Qidirish uchun yozing

Mahalliy

Maktablarda nima sababdan ota-onalardan pul yig‘iladi? Xalq ta’limi vaziri izoh berdi

  Ulashish

Bugun, 26-mart kuni O‘zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ishtirokida “O‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimlari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar beryapti “Daryo”.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarda ota-onalardan pul yig‘ilish holatlari sabablariga izoh berdi.

Maktablarda pul yig‘ish odatiy holga kelib qolgan edi. Nega? Sababi pul ajratilmaganidan keyin ‘Hamma narsani o‘zing hal qilasan’, degan prinsipga o‘tib qolingan edi.

Dunyodagi moliyaviy ahvoli yaxshi maktablarda nima qilinadi? Maktabning infratuzilmasi uchun mahalliy hokimiyat organlari javobgar bo‘ladi. O‘qituvchining vazifasi faqat dars o‘tish bo‘ladi.

Bizda shuncha yil nima bo‘lgan? Mahalliy hokimiyatga deb tashlab qo‘yilgan. Maktab ta’mirini mahalliy hokimiyat qilsin, deyilgan. Lekin mahalliy hokimiyatga pul ajratilmagan. Pul bermagandan keyin nima qiladi, bechoralar?

Keyin maktabga komissiya kelib, ‘Mana bu yerdagi pardang yomon ekan, almashtir, partang singan ekan, tuzatib qo‘y’, deydi. O‘qituvchi nima qilsin, tuzatishga moliyaviy manbasi yo‘q. Keyin mana shunaqa pul yig‘ishlar odat tusiga kirib qolgan. Shuning uchun biz davlat sifatida hamma sharoitni yaratib qo‘yishimiz kerak. Maktab o‘qituvchisini pul yig‘adigan darajaga olib kelib qo‘yishimiz kerak emas.

Buning uchun davlat budjetidan ham, mahalliy budjetdan ham qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi kerak. Agar hamma sharoiti bo‘la turib, pul yig‘ayotgan bo‘lsa, bu firibgarlik bo‘ladi. Men hech kimni oqlash niyatida emasman, pul yig‘ilishi sababini tushuntirib beryapman. Chunki men yangi kelgan sohamning ichiga kirib o‘rganishga harakat qildim-da.

Ana endi, pul yig‘ishga boshqa sabablar ham bor edi. Masalan, majburiy mehnat: ko‘cha supurishga, paxta terishga olib chiqayotgandik. Bu ishlarga o‘qituvchi o‘zi bormaydi, odam yollab, jo‘natib, yonidan pul to‘laydi. Bu degani yana pul yig‘ish kerak. Yoki majburiy obuna masalasi. 20 taga gazetaga obuna bo‘lish kerakmi? Uniyam o‘zi qila olmaydiku, yana pul yig‘iladi. Shu narsalarga barham berganimizdan keyin pul yig‘ish holatlari ancha kamaydi.

Sherzod Shermatov, O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri

Ma’lumot uchun, 2018-yilning avgust oyida o‘tkazilgan Xalqaro press klubning “Maktab ta‘limi: islohotlarning yangi bosqichidagi muhim o‘zgarishlar va muammolar tahlili” mavzusidagi sessiyasida ham maktablardagi sinf va maktab fondiga pul yig‘ish holatlari haqida so‘z borgan edi.

Sherzod Shermatov o‘shanda holatni quyidagicha izohlagan edi:

“Hozir men sentabrdan boshlab hech qaysi maktabda pul yig‘ilmaydi, desam yolg‘onchiga aylanib qolaman. Maktab o‘qituvchilarining oyligi oshirildi, kelgusida maktablarni rivojlantirish uchun investorlar jalb etiladi, majburiy obuna tizimi bekor qilindi. Viloyat hokimliklari ham maktablarni ta’mirlash uchun imkon qadar ko‘mak bermoqda.

Maktablarda pul yig‘-yig‘larning ko‘pligi sabablaridan biri tekshiruvlarning ko‘pligi. 207 ming marta tekshiruv bo‘lgan ekan maktablarning hammasida. Har bir tekshiruvchi bu xarajat degani. Hech bo‘lmaganida ularning tushligi o‘qituvchilarning zimmasiga tushadi. Majburiy obuna, ko‘chani obodonlashtirish ham bu illatning ko‘payishiga sabab bo‘lgan. Bosqichma-bosqich bu narsa kamayib, oxiri yo‘q bo‘lishi kerak”.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.