Qidirish uchun yozing

Kerakli

QAMASHIDA MASHMASHA: bog‘cha mudirasi yeri tortib olinganini aytayapti, hokimiyat mas’ullari esa aytgan gapidan qaytayapti

  Ulashish

Qamashi tumanidagi 1-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Umida Xolmirzayeva “Charm qo‘lqop chempionlari” MChJ raisi bog‘cha balansida turgan yerni tortib olganini aytsa, tuman hokimligi mas’ullari maktabgacha ta’lim boshqarmasi mutasaddilariga bergan va’dasidan qaytayotgan ekan…
Gapning indallosini aytganda, Qamashi tuman BO‘SM boks murabbiyi Xurshid Oltinboyev bundan 20 yil muqaddam tuman markazida joylashgan 1957-1958 yillarda qurilgan 1-sonli bog‘chaning bo‘sh turgan, qarovsiz binosida “Qamashidan ham bokschilar chiqsin” degan yaxshi niyatda to‘garak ochadi.

Xurshid Oltinboyev
Foto: Ziyonews

Ruxsatni esa o‘sha paytda bog‘chalar “egasi” bo‘lgan tuman xalq ta’limi bo‘limidan oladi. Biz so‘z yuritayotgan damlarda bog‘chalaru, BO‘SMlar ham maktablar qatori xalq ta’limi tasarrufida bo‘lganligi sabab ham BO‘SM murabbiyining ishi xalq ta’limi tomonidan olqishlanadi. Qo‘llab-quvvatlanadi. Bog‘cha bo‘sh binosi esa qo‘shqo‘llab topshiriladi. 70 nafarga yaqin yoshlarga tekinga boks mashg‘ulotlarini o‘tish kimga ham yoqmaydi deysiz?
Bog‘chaning qarovsiz binosidan qariyb 20 yil davomida foydalanib kelgan murabbiy Xurshid Oltinboyev 2017 yil o‘zi raisligidagi “Charm qo‘lqop chempionlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatini ham tuzib, tuman hokimligidan ushbu yerni qonuniylashtirib berishlarini so‘raydi. 2017 yil 7 iyun kuni bog‘chalarning o‘sha paytdagi “egasi” tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Z.Xudoyqulov tumanning sobiq hokimi Faxriddin Do‘stmurodov nomiga xat bitadi. Xatda XTB mudiri 1-sonli MTMning foydalanilmayotgan, qarovsiz holga kelgan bino va yerini kelajakda maqsadli foydalanish uchun, hech qanday to‘lovlarsiz tuman hokimligi balansiga olinishini so‘raydi. Ajablanarlisi, tuman xalq ta’limi bo‘limining o‘sha xat yozuvchi mas’uli bu borada na Vazirlik va na bu ishga mas’ul tashkilotlar xulosasi bilan qiziqadi. Tomdan tarasha tushgandek tuman hokimiga yerni ham binoni ham oling deya tortiq qilishga tayyorligini bildiradi. O‘sha xat bahona tuman hokimi o‘rinbosari V.Xayrullayev raisligida tuman mutasaddilari bog‘chaning qarovsiz, foydalanilmayotgan binosi va yerini “Charm qo‘lqop chempionlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tasarruf etish huquqisiz foydalanishga topshirish haqida dalolatnoma imzolashadi.
Shundan so‘ng, yer tuman hokimligi balansiga olindimi yoki yo‘qmi buni tasdiqlovchi biror hujjat yo‘q. Ammo tuman hokimi o‘rinbosari Shomurod Yusupov yer o‘sha paytda tuman hokimligi balansiga olinganini tasdiqladi. “Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri xat yozgach, bog‘chaning foydalanilmayotgan yeri tuman hokimligi balansiga olingan”, — deydi Shomurod Yusupov.
Boz ustiga 2017 yil 2 dekabr kuni tumanning sobiq hokimi Faxriddin Do‘stmurodov 1-MTM tasarrufidagi yerni hokimiyat balansidagi yer deb ko‘rsatib, “Charm qo‘lqop chempionlari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga vaqtincha foydalanish uchun berilsin deya qaror chiqaradi. Demakki, yer tuman hokimligi balansiga olingan rost bo‘lib chiqmoqda.
2017 yil maktabgacha ta’lim Vazirligi tashkil etilgach, bog‘cha va BO‘SMlar yo‘li ayro tushadi. 2018 yil oktyabr oyidan bog‘chaga rahbar etib tayinlangan mudira Umida Xolmirzayeva esa shuni ro‘kach qilib, ayni kunda bog‘cha binosini qaytarib olish harakatiga tushgan.

