Qidirish uchun yozing

Asosiy

“Hatto televideniye ham muammoga ko‘z yumdi” Qarshi tumanidagi mahalla aholisini qiynab kelayotgan 3 yillik muammo haqida

  Ulashish

Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumanidagi “Mevazor”mahalla ahlining “Qashqadaryo ziyokori”ga qilgan murojaatiga quloq tutganimizda, aholi 3 yillik muammosi hal bo‘lmayotganidan shikoyat qildi. Mahalla ahlining bildirishicha, hech qaysi mutasaddi tashkilot ushbu hudud aholisi muammosi bilan zarracha ham qiziqmayotgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, hududdagi 9/4, 10/28 ko‘p qavatli uylar yonida joylashgan chiqindixonadan chiqayotgan badbo‘y hid aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
“10 yildan beri shu yerda yashayman, — deydi Mukarram Tagziyeva.

Mukarram Tagziyeva
Foto: Ziyonews

– So‘nggi 3 yil davomida ushbu hududdagi chiqindixonadan chiqayotgan badbo‘y hidga chidab bo‘lmay qoldi. Kelib tozalab ketishadi, ammo chala tozalashgani bois ham badbo‘y hid ketmaydi. Aksincha, battar sasiydi.
Aholi vakillarining aytishicha, chiqindi uchun to‘lovlar MIB xodimlari tomonidan oldindan undiriladi. Ammo chiqindini tozalashga kelganda esa “mas’ullar quyon bo‘ladi”.

Foto: Ziyonews


“Pulni oldindan olishmoqda, ammo chiqindi tozalanmayapti-da, — deydi aholi vakillari “Qashqadaryo ziyokori” muxbiri bilan suhbatda. — Shirkat raisiga aytsak, “menga aytmanglar ana MIBga aytinglar”- deydi. To‘g‘ri, endi chiqindi uchun to‘lovlarni MIB undirayapti. Ammo MIBga aytsak ham foydasi bo‘lmayapti-da. Nima qilishga boshimiz qotdi.
“Chiqindi uchun to‘lovni haqiqatdan ham bugungi kunda MIB undirayapti, — deydi Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi inspektori Gulnoza Dilmurodova. – Ammo bu degani chiqindini ham MIB oladi deganimas. Aholidan chiqindi uchun undirilgan pul mana shu ishga mas’ul tashkilot hisob raqamiga tushadi. Shunday ekan, bu borada o‘sha tashkilotlar mas’uliyatliroq bo‘lishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Murojaatchilarning ma’lum qilishicha, chiqindi uchun oldindan pul undirilayotganiyu, chiqindixona ahvoli o‘nglanmayotgani xususida aholi tuman hokimligi, tuman “Toza hudud” va tuman Sanitariya va epidemialogiya nazorat markazi mutasaddilariga ham murojaat qilgan.
“Tuman hokimligiga yozma ravishda murojaat qildik, — deydi Umida Choriyeva.

Umida Choriyeva
Foto: Ziyonews

– Haligacha na javob berishdi na muammoimizni kelib o‘rganishdi. O‘tgan safar viloyat televideniyesidan ham kelib o‘rganib ketishdi. S’yomka ham qilishdi. Ammo efirga ketmadi. Hatto televideniye ham muammoga ko‘z yumdi.
Mukarram Tagziyeva ham bu borada tuman Sanitariya va epidemiologiya nazorat markaziga, “Toza hudud” korxonasiga murojaat qilganini ammo mas’ullar “chora ko‘ramiz”dan nariga o‘tishmaganini aytmoqda.
“O‘zim bir necha marotaba “sanepidemstantsiya”, “Toza hudud”ga bordim, — deydi Mukarram Tagziyeva. — Muammoni aytdim. Har safar “chora ko‘ramiz” deya takrorlashdan charchashmaydi. Amaliy natija yo‘q.
“Qarshi tumanidagi “Mevazor” mahallasidagi chiqindi bilan bog‘liq muammodan xabarimiz yo‘q ekan, — deydi viloyat ekologiya va atrof muhitni nazorat qilish boshqarmasi huzuridagi Sanitar tozalash xizmatlari tashkil etish markazi rahbari Nurbek Navro‘zov. – Agar murojaat qilishganda bilardik, demak bizga bu borada bildirishmagan.
“Mevazor” mahallasida joylashgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Fazliddin Jo‘rayevning aytishicha, “Toza hudud” ishchilari chiqindini chala olib ketishiga yoqilg‘i borasida muammolarini sabab qilib ko‘rsatishgan.
“Chiqindini olib ketayotgan “Toza hudud” ishchi va haydovchilariga chiqindini tozalab olishlari lozimligini aytganimda yoqilg‘isi kamligini bahona qilib, “keyingi safar olib ketamiz deyishgan”, — deydi shirkat raisi Fazliddin Jo‘rayev.

