Qidirish uchun yozing

Muhim

Prezident: Respublikadagi bog’chalar soni 7104 tani tashkil qiladi

  Ulashish

Bugungi kunda O’zbekistonda 7 ming 104 ta maktabgacha ta’lim maskani faoliyat ko‘rsatayotgan ekan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida ma’lum qilindi.
“Keyingi 2 yil davomida 2 ming 211 ta yangi bog‘chalar tashkil etilib, ularga qo‘shimcha 243 ming bola qabul qilindi. Boshqacha aytganda, yurtimizda bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalari bilan qamrab olish darajasi so‘nggi bir yarim yilda 12 foizga oshib, 38 foizni tashkil etmoqda, — deyiladi prezident nutqida.
“Biz yaqin 4-5 yilda yurtimizdagi bog‘cha yoshidagi barcha bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga to‘liq qamrab olish vazifasini o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Bu – bizning ayollarimiz, bolalarimiz oldidagi qarzimiz, kerak bo‘lsa, kelajak oldidagi muqaddas vazifamiz va biz uni albatta ado etamiz.
Yaxshi bilasizlar, men “Bog‘chaga borgan bola bilan bog‘chaga bormagan bolaning o‘rtasida katta farq bor”, degan fikrni, hayotiy haqiqatni takror-takror aytishdan, uni hamma joyda da’vat qilishdan charchamayman. O‘tgan davrdagi ikki yillik tajribamiz va joylarda aholi bilan olib borayotgan muloqotlarimizdan kelib chiqib, ana shu fikrga qo‘shimcha qilib aytmoqchiman: “Bog‘chaga borgan bolaning onasi bilan bog‘chaga bormagan bolaning onasi o‘rtasida ham katta farq bor”. Chunki har kuni tarbiyachilar, pedagog mutaxassislar, psixologlar, tibbiyot xodimlari bilan muloqotda bo‘lib, bolasidagi ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rib, onalarning ham bilimi, hayotiy tajribasi, madaniy saviyasi oshadi. Bolalari bilan birga ular ham ijtimoiy-ma’naviy tarbiya muhitiga, jamiyatga yaqinlashadi, faollashadi. Shularning barchasini hisobga olib, biz maktabgacha ta’lim sohasiga ulkan e’tibor bermoqdamiz.
Bundan avval Qashqadaryoda bog’chalar soni 665 taga yetgani xabar qilingandi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.