Qidirish uchun yozing

Dolzarb

Qarshilik otaxon shahar markazidagi “Alisher Navoiy” va “Oybek” ko‘chalarining ahvoli nomiga yarashmayotganidan kuyunmoqda

  Ulashish

Qarshi shahrining “Alisher Navoiy” ko‘chasida joylashgan suv quvuri yorilganligi sababli uch-to‘rt oydan beri ichimlik suvi behuda isrof bo‘lmoqda. Natijada ko‘chada loygarchilik, qatnov uchun esa noqulayliklar yuzaga kelgan. Bu haqda ushbu ko‘chada istiqomat qiluvchi aholi vakillari ma’lum qilayapti.
“Bir tomchi suv oltinga teng bo‘lgan viloyatda ichimlik suvining bu holda isrof bo‘lishi yaxshi emas-da, — deydi o‘zini ko‘cha boshi deya tanishtirgan otaxon Hasan bobo Mansurov. – Besh-olti oydan beri ko‘chamizda “truba” yorilganligi sababli ichimlik suvi “dengiz” bo‘lib oqayapti. Agar mening xonadonimdan bir tomchi suv behuda oqsin, “vodokanal”dagilar yugurib kelib, jarima to‘lang deyishni biladi-ku qalamining uchini chiqarib. Nega endi bunday paytlarda ularga tezkorlik yetishmaydi.
Hasan bobo Mansurov “Alisher Navoiy” va unga tutash bo‘lgan “Oybek” ko‘chasining bugungi ahvoli aholini qoniqtirmayotganini bildirar ekan, “Har ikkala hokim ham (viloyat va Qarshi shahar hokimlari nazarda tutilmoqda) shu ko‘chadan yuradi-ku, nahotki e’tibor berishmasa,- deydi. — Agar xudo rahmatlilar tirik bo‘lganida ularning nomi shunday abgor ko‘chalarga berilganini bilsa, mening nomim shu ko‘chalarga loyiqmi demasmidi?”.
Ushbu ko‘chada istiqomat qiluvchi Sayyora Hamrayevaning ma’lum qilishicha, ushbu holatni bartaraf qilish uchun aholi vakillari dastlab mahalla raisi, so‘ngra shahar hokimi va hududdan saylangan deputatga ham murojaat qilishgan. Ammo hech kimdan najot bo‘lmagan.
“Avval mahalla raisiga murojaat qildik,- deydi Sayyora Hamrayeva. -So‘ngra shahar hokimining qabulida bo‘ldik. Hokim hozir odam borib, suvni to‘xtatadi dedi-yu, ammo hech kimni yubormadi. Hokim qabuliga 2018 yilning 20 dekabr kuni borgan edik. Mana hozirgacha suv oqishdan to‘xtagani yo‘q.
“Ko‘chaning loygarchiligi bois etik kiyib yurishga majbur bo‘layapmiz,-deydi yana bir aholi vakillaridan biri Muazzam Mirzayeva. – Shu ahvolda yashayotganimizga ham uch oydan oshdi. Qachon bu holat bartaraf qilinadi?
“Suvni tejang deyishadi, ammo bunday holatda qanday qilib suvni tejashimiz mumkin, — deydi o‘zini Zulfiya Zayniddinova deya tanishtirgan suhbatdosh. – Ko‘z o‘ngimizda ichimlik suvining isrof bo‘lishiga qarab turish qiyin bo‘larkan.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.