Shirkat raisi (o’ngda) Fazliddin Jo’rayev
Foto: Ziyonews


Umida Choriyevaning qo‘shimcha qilishicha, ilgari chiqinxona hozir joylashgan manzilidan 10-15 metr narida bo‘lib, “chiqindi muammosini hal etamiz” — deyishib, chiqindixonani hozirgi turgan joyi — “dom”ga yaqinroq hududga ko‘chirishgan.
“Oldin chiqindi to‘kiladigan joyni hamma tomoni ochiq bo‘lgani bois, buzib tashlashib “dom”imizga yaqin joyga ko‘chirishdi, — deydi Umida Choriyeva. — Shirkat raisi esa chiqindi sochilib ketmasin deb, uch tomonini yopib qo‘ydi. Ammo chiqindini tozalab ketishga mas’ul bo‘lganlar har safar uyulib ketgan chiqindilarning ustki tomonini olishib, chala qoldirib ketishadi. Oqibatda esa “chiqindining badbo‘y hididan bahra olib yashayapmiz”.Aholi so‘ziga ko‘ra, chiqindixona yonida ichimlik suvi keladigan suv jo‘mragi bor bo‘lib, chiqindi suvi o‘sha jo‘mrakkacha oqib kelar ekan.

Foto: Ziyonews


“Suv oladigan “kran”imizgacha chiqindi oqib keladi, — deydi Mukarram Tagziyeva. – Shamol tursa, har xil chiqindi qog‘oz va paketlar uchib keladi. Tozalashdan charchaymiz. Shanbaliklar tashkil qilib, tozalashga harakat qilib ko‘rdik, ammo eplolmadik. Boisi, xalta-xalta chiqindi keltirib tashlashgan. Ko‘tara olmadik”.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hududdagi chiqindixona 3 ta ko‘p qavatli uy uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, chiqindixonaga “Mevazor” mahalladagi xonadon ahli ham “Saxtapiyoz” mahalla ahli ham chiqindi tashlaydi.
“Domda yashovchilardan xalta-xalta kul chiqmaydiku, — deydi Umida Choriyeva. – Yarim kechasi kelib tashlab ketishadimi bilmayman, har safar chiqindixonada xalta-xalta “musur” yig‘ilib qoladi.
“Mevazor” mahallasidagi xonadonlarning birida yashovchi Diyor Zohirov ham ushbu ko‘p qavatli uylarning yonidan o‘tishda qiynalishini, chiqindixonadan chiqayotgan badbo‘y hidga chidab bo‘lmasligini, bu ayniqsa yosh bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazayotganini aytmoqda.
“Shu yerdan o‘tishga qiynalaman, — deydi Diyor Zohirov.

Diyor Zohirov
Foto: Ziyonews

– Og‘zi, burnimni yopib o‘taman. Hidiga chidab bo‘lmaydi. Bahor va yoz oylaridagi ahvolni ko‘rsangiz “dod deysiz”. Bundan chiqayotgan hid sal naridagi bolalar o‘yingohida o‘yonayotgan farzandlarimizning sog‘lig‘iga zarar yetkazmasligiga kim kafolat beradi?
70 yoshni qoralagan Gulnora momo Murzatova hamda Musurmon Umarovlar ham ushbu chiqindixona aholi salomatligiga zarar yetkazayotganini, chiqindixona ushbu hududdan ko‘chirilishi yoki binoyidek tozalanishi kerakligini bildirishmoqda.
“Ushbu chiqindixona tozaligini ta’minlash maqsadida bir nafar ishchi jalb qildik, — deydi shirkat raisi Fazliddin Jo‘rayev. – Ammo aholi 1000 so‘mdan berishga ham qiynaldi. Oqibatda ishchiga mehnati uchun pul berish muammo bo‘lib qoldi.
Fazliddin Jo‘rayevning ma’lumot berishicha, o‘tgan yili 86 million mablag‘ evaziga ushbu ko‘p qavatli uylar oldidagi yo‘lak ta’mirlangan, ko‘cha chiroqlari o‘rnatilgan. Hatto “dom” oldida bolalar o‘yingohi ham barpo etilgan.

Kezi kelganda shuni alohida ta’kidlash lozimki, Qarshi shahridagi “Ko‘lbo‘yi” ko‘chasida yashovchi aholi ham “Qashqadaryo ziyokori”ga qilgan murojaatida chiqindilarga 2-3 oy oldindan pul to‘lab qo‘yishgani, biroq chiqindini olib ketishga mas’ul bo‘lgan tashkilotdan 2 oylab darak bo‘lmayotganidan shikoyat qilgan.
Ko‘lbo‘yi aholisining mazkur e’tiroziga javob olish maqsadida mutasaddi tashkilot “Qashqadaryo ekotrans” MChJ rahbari Ulug‘bek Ziyodullayev bilan bog‘lanish uchun qilgan harakatlarimiz zoe ketdi.
Qarshi tumanidagi “Mevazor” mahalla ahli bilan suhbatlashib bo‘lgach, ortga qaytar chog‘i ularning “Sizlar ham muammoimizni eshitib bo‘lgach, jim bo‘lib ketasizlarmi, — deya bergan savoli juda qattiq botdi. Boisi, murojaatchilarda allaqachon nafaqat mutasaddilarga, OAVga nisbatan ham ishonchsizlik paydo bo‘lgan. Shak-shubhasiz o‘sha tuman mutasaddilarining birgina e’tiborsizligi sabab bunga…
Xo‘sh mutasaddilar, bu safar aholini nima deb aldamoqchisiz?


Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.