Qidirish uchun yozing

Mahalliy

Militsiya xodimlari ikkinchi guruh nogironini shafqatsizlarcha kaltaklagani rostmi?

  Ulashish

Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi ikkinchi guruh nogironi, 59 yoshli Olim Mustafoyevning gapiga qaraganda, yo‘l patrul xizmati xodimlari uni charm tayoqlar yordamida ayovsiz kaltaklashibdi, — deya xabar bermoqda hordiq.uz sayti. Voqea shu yil 5 mart kuni sodir bo‘libdi va hozirda Olim Mustafoyev tuman markaziy kasalxonasining travmatologiya bo‘limida yotibdi.
— O‘sha kuni men shaxsiy mashinamda bozordan uyga qaytayotgandim, — deydi Olim aka. — Yo‘lning o‘rta chizig‘iga chiqib, rulni chapga burishga tutindim. Shunda orqadan DAN xodimlari yetib kelib meni burilishga qo‘yishmadi. Men baribir chapga burdim. Uyim shundoq yo‘l chetida joylashgan. Mashinani to‘xtatib, pastga tushdim. Militsionerlar ham ortimdan kelishgandi. Ular kela solib meni charm tayoqlar yordamida kaltaklay ketishdi. Keyin militsiya bo‘limiga olib ketishdi. U yerda ham yaxshigina kaltak yedim. Boshlig‘iga aytishdiki, go‘yo meni to‘xtatishganmish-u, buyruqqa bo‘ysunmaganmishman. Kaltaklardan keyin hushimni yo‘qotibman. Ko‘zimni ochganimda kasalxonada yotardim…
Tuman markaziy kasalxonasi vrachi Farhod Tursunov shunday deydi:
— Hozir umuman aytganda, Olim Mustafoyev o‘zini ancha yaxshi his etyapti. Aytishicha, uni militsiya xodimlari kaltaklashibdi. Hujjatlarda ham shu narsa qayd etilgan. Lekin biz bu kabi ishlarga aralashmaymiz. Vazifamiz bemorni davolash. Shuning uchun aytamanki, Olim Mustafoyevni tomografiya tekshiruvidan o‘tkazamiz. Shundan keyin hammasi ravshan bo‘ladi. Ammo bemorning miyasi chayqalganiga shubha yo‘q…
Olim Mustafoyevning farzandlari tuman prokuraturasiga shikoyat arizasi bilan murojaat etishgan. Mustafoyevning o‘zi aytishicha, yaqinda kasalxonaga tergovchi ham kelib ketibdi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.