rnatib berishdi.

Shavkat Botirov yashab turgan xonadoni haqiqatdan ham kadastr hujjatiga ega emasligini tasdiqlab, ayni kunda hujjatlashtirish ishlarini olib borayotganini bildirdi.

“Ziyonews” muxbiri bilan telefon orqali muloqotga kirishgan tuman elektr tarmoqlari korxonasi mas’uli aholidan tushayotgan murojaatlar juda ko‘pligi, barcha muammolarni hal etishga imkoni yo‘qligidan nolidi.

— Murojaatlar tiqilib yotibdi, — deydi tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Umidulla Hamidov. – Ularning hammasini ham hal etolmayapmiz. 60-70 foiz murojaatlarni hal qilib, qolgan viloyat miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan muammolarni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat Dasturidan chiqqan materiallar orqali hal etilishi haqida ma’lumot berayapmiz. Bu haqda Rahbar Zaripovaga sal avvalroq ma’lumot ham bergandik.

Surishtiruvlarimizdan ma’lum bo‘lishicha, Rahbar Zaripova joriy yilning 2 aprel kuni Xalq qabulxonasiga murojaat qilib, qishloq aholisining ko‘pchiligida elektr toki yo‘qligini aytgan. Bu borada amaliy yordam so‘ragan. Murojaatga javob bergan mas’ul tashkilot — Surxonadaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi AJ rahbari M. Shamsiddinov esa 2019 yil 9-apreldagi javob xatida murojaatchiga aholi manfaatlarini o‘ylab qilgan murojaati naqadar ahamiyatli ekanligini aytsa-da, mazkur muammoni kelgusidagi rejaga kiritishlarini bildirgan. Silliqina qilib, “hozircha imkoniyatimiz yo‘q, agar javobimizdan norozi bo‘lsangiz fuqarolik huquqingizdan foydalanib, boshqa tashkilotlarga murojaat qilishingiz mumkin” — deyishgan. Alal oqibat Rahbar Zaripova muammosi ijtimoiy tarmoq orqali dunyoga jar solingan.

Rahbar Zaripova

Rahbar Zaripova mahalladan berilishi lozim bo‘lgan moddiy yordam masalasida ham to‘xtalar ekan, mahalla raisi odatda 6 oy davomida berib boriladigan bola pulining 1 oyini “xizmat haqi” evaziga olishini aytadi.

— 14 yoshgacha bo‘lgan bola puliga hujjat qilsak, 6 oy davomida moddiy yordam puli yozishsa o‘sha pulning bir oyini mahalla raisining o‘zi oladi, — deydi Rahbar Zaripovaning turmush o‘rtog‘i Shavkat Botirov. – Yo‘qsa moddiy yordam yozishmaydi.

Rahbar Zaripova hamda Shavkat Botirovlar “Ziyonews” muxbirining “Hozirda ish olib borayotgan mahalla raisi sizlardan bir oylik xizmat haqi olib qolganmi degan savolimizga “nafaqat hozirgi rais oldingi raislar ham bir oylik pulni ushlab qolishardi, yo‘qsa pul yozmay sarson qiladi” — deya javob berdi.

Sanobar Xolmurodova

— 6 oy davomida olishimiz kerak bo‘lgan bola pulining bir oyini raisga bermasak, “bu oy yozaman, keyingi oy yozaman” — deb sarson qiladi, — deydi Shavkat Botirov. – Yaqinda shunday bo‘ldi, hujjat taxladim. Rais dekabr oyidan boshlab (2018 yil dekabr oyi nazarda tutilmoqda. tahririyat) pul olasiz dedi. Keyin aytilgan paytiga pul chiqmagach, yangi yildan keyin bordim. Borsam, “fevral oyidan olasiz” — dedi. Keyingi safar esa aprel oyiga ko‘chganini bildirdi. Xullas oladigan bola pulimizning bir oyligini bermasak, bu oy, keyingi oy deb aldab kelishadi.

— Endigina ish boshlagan paytim Rahbar yonimga bordi va sharoiti og‘irligini, uyida “sveti” yo‘qligini aytdi, — deydi “Mohiyat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sanobar Xolmurodova. – Moddiy yordam yozsak, “svet” o‘rnatishini bildirdi. Shunda oilaning ahvolini o‘rganib, 2017 yil dekabrь oyidan boshlab 2018 yil may oyiga qadar bo‘lgan muddat uchun moddiy yordam puli to‘lab berdik. Ammo pulni o‘z ehtiyojiga sarflab yuborib, “svet” o‘rnatishmadi.

