Qidirish uchun yozing

Dolzarb

«O‘zbekiston24» tomorqasiga daraxt ekmaganlarni yomonotliq qilib chiqdi

  Ulashish

​»O‘zbekiston24″ telekanalida tomorqachilik madaniyati rukni ostida Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlari misolida reportajlar namoyish etilgan.

Unda qishloqdagi odamlar o‘z yeriga nima ekib-nima ekmayotgani muhokama qilingan (boshqa mavzu qurib qolgan). «Tomorqasidan unumli foydalanganlar» maqtalgan, qarovsiz qoldirganlari TVda namoyish etilib, yomonotliq qilingan (suratda).

Misol uchun, Qashqadaryodagi bir holatda 5 aka-uka yeriga qaramagani qoralanadi. Reportajda aytilishicha, aka-ukalar ishsiz, faqat mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanishadi. «Ammo oyoqlari ostida turgan xazinadan foydalanish o‘rniga kun o‘targa choychaqa topishni afzal bilishadi», deyiladi lavhada.

Keyin uyma-uy yurgan ishchi guruh xodimlari yerdan unumli foydalanish haqida ularga va’z o‘qigan, tushuntirishgan. «Aybdorlar» bosh egib, «bilmagan ekanmiz, endi yerga narsa ekamiz» degandek turishibdi.

Qani bu yerda inson huquqlarining himoyasi?! Qani aybsizlik prezumptsiyasi? O‘zi bunga hojat bormi? Nima jinoyat qilganki, TVga olib chiqilib, tanishlari oldida sharmanda qilinishi kerak?

Bilamiz, bu buyurtma reportaj, qachongacha birovning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘ladi TV jurnalistlari? Qachongacha TVni o‘yinchoq qiladi «tepadagilar»?

Esingizda bo‘lsa, «O‘zbekiston24» kanalidagi Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida jurnalistlar poytaxtdagi bir qator maktablarda o‘qituvchi va o‘quvchilarning formasi haqida ham lavha ko‘rsatilgandi. Unda kalta yubka kiygan, soch o‘stirgan, yuzlarini bo‘yagan o‘quvchilar bilan birga ustoz-murabbiylarning ham formasi namoyish etilgan. Lekin birortasining yuzlari yopilmagan yoki tanimas darajada berkitilmagan. TV jurnalistlari shu tariqa o‘z kasbini suiiste’mol qilgan holda inson huquqlarini poymol etgandi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov OAV vakillarining bu ishini qoralab chiqqandi.

Aybsizlik prezumptsiyasiga amal qilmagan Olimpiya qo‘mitasiga Bosh prokuratura raddiya bergandi yaqinda.

Inson huquqlarini bilmagan bojxonachilar tanqidiy maqolamizdan keyin bunaqa «ishini» yig‘ishtirgandi.

Prezident dekabr oyida «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorni imzolagandi. Ushbu markaz faoliyatida tub o‘zgarishlar bo‘lishini anchadan beri kutayotgandik.

Bu borada Inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidov tugul, ombudsmanimiz Ulug‘bek Muhammadiyev nega ko‘rinmaydi, deb ancha oldin jar solgandik.

Akmal Saidov 2018 yil oktyabrda O‘zbekistonda bolalar va yoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Ombudsman instituti tashkil etilishi haqida aytgandi. Biz bu va’daning ijrosini hamon kutmoqdamiz.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi esa prezident qarori bilan tasdiqlangan dasturga ko‘ra, 2019 yil 1 iyungacha Media-ombudsman lavozimini joriy etish bo‘yicha hujjat loyihasini ishlab chiqishi kerak.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.