Qidirish uchun yozing

Asosiy ZiyoNews.uz surishtiruvi

G‘uzorda 1972 yilda qurilgan shiypon-maktabda o‘qiyotgan o‘quvchilar ilon yoki chayon chaqishidan cho‘chimoqda

  Ulashish

“Qashqadaryo ziyokori” tahririyatiga yo‘llangan galdagi murojaat va unga ilova qilingan surat e’tiborimizni tortmay qolmadi, albatta. Muallif murojaatiga ilova qilingan tuman markazidan chekka hududda joylashgan “Mo‘minobod” qishlog‘idagi 21-umumta’lim maktabining filiali tasvirlangan fotosuratlarda bino juda qarovsiz holatda ekanligi ko‘rinib turardi. Maktabligi aytilgan tashlandiq bino yonida esa kurkalarning bemalol sayr qilishi maktab atorofining o‘ralmaganidan dalolat berardi.

Foto: «Ziyonews.uz»

 Holatni o‘rganish maqsadida G‘uzor tumanining “Mo‘minobod” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Mo‘minobod” qishlog‘ida bo‘ldik.

Foto: «Ziyonews.uz»

“12 yildan beri ushbu dargohda dars berib kelaman, — deydi filial o‘qituvchisi Mo‘tabar Ravshanova. – Sinfxonalarimizni har yili ta’til paytida o‘zimiz ta’mirlaymiz. Loysuvoq qildiramiz, ohaklaymiz. Barchasi o‘z kuchimiz va mablag‘imiz evaziga bo‘ladi. Ba’zan uydagilarga iltimos qilamiz, ba’zan esa oyligimizdan orttirib ishchi yollaymiz.

Mo‘tabar Ravshanova.
Foto: «Ziyonews.uz»

O‘qituvchining qo‘shimcha qilishicha, sinfxonalar juda tor va yurish uchun noqulay. Qish fasli, ayniqsa yog‘ingarchilik paytida tomdan chakki o‘tib dars o‘tishga xalal beradi. Eng yomoni sinfxona devorlariyu, shiftining abgorligi eski zamondan qolib ketgan qarovsiz binolarni yodga soladi.
“Sinfxonalarimiz juda tor va noqulay, — deydi Mo‘tabar Ravshanova.- Yomg‘ir va qorli kunlarda hatto sinfxonalar ham loy bo‘lib ketadi. O‘quvchilarimiz oyog‘idan nam o‘tmasligi uchun oyog‘i tagiga taxta qo‘yib o‘tirishga majbur bo‘lishadi.
“16 yildan beri filialning ahvoli shu, — deydi filial o‘qituvchilaridan yana biri Charos Nazarova.- 2003 yildan beri ushbu maktabda dars beraman. Mutasaddilar kelib ko‘rib ketishgan. Ammo o‘zgarish yo‘q. Loygarchilik paytida loyda yurib ham bo‘lmaydi. Maktabga olib keluvchi yo‘llarning abgorligini aytmasak ham bo‘ladi. Axiri xalq pul yig‘ib qo‘ldan kelgancha maktab yoniga keluvchi ko‘chaga shag‘al to‘kdi. Lekin sinfxonalarga kirish joyi va sinfxonalarning o‘zi esa abgor holatda.

Charos Nazarova.
Foto: «Ziyonews.uz»

Suhbatdosh o‘qituvchilarning aytishicha, holatdan tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri yaxshigina xabardor. Ularning ta’kidlashicha, kuni kecha — 6 mart kuni ham mudir filialdan xabar olib ketgan.
“Maktab quramiz deyishganiga ham bir yildan oshdi. Ammo joy masalasi hal bo‘lmayotgan ekan — deydi o‘qituvchilar. – Ota-onalar ko‘rsatgan joy qurilish tashkilotiga, qurilish tashkiloti quraman degan hudud esa ota-onalarga yoqmayotgan ekan. Eshqobilova (tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Risolat Eshqobilova nazarda tutilmoqda) kelib ketdi. Endi bir qarorga kelgan bo‘lsa qurilish ham boshlanib qolar.

Foto: «Ziyonews.uz»

21-maktab direktori Nigora Shernazarovaning ma’lumot berishicha, filialda 41 nafar o‘quvchi tahsil oladi. 2018 yil 28 mart kuni G‘uzor tumanining sobiq hokimi O.Boymirov 21-maktab filiali binosini qayta rekonstruktsiya qilish haqida qaror chiqargan. “Mana endi ish boshlanadi, — deydi maktab direktori tuman hokimi qarorini nazarda tutib. Direktor “Qashqadaryo ziyokori” muxbirining tuman hokimi qarori qabul qilingach, o‘tgan bir yil davomida nima ish qilindi degan savoliga “yangi quriladigan bino joyi belgilab olindi” — deb javob berdi. Qiziq, qaror qabul qilingach yangi qurilajak bino joyini aniqlash uchun bir yil vaqt sarflangan bo‘lsa, binoning o‘zini qurish uchun qancha vaqt talab qilinar ekan?

Foto: «Ziyonews.uz»

G‘uzor tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Risolat Eshqobilovaning masalaga aniqlik kiritishicha, tuman hokimining mazkur qarori shunchaki qog‘ozda qolib ketgan. Filial uchun yangi 120 o‘rinli bino 2019 yil investitsiya dasturiga muvofiq qurilishi rejalashtirilgan. Bino qurilishiga 893 million mablag‘ ajratilgan.