Rais Sanobar Xolmurodova Rahbar Zaripova xonadoni haqiqatdan ham moddiy yordam so‘rab 2018 yil ham murojaat qilganini, ammo 2018 yilgi xatlovda oilaning tomorqasi 10 sotixdan ko‘p ekanligi ma’lum bo‘lgach, ushbu xonadonga moddiy yordam puli berilmaganini izohladi.

— Hozirda ularda bir bosh “ona-bola sigir” borligi va tomorqasi 10 sotixdan oshib ketgani bois ham moddiy yordam puli yozmadik, — deydi Sanobar Xolmurodova. – Chunki bu oila daromadi belgilangan mezondan oshib ketyapti. Bu haqda ularga tushuntirdik.

Sanobar Xolmurodovaning ma’lumot berishicha, Rahbar Zaripova 2019 yil mart oyida tuman hokimining xalq qabulxonasidagi qabuliga borganda, hokim yo‘qligi sabab o‘rinbosari Komiljon Salimov huzurida bo‘lgan. Murojaatchi hokim o‘rinbosariga moddiy yordam berilmayotgani haqida bildirgach, tumandan ishchi guruh kelib xonadon ahvolini o‘rgangan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, oila daromadi beligilangan me’yordan ortiq ekani aniqlangan va Rahbar Zaripova xonadoniga moddiy yordam yozilmagan.

— Rahbar Zaripovaning tuman hokimi qabuliga borishidan maqsadi “sveti” masalasini hal etish va simyog‘och so‘rash edi, — deydi mahalla raisi. – Ammo Rahbar o‘sha kuni hokim o‘rinbosariga faqat moddiy yordam berilmayotganini bildirgan. Simyog‘och so‘ramagan.

Rahbar Zaripovaga ko‘ra, internetda tarqalgan videoning birinchisini unga no’malum kimsa olgan bo‘lsa, ikkinchi videoni tuman hokimligida suratga olishgan.

Foto: «Ziyonews»

— Videoni internetga tarqatgan o‘sha noma’lum kimsa “Bog‘i Eram” mahallasida yashovchi Ulug‘bek Murodov ekanligi ma’lum bo‘ldi, — deydi Sanobar Xolmurodova. – Ulug‘bek Murodov ilgari tuman elektr tarmoqlari korxonasida ishlagan ekan. Hozirda esa hech qaerda ishlamaydi. Shunday bo‘lsa-da, Abduqodir ismli 4-sektorda ishlovchi xodim bilan ushbu xonadonga kelib, “biz sizga yordam beramiz” — deb videoga olgan va internetga tarqatgan.

Ma’lum bo‘lishicha, birinchi videoni internetga joylagan Ulug‘bek Murodov shaxsi ma’lum bo‘lgach, “Mohiyat” mahallasi raisi Sanobar Xolmurodova uni mahallasi sha’nini erga urishda ayblab sudga bergan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining 2019 yil 10 apreldagi qaroriga ko‘ra, Ulug‘bek Murodov 5 sutkaga qamalgan.

Jurnalistik surishtiruvlarimiz natijasida ma’lum bo‘lishicha, Ulug‘bek Murodov tasvirga olgan video internetda tarqalgach, Rahbar Zaripova tuman ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan. Undan so‘ng esa tuman hokimligiga olib borilib, o‘sha internetda tarqalgan ikkinchi video syomka qilingan.

Tuman ichki ishlar bo‘limiga mahalla raisi hamrohligida olib borilgan Rahbar Zaripova ichki ishlar bo‘limida unga bosim o‘tkazilgani, qo‘rqitilganini aytib, “Onadan qayta tug‘ilgandek bo‘ldim. Qo‘rqib ketdim, — deydi.

Rahbar Zaripovaning tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borilganini tasdiqlagan mahalla raisi Sanobar Xolmurodova dastlabki suhbat uning ishtirokisiz bo‘lib o‘tganini aytib, unga nisbatan bosim o‘tkazilganidan bexabarligini bildirdi.

