Qidirish uchun yozing

Asosiy

Dehqonobod tuman hokimligi jin ko‘prikni fosh etgan maqolaga munosabat bildirdi

  Ulashish

Dehqonobod tuman hokimligi, tumanning “Choshtepa” qishlog‘idagi jin ko‘prikni fosh etgan maqolaga munosabat bildirib, maqoladan so‘ng amalga oshirilgan ijobiy ishlar haqida ma’lum qildi. Hokimlik shuningdek, “Ziyonews”ga yo‘llagan munosabat xatida ijobiy o‘zgarishlarni tahririyat jurnalisti o‘z ko‘zi bilan ko‘rib ketishi mumkinligini ham qo‘shimcha qilgan. Taklifga binoan “Ziyonews” muxbiri “Choshtepa”da bo‘ldi.
Obiravon qishloq fuqarolar yig‘iniga kirib borishimiz bilan yo‘l ustidagi ko‘prik yonida qum-shag‘al tashiyotgan 2 ta yuk mashinasi va yo‘lni tekislayotgan “Greder”ga duch keldik.


“Maqoladan so‘ng “Obiravon” QFYga olib kiruvchi, 1978 yilda qurilgan asosiy ko‘prik yonidan o‘tuvchi “Choshtepa” qishlog‘ining bir yarim kilometrlik yo‘lini ta’mirlash ishlarini boshlab yubordik, — deydi tuman hokimi Zoir Aliqulov.

Foto: Ziyonews

– Mazkur yo‘ldan ilgari ham foydalansa bo‘lardi, albatta. Ammo ba’zi joylari talabga javob bermagani uchun aholiga noqulaylik tug‘dirgan. Shuning uchun qishloq markazigacha bo‘lgan masofaga qum-shag‘al yotqizib, tekislab chiqyapmiz. Endi loygarchilik paytida ham bemalol kirib-chiqsa bo‘ladi.
Tuman hokimligining munosabat xatida aholining” “Ziyonews” muxbiriga bergan ma’lumotida tilga olingan qishloqqa olib kiruvchi 3 kilometrlik yo‘l, aslida 1,5 kilometr bo‘lib, “Boyqo‘rg‘on pahlavoni” xususiy korxonasiga tegishli ekin maydonidan o‘tganligi aytiladi.

Foto: Ziyonews

Tuman hokimligiga ko‘ra, mazkur yo‘lni aholi o‘zboshimchalik bilan yo‘l qilib olgan. Aslida qishloqqa olib kiruvchi asosiy yo‘l 1,3 kilometr bo‘lib, hozirda ta’mirlanmoqda.
Qishloqqa ikkinchi marobata qilgan safarimiz chog‘ida tuman hokimligi mutasaddilari qishloqqa olib kiruvchi 2 ta shunday yo‘lni ko‘rsatishdi. Ko‘rgan yo‘llarimizning biri haqiqatdan ham ekin maydonidan o‘tgan bo‘lib, loygarchilik paytida o‘tib bo‘lmas darajaga kelishi ko‘rinib turibdi. Mutasaddilar ko‘rsatgan ikkinchi yo‘l esa o‘sha qum-shag‘al to‘kilib, ta’mirlanayotgan yo‘l ekan.
Kezi kelganda shuni alohida ta’kidlash lozimki, aholi bilan dastlabki muloqotimizda qariyb 50-60 nafar kishi davrasida bo‘lgan bo‘lsak, aqalli biror kishi aytilayotgan yo‘l ekin maydonidan o‘tganligini tilga olmagandi. Hatto Obiravon QFY raisi Abdiolim Yaxshiboyev ham. “O‘shanda aholi ekin maydoni o‘rtasidan o‘tgan yo‘lni nazarda tutayotganini men ham bilmabman” – deydi rais buva.
“Agar ekin maydoni nazarda tutilgan bo‘lsa, ekin maydoniga qum-shag‘al to‘kib, ta’mirlashning imkoni yo‘q, — deydi tuman hokimi Zoir Aliqulov. — Boisi bu yerga g‘alla ekilgan. G‘allani payhon qilib, yo‘l o‘tkazib bo‘lmaydi. Qolaversa, tadbirkor ham bunga izn bermasligi tayin. Ko‘prik yonidagi yo‘l aytilgan bo‘lsa, yo‘l foydalanish uchun bugun shay holatga keltirildi.
Ma’lum bo‘lishicha tuman hokimligi mazkur qishloqdan 63-umumta’lim maktabiga qatnovchi 104 nafar o‘quvchilarning jin ko‘prikdan o‘tib yurishiga chek qo‘yish maqsadida asosiy ko‘prikdan o‘tgan joyda qad rostlagan Sanoat kasb-hunar kollejidan 4 ta sinfxona ajratib, ikki “smena”da o‘qishni yo‘lga qo‘ygan.
“Hozirda 104 nafar o‘quvchilarimiz kollej binosidan ajratilgan sinfxonalarda tahsil olishni boshladi, — deydi 63-umumta’lim maktabi direktori o‘rinbosari Xudoyberdi Ahmedov.

