Qidirish uchun yozing

Madaniyat

Qarshi tumanidagi kollejda o‘quvchilar ishlab chiqargan mahsulotlar daromadidan viloyatda yagona innovatsion kutubxona tashkil etildi

  Ulashish

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi Agrosanoat kasb-hunar kollejida o‘quvchilar o‘z qo‘li bilan ishlab chiqargan 24 turdagi tayyor mahsulotlardan tushgan daromad evaziga viloyatda yagona bo‘lgan innovatsion kutubxona tashkil etildi. Bu haqda kutubxona ochilishida ishtirok etgan “Qashqadaryo ziyokori” muxbiri ma’lum qilmoqda.

Foto: «Ziyonews»

Tadbirda ishtirok etgan tuman hokimligi, kollejlar boshqarmasi va jamoatchilik kutubxonaga 400 dan ortiq elektron va 500 ga yaqin badiiy kitoblar sovg‘a qildi.
— Tumanda joylashgan mazkur kollej rahbariyatidan chiqqan bunday tashabbus bizni quvontirdi, — deydi tuman hokimligi vakili G‘ayrat Ergashev. – Tumanimiz hokimi kollej rahbariyatining bu xayrli ishini davom ettirgan holda, kutubxonaga 100 ta badiiy kitob sovg‘a qildi. Nasib etsa hali yana badiiy kitoblar etkazib berishni rejalashtirganmiz”.

— Shunga yaqin tashabbus Yakkabog‘dagi kollejda ham kuzatilgan edi, — deydi kasb-hunar kolleji direktorlaridan biri Shuhrat Abdurahmonov. – Ammo bunday imkoniyat va g‘oya haligacha qilinmagan. Qolaversa bu kollejdagi kutubxona o‘quvchilar mehnati ortidan kelgan daromad evaziga barpo etilgani ham ahamiyatli. Shu jihatdan olib qaralganda viloyatda yagona bo‘lgan mazkur innovatsion kutubxonaga o‘z hissamizni qo‘shish maqsadida elektron shakldagi va badiiy kitoblar jamlanmasini sovg‘a qildik. Va nasib etsa biz ham kollejimizda shunday kutubxona tashkil etishni niyat qildik.

Foto: «Ziyonews»

Tadbirda ishtirok etgan viloyatdagi kasb-hunar kolleji kutubxonachilari ham kasb-hunar kollejlarida bu kabi innovatsion kutubxonalar ko‘payishidan umidvor ekanligini ta’kidlagan holda barcha kasb-hunar kolleji direktorlari bu kabi xayrli amaldan o‘rnak olishi maqsadga muvofiq ekanligini aytishdi.
— Viloyatdagi barcha kollej rahbarlari bu tashabbusdan o‘rnak olsa arziydi, — deydi tadbirda ishtirok etgan kollej kutubxonachilaridan biri Zamira Porsieva. – Kitobxon uchun juda qulay va imkoniyati keng bu kabi innovatsion kutubxonalar soni ko‘paysa nur ustiga nur bo‘lardi.
Kutubxonachilardan yana biri Dilfuza To‘raeva kutubxona dizayni a’lo darajada ekanligini aytar ekan, hudud aholisi uchun biroz tor ekanligini qo‘shimcha qildi.
— Kutubxona dizayni juda yaxshi, ammo “Hilol” qishlog‘i aholisi ko‘pchilikni tashkil etishini inobatga olib, kutubbxonani biroz kengroq qilishganda yanayam yaxshi bo‘lardi.
Kutubxona ochilishi marosimida ma’lum qilinishicha, mazkur kutubxona kollej o‘quvchilari o‘z mehnati bilan ishlab chiqargan mahsulotlardan kelib tushgan daromad evaziga barpo etilgan. Kollej rahbari Muzaffar Abbosovning ma’lumot berishicha, kollej o‘quvchilari ayni kunda 24 turdagi tayyor kiyim-kechak mahsulotlari, eshik, deraza romlari va katta darvozalar ishlab chiqarish evaziga oyiga 10 million daromad qiladi. Hozirgi vaqtda kollej viloyatdagi 4 ta YaTT bilan doimiy shartnomaga ega bo‘lib, buyurtmachilarga tayyor mahsulotlar etkazib beradi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.