Qidirish uchun yozing

Asosiy

Qamashi don ishchilari rahbarini adolatsizlikda ayblashmoqda

  Ulashish

“Qashqadaryo ziyokori” tahririyatiga yo‘llangan galdagi murojaatda “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi “Qamashi don qabul qilish” MChJ korxonasi xodimlari, korxonaning ayni paytdagi rahbari Erkin Ergashev ishchi-xodimlarni sababsiz ishdan bo‘shatayotgani xususida yozadi. Murojaatchilarning bildirishicha, korxona bosh ofisi ham yakkabog‘lik rahbar tashabbusi bilan Qamashidan Yakkabog‘ tumaniga ko‘chirilgach, har yili tuman byudjetiga tushayotgan 5 milliardga yaqin mablag‘ ham Yakkabog‘ tuman byudjetiga o‘tib ketayotgan emish…
Korxona ishchilari bilan suhbatlashish maqsadida “Qamashi don qabul qilish” MChJ korxonasida bo‘ldik.

Foto: Ziyonews


35 yillik mehnat “puf sassiq”qa chiqayapti…

O‘zini ish boshqaruvchi Shavkat Xushvaqtov deya tanishtirgan suhbatdosh ushbu dargohda 28 yildan beri ishlab kelayotganligini, ayni paytdagi rahbar Erkin Ergashev esa 28 yillik mehnatini yo‘qqa chiqarayotganini iddao qilmoqda.
“28 yillik umrim shu yerda o‘tdi, — deydi Shavkat Xushvaqtov. – Shu ishim bilan oila boqdim. Farzand ulg‘aytirdim. Ularni o‘qitayapman. Endi-chi? Endi 28 yillik mehnatimni bir kunda yo‘qqa chiqarishmoqchi. Rahbarimizga oila boquvchisi ekanligimizni tushuntirayapmiz. 8 nafar ishchi xodim bo‘lsak, 4 kishidan almashib, o‘z hisobimizdan ta’til olaylik. Keyin yana qaytib, ishimizni davom ettiraveramiz degan taklifni ham bildirdik. Ammo foydasi bo‘lmayapti. Eng yomoni 35 yillab shu dargohda ishlagan, erta-indin pensiyaga chiqaman deb yurgan kishilar ham “puf sassiq”qa chiqayapti.

Shavkat Xushvaqtov va Otabek Bo’tayev
Foto: Ziyonews

“1985-yildan beri shu korxonada ishlayman, — deydi Bahriddin G‘oyipov. – Nasib etsa 2-3 yilda pensiyaga chiqishim kerak edi. Menga ham ogohlantirish xati berishdi. Mart oyining boshiga qadar boshqa ish topishga harakat qilishim lozimligini aytishmoqda. Yakkabog‘lik rahbarimiz bizni ishdan bo‘shatib, Yakkabog‘ tumanidan ishchi olib kelib ishlatar ekan. Agar hozir ishdan bo‘shatishsa, shuncha yillik mehnatim nima bo‘ladi?

Agar sizlarni bo‘shatmasam, mening o‘zimni bo‘shatishadi…

Korxona ishchilarining shikoyat qilishicha, Erkin Ergashev 2017 yil dekabr oyida ishga kelgan bo‘lsa, ertasi kuniyoq 17 nafar ishchi xodimni ishdan bo‘shatgan. “Rahbarimiz ishga kelgan kunidan boshlab, ishchilarni bo‘shatishga harakat qilib keladi, — deydi ishchilar. Suhbatdoshlarning aytishicha, korxona rahbari doimiy ishchilarni ishdan bo‘shatib, mavsumiy ishchi sifatida ishga jalb qilishni maqsad qilgan.
“Agar doimiy ish o‘rnimizdan ajralib, mavsumiy ishchi sifatida ishga jalb qilinadigan bo‘lsak, ertaga bizni birov so‘ramaydi, — deydi ishchilar. Korxona ishchisi Otabek Bo‘tayevning ma’lum qilishicha, yaqinda rahbar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda korxona rahbari Erkin Ergashev 15 nafar ishchi xodim: 7 nafar mexanik va 8 nafar ishchi ishdan bo‘shatilishi lozimligini ta’kidlagan. “Agar sizlarni bo‘shatmasam, mening o‘zimni bo‘shatishadi dedi, — deydi Otabek Bo‘tayev va Alisher Qo‘ziyevlar.
Ishchi-xodimlardan yana biri Shavkat Ro‘ziyev ham 35 yildan beri ushbu dargohda mehnat qilib kelayotganini, endi esa qisqartirish sabab ishdan bo‘shatilayotganini aytmoqda.
“Xodimlarni bo‘shatib ko‘chaga haydayotganimiz yo‘q, — deydi “Qamashi don qabul qilish” MChJ korxonasi rahbari Erkin Ergashev.