Umida Xolmirzayeva
Foto: Ziyonews


“Bolalar bog‘chasiga tegishli yer, o‘zimizga qaytarilishi va ta’mirlanib, ehtiyojimizni qondirishi kerak”, — deydi MTM mudirasi Umida Xolmirzayeva. – Bog‘chamiz 1957-1958 yil qurilgan bo‘lib, 90 o‘ringa mo‘ljallangan. Aynan shu qo‘shimcha bino bilan. Hozirda nari borsa 50 nafar bola qabul qilishga imkoniyatimiz bor. Qarovsiz yotgan binoni ham o‘zimizga olib, ta’mirlagan holda foydalanishni mo‘ljal qilayapmiz. Bog‘chaga talab yuqori. Ammo tuman hokimligi yer bizning balansimizda deya bunga yo‘l bermayapti.
Bog‘cha mudirasi va MChJ raisi o‘rtasidagi mashmashalar shu darajaga yetdiki, oqibatda 2018 yil 4 mart kuni bog‘chaning har ikkala binosi o‘rtasidan devor tushadi. Sodda qilib aytganda, bog‘cha ikkiga bo‘linadi. Bundan g‘azablangan mudira esa tuman hokimining 2017 yil 2 dekabrdagi qarori noqonuniy ekanligini, boks murabbiyi foydalanib kelayotgan yer va bino bog‘cha balansidaligi sababli bog‘chaga qaytarilishi lozimligini talab qiladi.
Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Asror Alimardonov 2018 yil 23 mart kuni bog‘cha manfaatini himoya qilib, tuman hokimligiga murojaat yo‘llaydi. Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari R.G‘ofurov imzosi bilan 2018 yil 16 aprel kuni boshqarma boshlig‘iga yo‘llangan javob xatida tuman hokimligi “Charm qo‘lqop chempionlari” MChJ rahbariga binodan foydalanish davrida yetkazilgan zarar eshik va deraza romlari buzib olingani va o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan devorni buzish to‘g‘risida ko‘rsatma berilganini ma’lum qiladi. O‘sha xat yozilganiga ham mana 9 oy bo‘libdiki, devor hali ham “qaqqayib” turibdi. Eng kulgilisi, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari viloyatdagi bog‘chalar boshlig‘i Asror Alimardonovga yuzaga kelgan holat bartaraf qilinadi deb ma’lumot bergan bir paytda, tuman hokimi devor buzilmasligi lozimligi haqida topshiriq beradi. Bu haqda Xurshid Oltinboyev shunday deydi.
“Devorni buzib tashlash to‘g‘risida aytishgach, tumanning o‘sha paytdagi hokimi Faxriddin Do‘stmurodov “hammasi o‘z joyida qolaveradi, deb devor buzilishiga qarshi chiqqandi”, — deydi boks murabbiyi Xurshid Oltinboyev. — O‘tgan 20 yil davomida binodan foydalanib, qo‘limdan kelgancha shaxsiy mablag‘larim evaziga ta’mirladim ham. Devor qurishga ham salkam 5-6 million mablag‘ sarflaganman. Har xil muammolar kelib chiqavergani uchun devor qurgandim aslida. Mashg‘ulotlarga kelayotgan shogirdlarimni kiritmay qo‘yishgach, boshqa eshik ochib o‘rtadan devor tushirgandik.
Tuman hokimi o‘rinbosari Shomurod Yusupovdan tuman hokimligi nima uchun aytgan gapidan qaytgani xususida so‘raganimizda holatni shunday izohladi: “Tumanimizda joriy yil may oyida 7 milliard mablag‘ evaziga qurilayotgan sport majmuasi ishga tushadi. O‘shanda boks to‘garagini o‘sha yerga o‘tkazib, bog‘cha binosini bo‘shatib beramiz. Shuning uchun ushbu holat kechiktirilmoqda”.
Tumanning ayni paytdagi hokimi Sherali Sanayev ham tumandagi sport majmuasi ishga tushmaguncha, bog‘cha binosi bo‘shatilishi imkonsiz ekanligini, qachonki sport majmuasi ishga tushsagina bino bo‘shatib berilishi mumkinligini bildirdi.
Bog‘cha mudirasi Umida Xolmirzayevaning qo‘shimcha qilishicha, bog‘chaning joriy yilda kapital ta’mirlanishi ham mo‘ljal qilingan bo‘lib, davlat Dasturiga tushirilish uchun loyihachilar ham kelib o‘rganishgan.
“Ammo tumanning sobiq hokimi Faxriddin Do‘stmurodov va o‘rinbosari Shomurod Yusupovlarning aralashuvi bilan dasturdan ham qolib ketdik”, — deydi bog‘cha mudirasi Umida Xolmirzayeva. – Agar dasturga tushganda ushbu MChJ o‘z o‘zidan binodan chiqib ketardi. Dasturga tushmagach, ular ham chiqishmayapti.
Shomurod Yusupov mudira so‘zlarini rad etdi. “Bog‘chaning davlat Dasturiga tushishi yoki tushmasligi tuman hokimligiga bog‘liq emas”, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari Shomurod Yusupov. Biz faqat tavsiya berolamiz, xolos”.

