Qidirish uchun yozing

Voqea

PSIXOLOGGA MUHTOJ PSIXOLOGLAR (hajv)

  Ulashish

Marhum qiziqchi Hojiboy Tojiboevning atom bombalari haqidagi latifasini hammamiz bilamiz. Ya’ni atom bomba tushganda nima qilish kerakligini ko‘rsatib qo‘ygan qo‘llanmalarning real hayotga umuman mos kelmasligi kulgi ostiga olingan. Psixolog maslahatlari ham shunday ekan.

O‘zbek psixologlariga ishingiz tushganmi hech? Ular asabiy odamlarni tinchlantirishi kerak aslida, lekin ularning maslahatlarini eshitib, tepa sochingiz tikka bo‘ladi (agar soch bo‘lsa). Keling, bir qator misollar keltirsak.

Psixologlarga eng ko‘p oilaviy mojarolar tufayli murojaat qilishar ekan. Shunisidan boshlaymiz biz ham. Deylik, xotiningiz bilan har kuni janjal qilasiz, hech chiqisholmaysiz. Shunda doktor (yoki mahalladagilar) psixologga borishni maslahat berdi. (Bunaqa maslahat berganni o‘sha joyning o‘zida gapirolmaydigan qilib qo‘yadi ba’zi erlar.)

Psixolog oldiga keldingiz. U sizlarning dardingizni eshitgach, «qimmatli» maslahatlarini berishga tushadi. Masalan, qanday, deysizmi?

1. «Eringiz sizni urayotganda mavjlanib turgan cheksiz ummonlar haqida o‘ylang». Tasavvur qiling, er qoni qaynab turibdi, siz esa xayolingizda okeanda suzib yuribsiz. Nima bo‘ladi? Albatta, ko‘zingizdan yulduzlar chaqnaydi.

2. «Uyda janjal boshlansa, og‘zingizga qurut yoki konfet solib oling». Shu orqali eringizning kaltaklaridan o‘zingizni chalg‘itishingiz mumkin ekan…

3. «Qaynonangiz bilan janjal boshlansa, darrov oq qog‘ozga tabiat manzaralarini chizishni boshlang». Tasavvur qilyapsizmi, qaynona qilich yalang‘ochlab tursayu, siz rasm chizsangiz. Shu payt er kelib qolsa, oq qog‘ozga o‘zingizning rasmingiz tushadi.

4. «Eringiz sizni urayotgan bo‘lsa, ko‘chaga chiqib keting, mashinada aylanib keling». E yashang! Birinchidan, er urgandan keyin ko‘chaga chiqib bo‘lmaydi. Ikkinchidan, kaltak egan paytda rulga o‘tirmagan ma’qul. Uchinchidan, er urayotgan paytda shart ko‘chaga chiqib ketsangiz, qaytib kirolmasligingiz aniqliginiyam bilasiz.

Xullas, bunaqa misollar ko‘p. Tinchlanish uchun psixolog oldiga borgan odam battar asabiylashib, psixologning sochini bittalab yulishni istab qoladi (agar sochi bo‘lsa).

Yovqur Jayron

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.