Korxona rahbari Erkin Ergashev
Foto: Ziyonews

Rahbar sifatida ish boshlagan paytim korxonada ortiqcha ish o‘rinlari juda ko‘p edi. Shu boisdan ham kompaniya rahbariyatidan ortiqcha ish o‘rnini saqlab turmaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berishdi. Shundan kelib chiqqan holda 17 nafar ishchi xodimni bo‘shatdik. Ammo korxonaning Yakkabog‘ tumanidagi bosh ofisida 10 ta yangi ish o‘rni bor. Biz o‘sha ishdan bo‘shatilayotgan xodimlarga mana shu yangi ish o‘rinlarimizni taklif qilayapmiz.
Korxona rahbarining ma’lum qilishicha, ayni paytda “Qamashi don qabul qilish” MChJ korxonasida 165 nafar xodim faoliyat yuritadi. Shundan 43 nafar ishchi-xodim Qamashi tumanidagi eski bosh ofis, hozirda “Qamashi don qabul qilish” maskanida faoliyat yuritsa, qolgan ishchi-xodimlar ayni paytdagi bosh ofis Yakkabog‘da faoliyat olib borishadi. Ammo nom o‘sha-o‘sha “Qamashi don qabul qilish” MChJ.
Ishchilar bo‘shatildi, qorovullar ko‘paytirildi
Erkin Ergashevga ko‘ra, korxona bosh ofisining yuridik manzili Yakkabog‘ tumaniga ko‘chganligi bois, ayni kunda Qamashi tumanigi ofis korxonaning filiali sifatida ish olib bormoqda. “Filialda ish hajmi kamayganligi bois ham ortiqcha ish o‘rinlarini kamaytirib, mavsumiy ishchilar jalb qilishni maqsad qilganmiz, — deydi korxona rahbari. – Ammo mavsumiy ishchi ham o‘sha ishchilarimizning o‘zi bo‘ladi. Boshqa joydan ishchi olib kelish niyatimiz yo‘q.
Tashkilot mutasaddisi mavsum o‘tgach, korxonada ish ketmayotgan paytda 3-4 oylab 15 nafar ishchi-xodimga oylik to‘lash korxona uchun zarar ekanligi ta’kidlamoqda. Suhbat davomida aniqlanishicha, ishchi-xodimlarning ayni kundagi maoshi bir millionga yetadi.
Korxona ishchilari ishdagi qisqarish faqatgina ishchi-xodimlar uchun qo‘llanilayotgani adolatsizlik ekanligini bildirishmoqda. Qorovul Laziz Murtazoyev korxona rahbari ishchi-xodimlarni qisqartishishga harakat qilib, qorovul xodimlarni ko‘paytirishga harakat qilayotganida mantiq ko‘rmayotganini aytmoqda.
“Ilgari 3 nafar qorovul edik, — deydi korxona qorovuli Laziz Murtazoyev. — Ishchi-xodimlarni qisqartirib, qorovullarni ko‘paytirishayapti. Rahbarimiz tanish-bilishlaridan iborat 4 nafar mavsumiy qorovul ishchini olib kelib, asosiy kirish-chiqish eshigiga ularni qo‘ydi. Bizni esa “ichkaridagi texnikalarni qo‘riqlang”- deb ichkariga kiritib qo‘yishdi. Ichkarida bekor yuramiz. Hayronman nega bunday mantiqsizlik qilishayotganidan.

Korxona rahbari o‘z tanishlarini ishga joylashtirayapti

Korxona ishchilarining qo‘shimcha qilishicha, ilgari mavsum paytida korxonada 30-35 nafar kishi mehnat qilgan. “Barcha xodimlar ikki “smena”ga bo‘linib, g‘allani qabul qilardik, — deydi Shavkat Xushvaqtov. — O‘tgan yilgi mavsumda esa 14 kishi o‘sha paytda 35 nafar ishchi xodim bajaradigan ishni bajardik. Hamma o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi. O‘sha paytda raisga kirib aytdik, “qo‘shimcha ishchi kuchi kerak” deb, ammo “o‘zinglar eplaysizlar” — deya ishchi olmadi.
Shavkat Xushvaqtovning iddaosiga ko‘ra, korxona rahbarining qarindoshlari deya tahmin qilinayotgan Azizbek Rajabov hamda Nurbek Ibragimovlar barcha xodimlar ko‘z o‘ngida korxonadan bo‘shatilgan ishchi xodimlar sifatida ketib, Yakkabog‘da doimiy ish bilan ta’minlangan.
7 nafar mexanik va 8 nafar ishchi-xodimlarning ma’lum qilishicha, korxonadagi texnikalarning eng yangisi 1985 yilda ishlab chiqarilgan texnikalar bo‘lib, bugungi kun talabiga javob bermaydi.

