Qidirish uchun yozing

Asosiy

Kosonda qo‘shnilar o‘rtasidagi janjaldan 12 soat o‘tib, fuqaro vafot etdi. Marhumning yaqinlari bunda qo‘shnisini ayblamoqda

  Ulashish

“Qashqadaryo ziyokori”ga bu safar Koson tumani, Nartichuqur mahallasida yashovchi Farruh Temirovdan murojaat kelib tushdi. Murojaat mazmuniga ko‘ra, Farruh Temirov 2018 yil 16 dekabr kuni otasi Samadullo Temirov tuman tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limida jon berganligini, otasining bu ahvolida esa yon qo‘shnisining aybi borligini yozadi.

Farruh Temirov
Foto: Ziyonews


Maqolamiz avvalida shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchimizki, murojaatchi iddaosicha aybdor deya atalayotgan qo‘shnilarning ism-shariflari tahririyatga ma’lum bo‘lsa-da, tergov-surishtiruv jarayonlari ketayotganligi bois ochiqlamaslikka qaror qildik.
“2018 yil 13 dekabr kuni xo‘jaynim ishdan keldi, — deydi marhumning ayoli Biyraja Shonazarova. – Xo‘jaynim neft-gaz korxonasida ishlaydi-da. 15 kun ish, 15 kun dam oladi. 15 dekabr kuni qo‘shnimiz tuman gaz xodimlari kesib ketgan “truba”larni noqonuniy ulab olmoqchi edi. Shunda xo‘jaynim “truba” bizning uy devoridan o‘tganligi sababli devorga mix qoqishiga qarshilik ko‘rsatib, “raygaz uzib ketgan bo‘lsa, nega o‘zboshimchalik bilan qo‘shyapsan”, — deya qo‘shnimizdan so‘radi. Va tumangazga telefon qildi. Qo‘shnimizga esa agar trubani ulamoqchi bo‘lsa, alohida tirkama qo‘yib o‘tkazishini, devorga mix qoqmasligini aytdi. Shunda qo‘shnimiz “Senga nima”deya xo‘jaynimning oldiga jahl bilan kela boshladi. Shunda Farruh o‘g‘lim chiqib, dadasini chetga tortdi. Qo‘shnimizning o‘g‘li ham dadasini uyiga olib kirdi. Ammo voqea shu bilan tugamadi. Qo‘shnimiz baribir bizning uyimiz devorlari orqali o‘tgan “truba”ni uladi. 16 dekabr kuni xo‘jaynim kiyinib, go‘sht olib kelaman deb qo‘chaga chiqib ketdi. Adashmasam soat 9 lar chamasi edi. Ammo oradan yarim soat o‘tib, afti angori bir ahvolda bosh kiyimsiz, pidjaki qo‘lida kirib keldi. Bir pas o‘tib ko‘chada g‘ala-g‘ovur boshlandi. Chiqsam, xo‘jaynim va qo‘shnimiz bir-birining yoqasidan tutib turibdi.
“Ko‘chada g‘ala-g‘ovur boshlangach, yugurib chiqdim, — deydi marhumning katta o‘g‘li Eldor Temirov. — Qarasam dadam bilan qo‘shnimiz urishayapti. Dadamning afti angoriga qarasam, bir ahvol. Mast odamga o‘xshardi. Karaxt edi. Qo‘shnimiz dadamni urayotgani uchun ularni ajratish uchun qo‘shnimizni ushlab, o‘g‘lini chaqirdim. O‘g‘liga “dadangni olib kir” dedim.

