Qidirish uchun yozing

Sport

“Humo arena»ning ochilishida ishqibozlarni unutilmas shou kutmoqda

  Ulashish

Yana bir necha kundan so‘ng, aniqrog‘i, 15 mart kuni poytaxtimizda o‘zbek sporti tarixida yangi solnoma ochiladi. 2 yil davomida qurilgan muhtasham “Humo” arenasining ochilishi aynan ushbu kunga belgilangan. Bugun mazkur tadbir oldidan matbuot-anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi, O‘zbekiston elektron OAV milliy asotsiatsiyasi, “Humo arena»si qurilishi direktsiyasi rahbariyati va sport jamoatchiligining boshqa vakillari ham ishtirok etishdi.

  • «Xumo arena”si bir so‘z bilan aytganda universal sport inshooti bo‘ladi. Unda nafaqat xokkey balki, qishki sport turlaridan short-trek, figurali uchish, kyorling, konkida yugurish muz qoplama olib tashlansa, gandbol, basketbol, voleybol, dzyudo, og‘ir atletika, mini-futbol va shu kabi juda ko‘plab sport musobaqalarini qabul qilishimiz mumkin. Yaqin yillar ichida sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari bilan hamkorlikda majmuada Olimpiya o‘yinlariga kiritilgan shunday sport turlari bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlarini qabul qilishni rejalashtirganmiz, – dedi Jasur Matchanov.

Shuningdek, mutasaddilar anjuman davomida jurnalistlar va tadbirga yig‘ilganlarning savollariga javob berishdi. Tabiiyki, ko‘pchilikni qiziqtirgan savol ochilish marosimining qanday stsenariy asosida o‘tkazilishi bo‘ldi.

  • Ochilish marosimi sport muxlislarining yodida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Badiiy qismning o‘zida 2 mingdan oshiq ishtirokchi qatnashadi. Bundan tashqari arenaga 6 mingdan ziyod muxlislar kelishi kutilmoqda. Ochilish marosimida bosh g‘oya san’at va sportni birgalikda uyg‘unlashtirib berishdir. Shuningdek, unda Pavel Bure, Vitaliy Proxorov kabi yaqin o‘tmishimizning xokkey yulduzlari, muz ustida raqs bo‘yicha Turin Olimpiadasi chempioni Tatyana Navka, kontsert dasturida esa Filipp Kirkorov, Nikolay Baskov, Dima Bilan kabi estrada yulduzlari tashrif buyurishadi, – dedi ochilish marosimi tashkilotchisi Madina Tursunova.

“Humo arena»si asosiy va kichik maydonlarga ega bo‘lib, katta musobaqalar uchun mo‘ljallangan qismi 12 500 muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Mazkur sport inshootining ochilish marosimi 15 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.