Foto: Ziyonews

“Shu sababdan ham barcha ishni qo‘lda bajarishga majbur bo‘lamiz, — deydi ishchilar.
“Eng yomoni texnika bilan ishlashda xavfsizlik qoidalariga amal qilishga harakat qilamiz desak ham buning sira imkoni yo‘q, — deydi korxona ishchisi Alisher Qo‘ziyev. – Boisi, maxsus kiyim berishmaydi. So‘rasak, har xil bahonalarni aytishadi. Odatda har olti oyda maxsus kiyim olishimiz kerak. Lekin afsuski, bizga umuman kiyim berishmaydi. Xudo ko‘rsatmasinu, o‘zimizning xavfsizlik qoidalariga javob bermaydigan kiyimlarimiz bilan ishlayotgan paytimiz kiyimimiz eski texnikaga ilinib qolsa, kimdir yordamga kelguncha bo‘larimiz bo‘ladi-ku.

Alisher Qo’ziyev
Foto: Ziyonews


Korxona rahbari “Qashqadaryo ziyokori” muxbirining oxirgi marotaba keltirilgan yangi texnikalar qaysi yili olib kelinganligi to‘g‘risidagi savoliga yangi rahbar bo‘lganligi sabab ham oxirgi marotaba keltirilgan texnikalar qaysi yili olib kelinganligi aniq aytolmasligini bildirdi. Ammo ishchilarning maxsus kiyim berilmayotganligi xususidagi iddaolarini rad etdi. Har olti oy, biryilda ishchilarga maxsus kiyim berilishini bildirdi. Ishchilarning maxsus kiyim olganligini isbotlovchi biror bir hujjat taqdim etishlarini so‘raganimizda, “beramiz”- deyishdi. Ammo belgilangan fursat o‘tsa-da, bunday hujjat taqdim qilishmadi.

Korxona bosh ofisi nega Yakkabog‘ga ko‘chirildi?

Korxona mexanigi Bahriddin G‘oyipovning shikoyat qilishicha rahbar, xodimning 15 yil muddatga ish haqi hisobidan uy olish uchun olgan kreditining qolgan 23 millionini tez fursatda — mart oyiga qadar to‘lashi lozimligini talab qilayotgan ekan. Yo‘qsa, ishdan bo‘shatishini bildirgan.
“23 millionni birdan to‘lab bering” — degan talabni qo‘ymaganmiz, — deydi rahbar Erkin Ergashev. — Ammo oylik ish haqidan imkon qadar tezroq to‘lashlari lozimligini bildirganmiz. Faqatgina Bahriddin aka emas, 17 nafar xodim bilan o‘sha paytda noto‘g‘ri shartnoma tuzilib, uy olishi uchun kredit berib yuborilgan. Shuning evaziga katta qarzdorlik saqlanib qolgan.
Korxona rahbarining aytishicha, korxona bosh ofisining Yakkabog‘ tumaniga ko‘chirilishining boisi, korxonaning bug‘doyni qayta ishlovchi tegirmoni Yakkkabog‘ tumanda joylashgan. Ishlab chiqarish Yakkabog‘ tumanida bo‘lganligi sabab ham ishlarni nazorat qilish maqsadida 2018 yil iyulь oyida bosh ofis manzilini o‘zgartirdik, — deydi korxona rahbari Erkin Ergashev. – Bundan bir necha yil ilgari Qamashi tumanida ham tegirmon qurilishi boshlab yuborilgan, ammo hujjatlari joyida bo‘lmaganligi sabab ham ish to‘xtab qolgan. Bugungi kunda qurilish ishini davom ettirish uchun katta mablag‘ kerak. O‘sha mablag‘ni Yakkabog‘ tumanidagi ishlab chiqarishimizga sarflasak, katta daromadga ega bo‘lamiz.
Erkin Ergashevning ma’lum qilishicha, ayni kunga kelibgina korxona o‘z xarajatini o‘zi qoplayapti. Endigina qarzdorliklar yopilgan. “Korxona o‘z mablag‘ini o‘zi topadi va o‘zi xarj qiladi, — deydi rahbar. — Shuning uchun bir so‘m pulni ham tejashga harakat qilamiz.
Qolaversa ishchi-xodimlar korxonaning o‘z fermasi bo‘lsa-da, korxona xodimlarga sut va qatiq mahsulotlari umuman berilmayotganidan shikoyat qilishmoqda. Korxona rahbari ishchilarning ushbu fikrlarini ham rad etib, korxona fermasida 55 bosh qora mol mavjudligini, ishchi-xodimlarga o‘z vaqtida sut va qatiq mahsulotlari berilayotganini, shuningdek har bayramlarda bepul go‘sht ham berilishini ma’lum qildi.