Eldor Temirov
Foto: Ziyonews

Shunda o‘g‘li ajratish o‘rniga kelib menga tashlandi. Keyin uydan ukam Farruh yugurib chiqib, janjalga qo‘shildi. Qo‘shnimiz, Farruh ukamni ushlab turgandi. Ukamni ajratish uchun qo‘shnimiz tomon yurdim. Shunda qo‘shnimizning o‘g‘li 3 metr joydan yugurib kelib, qo‘lida bog‘langan temir perchatka bilan dadamni urdi. Dadam shunda “voh” dediyu, yuzi bilan bir tekis yerga yiqildi. Onam esa dod deb yig‘lardi. Shunda men qo‘shnilarimizni yordamga chaqirdim. Daler qo‘shnimiz chiqqach, unga “amakingni chaqir” deb baqirdim. Ota-bola endi ukamga yopishishgandi. Shunda qo‘shnilarimiz chiqib, ajratishdi va dadamni ko‘tarib ichkariga olib kirdik.
Samadullo Temirovning ayoli farzandlari va turmush o‘rtog‘i uyga kirgach, turmush o‘rtog‘ini koyiganligini, kap-katta insonlarga shunday urush-janjallar yarashadimi deya urush sababini so‘raganini aytadi.
“Shunda xo‘jaynim “Men ko‘chadan qaytayotgan paytim, yo‘limni to‘sib “Sen zo‘rmisan” deb qo‘limni qisib, ichimga urdi”, — dediyu o‘tirgan joyida orqaga yiqildi. Bir pasdan so‘ng tildan qoldi. Bir oyog‘i ham ishlamay qoldi. Shunda tez yordamga telefon qildik. Qo‘shnimizni ham chaqirdik. Qo‘shnimiz kelgach, tez yordamni ham kutmay shifoxonaga olib ketdik.
Biyraja Shonazarova turmush o‘rtog‘ini shifoxonaga olib ketayotgan payti ham qo‘shnisi chiqib, ularni haqoratashda davom etganini ta’kidlamoqda.
“Chalajon erimni moshinaga chiqazayotgan paytimiz ham qo‘shnimiz qo‘lini bigiz qilib, o‘g‘illarimga “Agar otang o‘lmasa, senlarni ham shu ahvolga solaman” deya tilga olib bo‘lmaydigan so‘zlar bilan so‘kindi, — deydi marhumning ayoli. – Ayol qo‘shnimiz ham eridan qolishmagan holda qarg‘ashdan sira to‘xtamasdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Samadullo Temirovni yaqinlari og‘ir ahvolda kunduzi soat 12 lar atrofida tuman tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limiga olib borishgan.
“Bemor Samadullo Temirov bo‘limimizga 2018 yil 16 dekabr kuni soat kunduzi 11:56 da olib kelingan, — deydi bo‘lim boshlig‘i Elsevar Muhammadiyorova.

Elsevar Muhammadiyorova
Foto: Ziyonews

– Bemorni navbatchi shifokor Husniddin Xoliqulov qabul qilgan. O‘g‘illari o‘sha kuni dadasini qo‘shnisi bilan urushib qolib yiqilganligini aytishgan. Ammo qo‘shnisi urganligini aytmagandi. Yana o‘g‘illarining aytishicha, bemordan qon bosimi kasalligi ham bo‘lgan. Bemor bo‘limga kelgan payt qon bosimi oshgan va hushsiz holatda bo‘lgan. Qolaversa bir tomonda harakat bo‘lmagan. Bu belgilar sekin-asta rivojlanib borgan. Ammo bemorning kasallik tarixiga qo‘shimcha qilib, bemorning peshona sohasida terida qizarish, teri ostida ko‘karish bor deb qayd qilingan.
Bo‘lim boshlig‘ining aytishicha, peshonadagi bu ko‘karish yiqilish tufayli yoki kimningdir ataylab qattiq urgan zarbi natijasida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. “Shuning uchun ham bemor vafot etgach, sud ekpertiza qilindi, — deydi Elsevar Muhammadiyorova. – Ammo ekspertiza natijalar bizga qorong‘i.
“Shifoxonaga borganimizda xo‘jaynim tinmay qayd qila boshladi, peshob keta boshladi, — deydi Samadullo Temirovning ayoli. – Shunda do‘xtirlardan “nimaga bunday bo‘layapti, ahvollari qanday” deb so‘radim. Xavotir olmang, o‘tib ketadi deyishdi. Sanitarkalar qayd qilib tashlaganini tozalab olishimni aytishdi. Shunda xonani tozalab, kiyimlarini olib uyga qaytdim.
“16 dekabr kuni tushga yaqin bemorning farzandlari menga ham xabar berishgach, 2 soatlar o‘tib bo‘limga keldim va bemor holatidan xabar oldim, — deydi shifokor Hamza Mirzayev.