“Ziyonews” muxbiri bilan muloqotda bo‘lgan Muzrabot tumani hokimi o‘rinbosari Fotima Normamatova ham video internetda tarqalgach, hududga borish uchun mahalla raisi Sanobar Xolmurodovaga qo‘ng‘iroq qilganini, mahalla raisi esa Rahbar Zaripova bilan birga tuman ichki ishlar bo‘limida ekanligini aytgach, shu zahoti ichki ishlar bo‘limiga etib borganini bildirdi.
“Samarqandning Kattaqo‘rg‘onidagi ichki ishlar xodimi bilan bog‘liq voqeadan so‘ng, juda ogoh bo‘lib qolganimiz bois Rahbar Zaripovaning ichki ishlar bo‘limiga olib kelinganini eshitib, tezda etib bordim, — deydi Fotima Normamatova. – Suhbat mening ishtirokimda olib borildi. Men borgunimga qadar nima gap bo‘lgan bilmayman, ammo mening ishtirokimda tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Bahrom Tursunov olib borgan suhbat mobaynida Rahbar Zaripovaga hech kim bosim o‘tkazgani yo‘q.

Muzrabot tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Bahrom Tursunov Rahbar Zaripovaning o‘ziga bosim o‘tkazilgani haqidagi iddaosini tamoman rad etdi.

Tuman IIB boshlig‘i fuqaro Rahbar Zaripovaning ichki ishlar bo‘limiga chaqirilishini fuqaroning ariza berishi bilan bog‘ladi. Boshliq “Ziyonews” muxbirining “fuqaro Rahbar Zaripovadan qanday ariza tushgan? — degan savoliga uni internetda videosini tarqatib yuborgan fuqaro ustidan shikoyat qilaganini, arizaga ko‘ra fuqaro javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.

Qiziq,“Mohiyat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi videoni internetga tarqatgan fuqaroni men sudga berdim deyotgan bo‘lsa, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Rahbar Zaripova o‘ziga noma’lum kimsa ustidan ichki ishlarga shikoyat qilganini bildirmoqda.

Muammoni o‘rganish uchun 19 aprel kuni Muzrabot tumaniga qilgan safarimiz chog‘ida g‘alati voqealarga ham guvoh bo‘ldik. Dastlab, murojaatchi bilan suhbatimizdan so‘ng, “Mohiyat” mahallasi raisi Sanobar Xolmurodovaga hokimiyatga borishimiz lozimligini aytib, yo‘l ko‘rsatishini iltimos qildik. Bizga yo‘l ko‘rsatishni boshlagan rais avtomobili qorong‘i ko‘chada bir pasda g‘oyib bo‘lgani etmaganidek, tuman hokimligini amallab topganimizda navbatchi tomonidan chaqirib berilgan hokim yordamchisi ham jurnalist ekanligimizni bilgach “navbatchi niqobiga kirib” hech qanday ma’lumot bermay hokimlik binosini tark etdi. To‘g‘rirog‘i, qochib qoldi. Na tuman hokimi va na o‘rinbosarlarini topolmagach, viloyat hokimligi saytida ko‘rsatilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildik. Ma’lum qilishlaricha, Muzrabot tuman hokimi boshchiligidagi barcha o‘rinbosarlar o‘qishga ketgan. (Fotima Normamatova bilan telefon orqali muloqotimizda u kishi ayni paytda ish bilan Qiziriq tumanida ekanligini ma’lum qilgandi. Yana bir o‘rinbosar Shuhrat Azimov ham keyin ko‘rinish berdi.

Rahbar Zaripova xonadonining 11 yillab zulmatda yashashi haqidagi muammo ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyoga jar solingandan keyingina hal etilgani yaxshimas, aslida. Shu paytga qadar mas’ullar eshigini takror-takror qoqqan ayol arz-dodi shunchaki tinglangani va to‘rt qator so‘z bilan buning imkoni yo‘qligi uqtirilgani hudud rahbarlarining fuqaro muammosiga qanchalik darajada mas’uliyat bilan yondashganidan darak bermayaptimikin? O‘sha imkonsiz deyilayotgan muammoning ham echimi bor ekan-ku. Mas’ullar har bir muammoni shu tahlid faqatgina jar solingachgina hal qilish shartmikin?

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.