Mavsum paytida fermerlar g‘allasidan urib qolishadi…

“Nasaf omad” fermer xo‘jaligi rahbari Baxtiyor Norqobilovning aytishicha, “Qamashi don qabul qilish” maskanida o‘tgan yilgi g‘alla mavsumida Toshtemir ismli tarozibon fermer g‘allasini o‘lchab olishda, tarozidan urib qolgan. “Taxminimcha 4 tonna g‘allamni tarozidan urib qolishdi, — deydi fermer Baxtiyor Norqobilov. – Keyin taroziga o‘lchab ko‘rilgan g‘allamni olib kelib, bu erdagi taroziga tortganimizda 400 kilogramm kam chiqdi. Keyin bularning siri fosh bo‘lgach, menga 2 tonna g‘alla qo‘shib berishdi. O‘g‘irlik qilmasa, nega menga 2 tonna g‘alla qo‘shib berishadi? Faqat mendan emas, har bir fermerning g‘allasidan urib qolishadi.


fermer Baxtiyor Norqobilov

“O‘tgan yili mart oyida 67 tonna g‘allani olib chiqib ketishga harakat qilishdi. Ruxsatnoma bo‘lmaganligi bois, darvozadan chiqarishga qarshilik ko‘rsatdim, — deydi korxona qorovuli Laziz Murtazoev. – Shunda Zafar ismli ombor mudiri kelib, “men yukka boshim bilan javob beraman” — deb g‘allani olib chiqib ketishdi. Keyin bilsak, olib chiqib ketilgan 67 tonna g‘allaning 11 tonnasini arpa deb hujjat qilishibdi. G‘allaga nisbatan arpa arzon turadi-da. Menimcha bu erda o‘g‘rilik borga o‘xshaydi.
Murojaatchilar shuningdek, 3 oy davom etadigan urug‘larni dorilash paytidagi ishlarda ham ish sharoitlari yaratilmaganidan shikoyat qilmoqda. “Urug‘lash paytida maska yoki ko‘zoynak degan narsalar berilmay qo‘ydi, — deydi Alisher Qo‘ziev. – Ilgari berilar edi. Yangi rahbar kelgach, yo‘q bo‘ldi shu narsalar. Haq-huquqimizni talab qilsak, eshikni ko‘rsatishadi “katta ko‘cha” — deb. Agar ishdan bo‘shatilsak, nima qilamiz? Rossiyaga yoki Qozog‘istonga ketamizmi? Uyoqqa borish uchun ham biletga pul kerak, aslida.
2010 yildan beri ushbu korxonada ishlab kelayotgan Sayfiddin Baxtiyorovning ma’lum qilishicha, ishchilar oyiga 31 kun ishlashar ekan. “Mavsum paytida shanba va yakshanba degan gaplarni bilmaymiz, — deydi Sayfiddin Baxtiyorov. – Odatda ilgari yakshanba kuni ishlasak, tabelga yozilar edi. Endi yozilmay ham qo‘ydi. Bu degani biz yakshanba kuni tekin ishlab berayapmiz degani.

Azizbek Jovliyev (o’ng tomondagi )

Ishchilar bilan suhbatlashib, ortga qaytar chog‘i o‘zini Azizbek Jovliyev deya tanishtirgan ishchi-xodim iymanibgina so‘z boshlar ekan, ota-onasidan erta ajralganini, ayni kunda ukasining oilasi bilan yashayotganini aytib o‘tdi. “Agar ishdan bo‘shatishsa, tirikchiligimiz nima bo‘ladi,- deya umid ko‘zlari bilan boqqan ishchi xodimning savoliga javoban ko‘nglimizdan shunday gap o‘tdi: Korxona rahbariyati ko‘ra bila 17 nafar ishchisini ko‘chaga quvmas…

Otabek Qo’ldoshev

1 ta muhokama

  1. Odil 24.02.2019

    Maqolada o’rinli muammo ko’tarilgan

    Ответить

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.