Qidirish uchun yozing

Muhim

Joriy yildan abituriyentlarga bir vaqtning o‘zida 3 ta OTMga hujjat topshirish imkoni beriladi. Kelgusida OTMlar soni kengaytirilishi mumkin

  Ulashish

23-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining press-xolida “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar berdi Daryo.uz.
Ushbu qaror 2019-yilning 15-fevral kuni jamoatchilik muhokamasiga taqdim etish uchun “Regulation.gov.uz” portaliga joylashtirildi.
Tadbirda ishtirok etgan Davlat test markazi direktori Majid Karimov qaror loyihasining mazmun-mohiyatini tushuntirdi hamda kutilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.
2019—2020-o‘quv yili qabulida ham 2018-yildagi tajribani davom ettirgan holda test sinovlari jarayonida yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar va qulayliklar yaratish maqsadida qaror loyihasida quyidagi takliflar taqdim etilmoqda.
Birinchidan, abituriyentlar va ularning ota-onalari tomonidan ortiqcha ovoragarchiliklar va xarajatlarning oldini olish maqsadida ularning yashab turgan manzilida Davlat xizmatlari markazlari orqali ro‘yxatga olish, abituriyent tomonidan tanlanayotgan ta’lim muassasasining joylashgan hududidan qat’i nazar, o‘zi yashab turgan hududda test sinovlarida ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.
Ikkinchidan, abituriyentlarning o‘qishga kirish imkoniyatini yanada oshirish maqsadida ularga bir vaqtning o‘zida uchta bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlash huquqi berilmoqda.
Jurnalistlarning “Nega aynan uchta, bu abituriyentning imkoniyatini cheklash emasmi?” degan savoliga DTM boshqarma boshlig‘i Sevar Zufarxo‘jayeva quyidagicha javob berdi:
“O‘tgan yil bilan solishtirilganida bu holat cheklash emas, aksincha abituriyentlarga imkoniyat yaratish hisoblanadi. Uchta OTMni tanlash huquqi sinov asosida yo‘lga qo‘yiladi. Kelgusida balki abituriyentlarga tanlash imkonini beruvchi OTMlar soni kengayishi mumkin”.
Abituriyentlarga yanada keng imkoniyat – ularga amal qilish muddati uch yil bo‘lgan sertifikat beriladi. Sertifikatdan ular uch yil davomida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun foydalanish mumkin bo‘ladi.
Uchinchidan, joriy yilda maktab, litsey va kollejlarni bitirgan yigit-qizlar uchun test sinovlari mutlaqo bepul, hech qanday to‘lovlarsiz o‘tkazilishi tartibi saqlanib qolinmoqda. Shu bilan birga, o‘tgan yil va undan oldingi davrda o‘qishni tugatgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining bir barobari miqdorida to‘lovni amalga oshirish tartibi taklif qilinmoqda.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.