Qidirish uchun yozing

Asosiy Voqea

Kimyoviy moddani ehtiyotsizligi oqibatida ichib, vafot etgan o‘quvchi haqida yangi tafsilotlar ochiqlandi

  Ulashish

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani O‘qchi qishlog‘ida yashovchi Sardorbek Abdumalikovning fojiali o‘limi haqidagi xabarlar tarqaldi. “Ozodlik”ning yozishicha, marhumga sinfdoshlari karbid ekani gumon qilinayotgan kimyoviy moddani majburlab yuttirishgan. Buni marhumning maktabdoshlari aytgan. O‘zAning iddaosi ko‘ra, S.Abdumalikov o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida halok bo‘lgan. Minbar.uz voqeani o‘rganganda suhbatdosh qo‘shnilar bolaga haqiqatdan ham kimyoviy dori majburlab ichirilgani aytilgan.

Foto: Minbar.uz

– Faqat mening ismimni yozmang, – dedi marhumning qo‘shnilaridan biri. – Hozir hamma bizning qishloqda: ichki ishlar xodimlari, prokuratura, jinoyat qidiruv bo‘limidagilar. Hammasi shu ishni o‘rganayapti. Rostan ham bizning O‘qchi – bog‘dorchilikka ixtisoslashgan qishloq. Yozda olma, o‘rik, qulupnay, gilos rosa pul bo‘ladi. Shundanmi, odamlarning yashash sharoiti ham yaxshi. Kimdir shu bola haqida “karbidni o‘zi ichgan” deyapti, kimdir “unga besh-oltita zo‘ravon bola ichirib qo‘ygan” deyapti. Oilada yagona o‘g‘il edi. Ikkita singlisi bor. Haqiqatan ham unga karbid ichirishgan. Zo‘ravonlarning otalari puldor kishilar, menimcha, ishni “bosti-bosti” qilib yuborishadi. Shunga hammaga “Sardor karbidni o‘zi ichibdi” degan gap tarqatayapti. Sardor shifoxonaga tushganidan keyin ertasigayoq tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri maktabga kelib, o‘qituvchi va o‘quvchilarni yig‘ib katta yig‘ilish o‘tkazdi. Mening qizim ham o‘qituvchi. Ularga bu gap-so‘z tarqab ketmasin, hech kimning og‘zidan chiqmasin deb aytishibdi. Qizimdan aslida nima bo‘lgan ekan desam, “falonchilarning bolalari qilgan-da” deb javob berdi.
Sardorning sinfdoshlaridan biri ham faqat “bilmayman, nima bo‘lganini bilmayman” deyish bilan cheklandi. “O‘zi yuvosh, a’lochi, yaxshi bola edi. Bir qizni sevardi. She’rlar yozardi, maktab kutubxonasidagi barcha kitoblarni o‘qib chiqqandi”, – dedi.
Minbar muxbirining “Balki sevgan qizi uning sevgisini rad etgani uchun o‘z joniga qasd qilgandir” degan savoliga suhbatdosh: “Yo‘q, Sardor yaxshi bola edi, unday yigitlarning sevgisini hech qaysi qiz rad etmaydi” deya javob bergan.
Marhumning ismini ochiqlamasligimizni so‘ragan sinfdoshining aytishicha, Sardor 15 fevralь kuni shifoxonaga tushgan bo‘lsa, 1 mart kuni o‘sha erda vafot etgan. Operatsiyadan so‘ng gapira olmagani uchun sinfdoshlari uning holidan xabar olish uchun borganida o‘rtoqlari bergan savollarga javobni yozib bergan.
– Ximiya faniga juda qiziqardi, juda ko‘p misol va masalalar echardi. Doim qandaydir yangilik qilishga intilardi, – dedi yana bir sinfdoshi. – Uning she’rlari “Bilimdon” jurnalida juda ko‘p chop etilardi. Biz u bilan faxrlanardik. To‘g‘risi, nima bo‘lganini bilmaymiz…
Masalaga yanada oydinlik kiritish uchun O‘zbekiston tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Nafisa Nishonova bilan 17-maktabda ko‘rishdik.
– O‘zimiz ham hali nima bo‘lganini bilmaymiz, – dedi Nafisa Nishonova. – Ekspertiza xulosalari chiqmagan. 15 fevralь kuni olti soat dars o‘tgan, so‘ng uyiga ketgan. Ota-onasi bilan bir kilometrcha uzoqroqqa ko‘chib ketishgan edi. Buvisining uyi maktabga yaqin. U erga ham kirgan o‘sha kuni. “Men siz bilan yashayman, uzoqqa bormayman”, – degan buvisiga. 16 fevralь kuni men shaxsan o‘zim maktabga kelib, o‘quvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdim. Voqea qanday bo‘lganini surishtirdim. Ammo hech kim Sardorbekka zo‘ravonlik qilinganini aytmadi. Agar kimdir uni majburlab og‘ziga karbid solganida ko‘cha-ko‘yda kimdir ko‘rardi, bu haqda boshqalarga aytgan bo‘lardi.
Maktab direktori Abdujabbor Boltaboev bu paytda mehnat ta’tilida bo‘lgan. Ayni kunlarda maktabga vaqtincha Dilshod Isomiddinov direktorlik qilmoqda.
– O‘zimiz ham hayronmiz, hamma joyda maktab o‘quvchisiga maktabdoshlari karbid ichiribdi degan gap yuribdi. Biz o‘quvchilarni ma’naviy-ma’rifiy tarbiyalash borasida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqqanmiz. O‘quvchilarning har biri bilan alohida ish olib boramiz. Hozir bu ish bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar shug‘ullanmoqda.

Foto: Minbar.uz

“Sardor aqlli bola edi, ximiya fanini yaxshi ko‘rardi, – deydi ismini ochiqlamasligimizni so‘ragan marhumning do‘stlaridan biri. – Uning ximiyani bila turib karbid xavfli modda ekanligini bilmasligiga ishonmayman.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari maktabning ximiya laboratoriyasini taftish qilishganida karbid moddasi qog‘ozdagi ro‘yxatda bo‘lgan, ammo moddalar ichida topilmagan.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.