Qidirish uchun yozing

Asosiy

G‘uzorliklar “svet”ga pul to‘lash uchun bir kunlab vaqt sarflayotganidan shikoyat qilmoqda

  Ulashish

“Qashqadaryo ziyokori” tahririyatining telegrammdagi manziliga yuborilgan murojaatlarning birida G‘uzor tuman elektr ta’minoti korxonasi yonidagi uzundan uzoq navbatlar tilga olinadi. Gap isboti bilan deganlaridek, murojaatchi murojaatiga uzoq navbatlar aks etgan fotosuratlarni ham ilova qilgan. Murojaatchi qay darajada haq ekanligini bilish maqsadida G‘uzor tumaniga yo‘l oldik.
25 fevral kuni soat 10:00 da tuman elektr ta’minoti korxonasida bo‘lganimizda, haqiqatdan ham elektr tarmoqlari korxonasi yonidagi darchada chamasi 40-50 nafar kishidan iborat navbat yuzaga kelganligiga guvoh bo‘ldik.

Foto: Ziyonews


Navbatda turgan kishilarni suhbatga chorlaymiz.
“Yil bo‘yi shu ahvol, — deydi tumandagi “Yangihayot” mahallasidan kelgan iste’molchi Nafisa Nosirova.
– Har 20 kun yoki bir oyda pul to‘lash uchun kelaman, biror marta ham navbatsiz ishim bitmagan. Har safar uzundan uzoq navbatda turamiz.

Nafisa Nosirova
Foto: Ziyonews

O‘zini Ulash Qurbonov deya tanishtirgan iste’molchining aytishicha, elektr toki uchun plastik kartochkaga pul to‘lash muammo emas, pochtaning 4-5 nafar kassirlari doimiy ravishda ishlab turishadi.
“Hamma gap “zagruzka”da, — deydi Ulash Qurbonov.

Ulash Qurbonov
Foto: Ziyonews

– Kassaga pul to‘lab qaytganimizdan keyin, pulni “zagruzka” qilish uchun bir kunlab kutgan paytlarimiz bo‘ladi. Har safar shu muammodan aziyat chekamiz. Bu holat 2016 yildan beri bor. Nahotki, rahbarlar shu muammoni hal etish uchun darchaga bitta xodim emas, 2-3 nafar xodim qo‘yish ilojisini qilisholmasa?
Iste’molchilardan yana biri To‘ychi Bo‘ronovning so‘ziga ko‘ra, “zagruzka” uchun kamida bir soat vaqt ketadi. “Ba’zan esa 2-3 soatlab shu erda qolib ketamiz, urush-janjal bo‘ladi, — deydi To‘ychi Bo‘ronov. — Baqir-chaqir, ayollar yosh bolalarini tashlab kelishadi. Shu holatarni elektr ta’minoti korxonasi rahbari ham ko‘rib turibdi-ku. Nega jim turib kuzatmoqda?
“Ilgari xalq pul to‘lamaydi deyishardi, endi xalq pul to‘lash uchun navbatda turibdi, — deydi Ilhom Botirov ismli iste’molchi. – Shunday ekan, xalq uchun ham sharoit yaratish kerak-da. Bor yo‘g‘i bitta “zagruzka” qiladigan joy bor. Soatlab navbatda turib, vaqtimiz behuda ketyapti. “Svet”ga 30 ming so‘m to‘lash uchun bir kun vaqt sarflaymiz.
“Elektr ta’minoti korxonasi rahbariga ham bu haqda aytdik, — deydi Manzura Majidova. – Ammo hech qanday harakat yo‘q. Bizni tinglashmaydi ham. Lekin borib tekshirishni juda yaxshi bilishadi. 4-5 ta “zagruzka” qiladigan joy qilib qo‘yishsin. Muammo bo‘lmaydi.
“To‘langan pulni plastik kartochkaga yuklash uchun navbat yuzaga kelayotgani haqida viloyatga ham bildirganmiz, — deydi G‘uzor tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari Erkin Pardayev.

G‘uzor tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari Erkin Pardayev
Foto: Ziyonews

– Bizda “zagruzka” qiladigan 2 ta uskuna bor edi. Biri kuyib qoldi. Bunga ham ikki oy bo‘ldi.
Erkin Pardayevning aytishicha, tuman elektr ta’minoti korxonasi “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJga 2018 yil 12 noyabr kuni bildirgi bergan. Bildirgida tuman elektr ta’minoti korxonasi G‘uzorda plastik kartochkali hisoblagich o‘rnatgan iste’molchilar soni 12 225 nafarga etganligi ma’lum qilib, navbat yuzaga kelishi aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgani aytilgan va tumanni 2 dona IC KARD “zagruzka” apparati bilan ta’minlash so‘ralgan.

Foto: Ziyonews


Erkin Pardayev “Qashqadaryo ziyokori” muxbirining “Mazkur murojaatga mutasaddi tashkilot qanday javob berdi, muammo qachon bartaraf etilar ekan? — degan savoliga “Javob berishdi, albatta” deyishdan nariga o‘tmadi. Nima deb javob berishgan, muammo qanday bartaraf etiladi bu haqdagi savollarimizga Erkin Pardayevdan tayinli javob ololmadik.
“Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqolari” AJ bilan ushbu masala yuzasidan bog‘langanimizda, telefonga javob bergan xodim rahbariyat tumanlar bilan selektor majlisi o‘tkazayotganini, tez orada ushbu masalaga mas’ul bo‘lgan mutasaddi qo‘ng‘iroq qilib, bu haqda ma’lumot berishini aytdi. Biroq bizga hozircha bu xususida hech kim hech qanday ma’lumot bermadi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.