Qidirish uchun yozing

Muhim

Xalq ta’limi vaziri 24 mln. so‘mni «spisat» qilgan maktab direktorini ishdan oldi

  Ulashish

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Toshkentdagi 73-maktab ahvolini muhokama qilgan. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha maktab direktori D.Mavlyanova hamda uning 2 nafar o‘rinbosari ishdan olingan. Shuningdek, Toshkent shahar xalq ta’limi Bosh boshqarmasi metodisti D.Toshmuhamedova mazkur maktabni tekshirishga mas’uliyatsizlik bilan bilan yondashgani uchun “hayfsan” berilgan.

Ayni paytda mazkur maktabda vazirlikning audit xizmati tomonidan moliyaviy-xo‘jalik faoliyati tekshirilmoqda.

Xalq ta’limi vazirligining Nazorat-huquqiy xizmati Toshkent shahri, Yakkasaroy tumanidagi 73-maktabida o‘quv jarayonining tashkil etilishi holatini o‘rgangan. O‘rganish jarayonida quyidagi kamchiliklar aniqlangan:

Maktabning 2018-2019 o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi yuzaki amalga oshirilgan. Jumladan, muassasaning elektr tizimi yangi o‘quv yiliga yaroqliligi holati tekshirilmagan, yong‘in xavfsizligi dalolatnomasi tuzilmagan. Yong‘indan xabar beruvchi moslamalar esa umuman ishlamaydi. Maktab hovlisi, bino ichi, yo‘laklar, sport zal hamda majlislar zali yong‘in o‘chirish moslamalari bilan to‘liq ta’minlanmagan.

Umumta’lim muassasaning isitish tizimi yaxshi ishlamasligi, isitish quvurlarining qoplamalari yirtilib, usti ochilib qolganligi bois issiqlik energiyasi ko‘p miqdorda sarflanishi holatlari mavjudligi aniqlangan. Sanuzel talabga javob bermay qolganligi, hojatxona kanalizatsiyasi yaxshi ishlamasligi sabab yuqori qavatlardan pastki qavatlarga suv oqadi.

Oshxona SanPiN norma talablariga umuman javob bermaydi. Ta’lim muassasasi direktori tomonidan bo‘sh turgan bino inshootlari ijaraga berilgan bo‘lsa-da, ijarachilar bilan kommunal to‘lovlar uchun shartnoma tuzilmagan. Shu boisdan ham oxirgi to‘lov 2017 yilda amalga oshirilgan.

Maktab rahbari o‘z vakolati doirasidan chiqib, yuqori tashkilotlardan ruxsat olmasdan 24 mln. so‘mlik asosiy vositalarni o‘zboshimchalik bilan hisobdan chiqargan.

Maktab direktori tomonidan maktab o‘qituvchilarining oylik ish haqidan, mukofot pullaridan ma’lum bir qismi naqd shaklida olib qolinayotgani holati ham aniqlangan.

Joriy yilning 22 fevralida mazkur muassasa Toshkent shahar xalq ta’limi Bosh boshqarmasi tomonidan kompleks o‘rganilgan, ammo nomiga va yuzaki ma’lumotnoma tuzish bilan cheklanilgan.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.