Qidirish uchun yozing

Asosiy

“Ozodlik”ning telegrammdagi darakchisi, ommaga chala ma’lumot uzatmang!

  Ulashish

“Ozodlik” radiosining telegrammdagi manziliga Qarshi shahridagi yer osti yo‘lining ahvoli nochor ekanligini yozib, surat ham ilova qilishibdi. Qo‘shimchasiga “Odamlar qayerdan yo‘l qoidasini buzmay o‘tsin” — deya kinoya ham qilishibdi. Muammoni aytish yaxshi, albatta. Ammo o‘sha ommaga jar solinayotgan masala haqiqatdan ham muammo bo‘lsa-da. Yo‘qsa, noto‘g‘ri ma’lumot berib, kimlarnidir ovora qilishdan nima naf?

Foto: Ziyonews


Avvalo murojaatchining murojaat qilishga huquqi borligini to‘g‘ri tushungan holda, o‘sha murojaatchiga bir savol bilan yuzlanmoqchiman: “Nega endi yo‘lning yopiq turgan tomonini rasmga oldingizu, odamlar bemalol o‘tib-qaytayotgan ikkinchi tomonini suratga olmadingiz? Yoki erindingizmi?”
To‘g‘ri, ayni paytda yer osti yo‘lining bir tomoni yopiq. Ta’mirlash ishlari ketayotganligi bois ham. Ammo bu — yer osti yo‘lidan o‘tish imkoni yo‘q degani emas. “Yer osti yo‘lidan o‘taman” — degan kishi uchun ikkinchi tomon ochiq. Lang ochiq.
Ba’zan “Murojaat qilayapman, bunga haqqim bor-ku”, — deya pashshadan fil yasashga usta bo‘lib qolmayapmizmikin? Fikrimcha, hamma ham emas, albatta. Kasb taqozosi bois kuzatganlarimga asoslanib bir fikrni baralla aytmoqchiman. Aslida haqiqiy muammosi bor kishi hatto o‘sha bor muammoni ham aytishga iymanadi, “Aytsam qandoq bo‘larkan, malol kelmasmikin” — deya og‘iz juftlashga uyaladi. Qayta-qayta so‘rab, zo‘rg‘a muammoni aniqlaysiz. Buni ham qo‘llab-quvvatlash fikridan yiroqman, aslida. Muammo bormi baralla ayting, ammo tirnoq tagidan kir qidirmang.
Qarshi shahrida yashovchi fuqaro va shu vaziyatni ko‘rgan jurnalist sifatida telegramm darakchisining xabarida muammoni ko‘rmadim. Eski shaharning aynan o‘sha qismida ta’mirlash ishlari ketayotganini shaharda yashovchi har bir yurtdosh yaxshi biladi, albatta. Boisi ko‘rib-kuzatib turibdi. Yer osti yo‘lining bir tomoni yopiq ekanligi ayni haqiqat.

Foto: Ziyonews

Ammo yana qaytarib aytaman. O‘tish uchun ikkinchi tomon lang ochiq-ku. “Yer osti yo‘li mana bu holatda, yo‘lovchilar bunday holda qanday o‘tsin” — deya savol berib, faqatgina yopiq tomonni ko‘rsatish adolatdanmikin?
Telegramm darakchisi, unutmang, o‘sha siz katta ishtiyoq bilan olgan bir tomonlama suratingiz omma e’tiboriga havola qilindi. Ikkinchi tomonning ochiq ekanligini bilmagan, shaharni ko‘rmagan inson haqiqatdan ham yo‘lni yopib qo‘yib, yo‘lovchilarga “qoidani buzma, yer osti yo‘lidan o‘t” — degan ahmoqona talab qo‘yilayotgan ekan-da, degan xulosaga kelgani tayin. Mana shu ADOLATSIZLIK EMASMI? Adashmasam Siz ADOLATni izlayapsiz a?

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.