63- maktab direktor o’rinbosari Xudoyberdi Ahmedov
Foto: Ziyonews

– Ilgari 63 nafar o‘quvchilarimiz o‘sha jin ko‘prikdan o‘tib, maktabga borardi. Ayni kunda esa bunga hojat qolmadi.
Tumangaz korxonasi rahbari Normengli To‘laganov bergan ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki maqolada tilga olingan gaz ballon haqidagi muammo, bugungi kunda butkul bartaraf etilgan.

Tumangaz korxonasi rahbari Normengli To’laganov
Foto: Ziyonews

“Mazkur qishloqdagi gaz ballonga ehtiyoji bor 17 ta xonadon 55 litrlik gaz ballonlari bilan ta’minlandi, — deydi tumangaz boshlig‘i Normengli To‘laganov. – Ayni kunda gaz ballonsiz xonadon qolmadi.
“Maqolada rais tuman hokimligi tomonidan tayinlab qo‘yilgan degan gapga javoban shuni ma’lum qilamizki, — deydi tuman hokimi. – Qishloqqa hali hech qanday rais tayinlanmagan. Hujjatlashtirish ishlari davom etmoqda. Nasib etsa qishloq raisi joriy yil may oyida bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlarida aniqlanadi.
Tuman hokimligi aholining transformator masalasidagi e’tirozini ham o‘rganib, qishloqda 60 ta xonadon bo‘lsa-da, hozirda transformatordan 41 ta xo‘jalik tok olishini aniqlagan. Ma’lumotda aytilishicha, qishloqning yuqori qismida yana bitta transformator bo‘lib, 16 ta xo‘jalikni uzluksiz ravishda elektr toki bilan ta’minlab kelar ekan. Tokdagi “o‘ynash”lar esa qish mavsumida aholining elektr pechlaridan foydalanishi bilan bog‘liq ekan.
Munosabat xatida shuningdek, dastlabki maqolada tilga olingan fuqarolarga yer ajratib berilganligi aytilgan. Yer so‘rab kelgan fuqarolar hokim topshirig‘iga ko‘ra qamatilgan degan fikrlarga javoban esa tuman IIB boshlig‘i N.Ismoilov fuqarolar Shamsiddin Po‘latov va Sharif Boypo‘latovlar vaqtinchalik hibsxonada saqlanmaganligini bildirgan.
Munosabatda jamoat ishlariga jalb qilingan 9 nafar ishchiga avgust oyi uchun maosh to‘liq to‘lab berilganligini, sentyabr va oktyabr oylarida esa hech qanday ish bajarilmaganligi sababli ularga ish haqi to‘lanmasligini ma’lum qilishgan.
Tuman hokimligining “Ziyonews”ga qo‘shimcha qilishicha, “Choshtepa”da yashovchi 56 ta xonadon uy-joylari noqonuniy ravishda, arxitektura va qurilish qoidalariga rioya qilinmasdan qurib olinganligi aytiladi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.