Hamza Mirzayev
Foto: Ziyonews

– Haqiqatdan ham bemorning ahvoli juda og‘ir edi. Bemorning borgan sari ahvoli og‘irlashib borardi. Qon bosimi oshib ketgandi. Peshona qismida jarohati ham bor edi. Aynan shunga shubha bor edi. Qolaversa, bosh suyak va miya pardasi orasidagi qon tomir yorilishi degan tashxis qo‘ydik va davolay boshladik. Biroq ming taassufki, kechki soat 22:15 da bemorda biologik o‘lim holati yuz berdi. Suniiy nafas berdik, harakat qildik. Ammo bemorning hayotini asrab qololmadik.
Shifokor Hamza Mirzayevning aytishicha, bemor vafotidan bir hafta o‘tib, bemorning o‘g‘illari shifokordan dadasining bo‘yin tomonida qandaydir chandiq borligini aytib, o‘sha kuni ko‘rgan yoki ko‘rmaganligini so‘rashgan.
“Bemorning peshonasida jarohati borligini ko‘rgandim, ammo bo‘ynining orqasida hech qanday jarohat yo‘q edi, — deydi Hamza Mirzayev. — O‘limidan so‘ng o‘lik dog‘ paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Odatda bemor vafot etgach, qon yig‘ilib dog‘ paydo bo‘ladi. Bu o‘lik dog‘ deyiladi. Shuni tushuntirishga harakat qildim ularga”.
Biyraja Shonazarovaning bildirishicha, u uyiga qaytib, ahvoli yomonlashgani bois, qo‘shnisinikiga o‘tib qon bosimini tekshirtirayotgan payt o‘g‘li borib, IIB xodimi so‘rayotganligini bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Biyraja Shonazarovani o‘sha kuni unga kimligini tanishtirmagan IIB xodimi bo‘limga olib ketgan va voqea tafsilotlarini so‘ragan.
“Melitsaning savoliga javoban, unga bor voqeani aytdim,- deydi Biyraja Shonazarova. — Qo‘shnimiz bilan bo‘lgan urushni ham. Shunda melitsa xodimi menga “qo‘shningiz urganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingizmi” — dedi. Shunda u kishiga uyimizning yonida urganini ko‘rganimni aytdim. Shunda melitsa menga “Yolg‘on gapirmang”, eringiz “Enam” ichib yurar ekan-ku dedi. Kim aytdi desam o‘g‘lingiz aytdi dedi. Hech qanday dori ichmasdi, “davlenie”si yo‘q edi dedim. Va qizcham bor voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytdim. Shunda qizimni olib kelishimni aytishdi. Qizim va meni o‘sha kuni bo‘limda ancha vaqt olib o‘tirishdi. Keyin kechasi 23 larda kelsam o‘g‘lim “dadamdan ajralib qoldik” dedi.
“Uyda choy ichib o‘tirgandik, to‘polon boshlangach, ko‘chaga chiqdik, — deydi marhumning qizi Shahzoda Sayfullaeva. – Chiqsam qo‘shnimiz o‘g‘li bilan dadamni va akalarimni urayotgan edi. Shunda qo‘shnimizning o‘g‘li qo‘lida nimadir bilan dadamni urdi. Dadam esa yiqildi.
Shahzoda Sayfullaevaning aytishicha, voqeaga ismi tahririyatga ma’lum bo‘lgan qo‘shnilari ham guvoh bo‘lgan.
“Ammo o‘sha qo‘shnimiz ham bugun jim turishga majbur, — deydi Farruh Temirov. – Chunki ularni ham qo‘rqitgan. U ham ertangi kunini o‘ylaydi. Shuning uchun ko‘rgan narsasi haqida ham lom-lim demayapti.
Marhumning o‘g‘illari shuncha paytgacha jim yurishganining sababi qo‘shnisi va uning o‘g‘lidan qo‘rqqanini aytmoqda. “Agar kimgadir davo qilsang, otangni kunini boshingga solaman deyishadi, — deydi Farruh Temirov.
