Qidirish uchun yozing

Muhim

Vazirlik insofsiz mudiralarga qarshi kurash boshlaganini aytmoqda

  Ulashish

2018-yilning oktabr oyida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasida rejali auditorlik tekshiruvi o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo” xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, ushbu muassasa mudiri D.Yu. audit tekshiruvi natijalarini kutmagan holda o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shagan. Tekshiruv davomida Maktabgacha ta’lim vazirligi auditorlari tomonidan 708 million so‘m miqdorida o‘g‘irlik va noqonuniy sarf-xarajatlar holatlari, shu jumladan:

amalda ishlamaydigan 19 nafar xodimga 592 million so‘mdan ortiq miqdorda ish haqi to‘lash;
17,4 million so‘m miqdorida naqd pul mablag‘larini noqonuniy hisobdan chiqarish;
4 million so‘mdan ortiq summaga oziq-ovqat mahsulotlari kamomadi;
93,9 million so‘mlik go‘sht va sut mahsulotlarini asossiz hisobdan chiqarish holatlari aniqlangan.
2018-yilning 15-noyabr kuni auditorlik tekshiruvi materiallari Bosh prokuraturaga topshirilgan va 26-dekabrda Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Shu bilan birga 2018-yilning 22-oktyabrida Jizzax viloyati Kasaba uyushmasi kengashi D. Yu. ni 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri lavozimiga qayta tiklash yuzasidan sudga da’vo bilan murojaat etgan. 18-dekabrda da’vo qanoatlantirilib, sud tomonidan muassasa mudiriga majburiy progul uchun 3,3 million so‘m va moddiy zarar uchun 600 ming so‘m to‘lab berilishi haqida qaror qabul qilingan.

2019-yilning 14-yanvarida Jizzax viloyati Maktabgacha ta’lim muassasalari boshqarmasi tomonidan ushbu sud qarorini bekor qilish yuzasidan kassatsiya shikoyati taqdim etilgan. 2019-yilning 22-yanvarida 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi mudirini lavozimiga qayta tiklash va unga 3,9 million so‘m to‘lash to‘g‘risidagi qaror bekor qilingan.

“Afsuski, lavozimni sud orqali qayta tiklash keng tarqalgan amaliyot hisoblanadi. O‘z xohishiga ko‘ra yoki tegishli modda bo‘yicha ishdan bo‘shatilgan mudirlar sudda bosim ostida ishdan bo‘shaganini ta’kidlab, avvalgi mansabini qaytarishga harakat qiladilar. Birinchidan, bunday arizalar Maktabgacha ta’lim vazirligiga nisbatan tuhmatdir. Ikkinchidan, biz o‘g‘irlik, korrupsiyaga oid firibgarliklar va boshqa qoidabuzarliklar bilan bolalar hayoti va salomatligini xavf ostiga qo‘yayotgan shaxslar maktabgacha ta’lim tizimiga qaytishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz”, — deydi Maktabgacha ta’lim vazirligi yuridik boshqarmasi boshlig‘i Umida Usmonova.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.