Shomurod Yusupov
Foto: Ziyonews


Jurnalistik kuzatuvlarimiz davomida bog‘cha bolalarining ta’mirtalab binoda, ko‘mir hidi anqib turgan xonalarda tarbiyalanayotganiga guvoh bo‘ldik.
“Hatto stol-stullarimiz ham yetishmaydi”, — deydi mudira. Shuning uchun bolajonlarmizni xontaxtada o‘tqizib bo‘lsa-da, mashg‘ulot o‘tamiz. Bor imkoniyatdan foydalanishga harakat qilayapmiz. Qaniydi qurilganiga 60 yil bo‘lgan bog‘chamiz ham kapital ta’mirlanib, zamonaviy qiyofaga kirsa. Bizning bolajonlarimiz ham shunday sharoitdan ulg‘ayishga haqli-ku”.
Ma’lum bo‘lishicha, bog‘chada issiqlik tizimi ham umuman ishlamaydi. “Burjuyka” pechlar ham to‘g‘ri o‘rnatilmaganligi sababli ko‘mir yongach, hidi chiqadi. Bolalar mashg‘ulot olib borayotgan xonada ko‘mir isi anqib turibdi. Eng yomoni bolalar ayni shu xonalarda uxlab dam olishadi.
“Bor imkoniyatdan foydalanayapmiz”, — deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Fazilat Abdiyeva. — Nasib etsa ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan. Sharoitlar ham yaxshilanadi.

Fazilat Abdiyeva
Foto: Ziyonews


Yuqorida tilga olganimiz voqealar rivojini kuzatar ekanmiz, bog‘cha rahbariyatiyu, tuman mas’ullariga ko‘z tikib turgan jajji bolajonlar holati ko‘z o‘ngimizdan ketmay qoldi. Sovuq, ko‘mir hidi anqib turgan xonalarda tarbiyalanayotgan jajji bolakaylar nigohida «biz ham issiq va shinam xonalarda tarbiyalanishga haqlimiz» degan iddaoni uqqandek bo‘ldik…
Otabek QO‘LDOShEV

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.