Foto: «Ziyonews.uz»

“Mo‘minobod” qishlog‘ida yashovchi aholi vakillaridan biri Abduvohid Husanov hozirgi kunda kasb-hunar kollejida tahsil oluvchi farzandi ham ayni shu binoda o‘qigan bo‘lib, o‘quv binosida o‘tgan yillar davomida biror marta ham o‘zgarish bo‘lmaganini aytmoqda. Nargiza Arzieva ismli ota-onalardan birining aytishicha, 2 nafar farzandi ushbu filialda tahsil oladi. “Farzandlarimiz har doim so‘rashadi, bizga ham yangi maktab qurib berisharmikin deb? – deydi Narziga Arziyeva. – Nima deb javob berishni bilmaymiz.
Aholi vakillaridan Sharofiddin Ismoilov va Zokir Rajabovlarning ma’lum qilishicha, qurilish tashkiloti yangi quriladigan filial joyini aniqlashtirib olishganini aytib, buni o‘zgartirish imkoni yo‘qligini ta’kidlagan. — Bundan bir necha kun avval tuman hokimi o‘rinbosari ham shu masalada keldi, — deydi Sharofiddin Ismoilov. — Hudud aholisi bilan yangi qurilajak maktab binosi haqida suhbatlashdi. Biz tuman hokimligi vakiliga yangi maktabni barcha uchun qulay bo‘lgan hududda qurishlari lozimligini aytdik.

Foto: «Ziyonews.uz»

Muammoni o‘rganish chog‘ida G‘uzor tuman hokimi o‘rinbosari Ermat Tilayev bilan bog‘lanib, tuman hokimi qarori qabul qilinganiga ham bir yil vaqt bo‘lganligini ammo natija yo‘qligiga sabab nimaligi bilan qiziqdik. Ermat Tilayev hozir ish bilan uzoq hududda yurganligini aytib, bu borada to‘liq ma’lumotga ega emasligini bildirdi.
Qambar bobo Ismoilov aytishicha, filial sifatida foydalanib kelinayotgan bino 1972 yil shiypon sifatida qurilgan bo‘lib, qariyb yarim asrlik bino bugungi kunda bolalar uchun juda xavfli holatga kelib qolgan.
Filial ahvolidan o‘quvchilari orqali xabar topgan to‘garak rahbari Nilufar Samadova “Qashqadaryo ziyokori” muxbiri bilan suhbatda o‘quvchilaridan biri ushbu filial ahvoli haqida unga xabar berib, maktabga olib boruvchi yo‘llarning yomonligiyu, qarovsiz filial binosi o‘quvchilar uchun xavfli ekanligini aytgan.

Nilufar Samadova.
Foto: «Ziyonews.uz»

“Filial sifatida foydalanilayotgan ushbu shiyponda ilon yoki chayon chiqmaydi deb kim kafolat beradi, — deydi muammo haqida “Qashqadaryo ziyokori”ga xabar bergan murojaatchi Nilufar Samadova. – O‘quvchilarimdan biri ushbu holat haqida yozar ekan, etim jimirlab ketdi. “Nahotki, tumanimizda shunday ahvoldagi maktablar ham bo‘lsa deya” — o‘zim kelib ko‘rdim.
“Xudo ko‘rsatmasinu, agar o‘quvchilardan birini gazanda chaqsa tez yordam ham bir soat deganda etib keladi, — deydi Qambar bobo Ismoilov. – Shak-shubhasiz bu bino farzandlarimiz uchun xavfli. Tezda bu masalani yechish kerak.

Qambar bobo Ismoilov.
Foto: «Ziyonews.uz»

Maqolani tayyorlash jarayonida murojaatchi Nilufar Samadova “Qashqadaryo ziyokori” muxbiriga qo‘ng‘iroq qilib, holat o‘rganib ketilgach, 21-maktab mas’ullari filialga kelib holat haqida xabar bergan o‘quvchini izlashganini aytdi. “Menga bu xususida xabar bergan o‘quvchining kim ekanligini aniqlashtirishga harakat qilishyapti, o‘quvchim esa bundan qo‘rqayapti, — deydi Nilufar Samadova. – O‘quvchim kechadan beri qo‘rquvda. “Agar bilishsa, menga yomon munosabatda bo‘lib, tazyiq o‘tkazishadi deyapti o‘quvchim, — deydi Nilufar Samadova.
“Qashqadaryo ziyokori” muxbiri bilan telefon orqali muloqotga kirishgan o‘quvchi, o‘qituvchisi Nilufar Samadovaning gaplari to‘g‘riligini tasdiqlab, barcha “aybdor”ni izlashga tushganini bildirdi. Shuningdek, uning xabar bergani oshkor bo‘lsa, o‘qituvchilari yomon munosabatda bo‘lishidan qo‘rqayotganini ham aytib o‘tdi.

Muammoni o‘rganib qaytar chog‘i, bir yildan beri “maktab quramiz” — deya va’da berib, aholini xotirjam qilib kelgan tuman xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari “Maktab qurilishi mo‘ljal qilingan-ku, bu xususida to‘xtalish kimga kerak endi” – deya bot-bot takrorlashdi. Tez orada muammoga yechim topilishini ham aytishdi. Biz esa har doimgidek muammo va uning yechimi borasida albatta to‘xtalib o‘tishimizni ma’lum qildik.
Demak, mas’ullar va’dasini qay darajada eplashini kutamiz…Mavzuga albatta qaytamiz.

Otabek Qo’ldoshev

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.