Qidirish uchun yozing

Voqea

O‘zbekistonda ayollar uchun taqiqlangan kasblar ro‘yxati bekor qilinadi

  Ulashish

1-maydan ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qo‘llash bo‘yicha taqiqlar bekor qilinadi. Bu O‘zbekiston Prezidentining xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan. Hujjat 7-mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida qabul qilindi, deb yozadi “Gazeta.uz”.

O‘zbekiston Mehnat kodeksining 225-moddasida mehnat sharoiti noqulay ishlarda, shuningdek yer osti ishlarida ayollar mehnatini qo‘llash taqiqlanadi, yer ostidagi ba’zi ishlar (jismoniy bo‘lmagan ishlar yoki sanitariya va maishiy xizmat ko‘rsatish ishlari) bundan mustasnodir, deya qayd etilgan.

Mazkur ro‘yxat 44 turdagi soha va kasblarni, jumladan kon, neft va gaz qazib olish, qora metallurgiya, qurilish va montaj ishlarini o‘z ichiga oladi.

Hujjatga ko‘ra tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan soha yoki kasblar ro‘yxati tasdiqlanadi.

Qarorda bola parvarishlash ta’tilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga O‘zbekiston Mehnat kodeksining 234-moddasi tartibida qo‘shimcha bir oy nafaqa to‘lanadigan bola parvarishlash ta’tili berilishi belgilandi.

Bundan tashqari, ikki yoshga to‘lmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi.

Hujjat bilan ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasining muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlandi.

Erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bog‘liq ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanadi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.