Marhum yaqinlarining iddaosiga ko‘ra, har ikkala oilaning azaldan bir biriga adovati bo‘lgan. “Farruh o‘g‘lim qo‘shnimizning o‘g‘li sinfdosh bo‘lgan. Bundan 10 yil ilgari ularning o‘rtasida nizo chiqqandi. Shundan beri o‘g‘limni tinch qo‘ymaydi. Har safar kaltaklaydi. Ammo bu haqda biror marta ham melitsaga xabar qilay demabman-da.
“Har ikkala oila ham juda tartibli oila, — deydi Nartichuqur mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mamarajab Murodov. – Har ikki oila ha o‘ziga to‘q. Yaxshi ishli. Ularning oila a’zolari ustidan ham hech qachon shikoyat tushmagan. O‘sha kuni viloyat televideniesida ham bu haqda aytgandim. O‘sha 16 dekabr kuni ham har ikki oila o‘rtasidagi tortishuv og‘izaki bo‘lgan ekan.
Samadovlar oilasining aytishicha, oila boshlig‘ining vafot etganiga qariyb ikki oy bo‘lgan bo‘lsa-da, na tuman IIB na tuman prokuraturasi ularni chaqirtirmagan. Ish bilan shug‘ullanmagan.
“Tuman prokuraturasi tergovchisi Hasan Qurbonovning aytishicha, ish ma’muriy sudga o‘tibdi, — deydi marhumning o‘g‘li Farruh Temirov. – Dadam o‘layaptiyu, ish ma’muriy sudga o‘tyapti. Bu qanaqasi axir?
Farruh va Eldor Temirovlarning aytishicha, otasi shifoxonada davolanayotgan payt tuman IIB tergovchisi Nodir Murodov ularga do‘q-po‘pisa qilib, “dori oborishimiz kerak, dadamizning ahvoli sal yaxshilansin keyin aytib beramiz” deyishlariga qaramasdan hoziroq nima bo‘lganini aytasan deb baqirgan. “Shunda qo‘rqqanimizdan tergovchiga otamizni ko‘chadan topib oldik deb, tergovchi yozgan ma’lumotnomaga qo‘l qo‘yib berdik, — deydi marhumning o‘g‘illari. – Ammo birov kelib, qaysi ko‘chadan topding, qay holatda topding, yur o‘sha joyni ko‘rsat-chi deb so‘ramadi. Yopilgan qozon yopiqligicha qolib ketmoqda.
Farruh Temirovning ma’lumot berishicha, u tuman prokurori Ulug‘bek Ergashev qabulida ham bo‘lib, ish juda orqaga surilayotganiga e’tiroz bildirgan. “Shunda prokuror “Men dadangni o‘limida jinoyat izlarini ko‘rmayapman, dadangning qon bosimi bor ekan-ku” – dedi. Shunda men prokurorga “Qon bosimi-ku yo‘q ediyu, ammo bo‘lgan taqdirda ham qon bosimi bor odamni urilsin deb qaerdan yozilgan dedim”. Prokuror savolimga javob berishga majbur emasligini aytdi. Qayta ekspertiza qilib, tekshiruv o‘tkazishlari kerakligini aytganimda “Bekorchimanmi senga” deya baqira ketdi.
Murojaatchilarning iddaosi qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini bilish maqsadida Koson tuman prokuraturasida bo‘ldik. Dastlab tergovchi Hasan Qurbonovga uchrashib, voqea haqida rasmiy izoh so‘radik. Hasan Qurbonov bizga hech qanday ma’lumot berolmasligini aytib, prokuror yordamchisi Sherzod Egamberdievga yuzlashtirdi. Prokuror o‘rinbosari esa bu xususda ma’lumot olish uchun yozma ravishda murojaat qilishimiz lozimligini aytdi. Mutasaddiga “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunda murojaatlar og‘izaki, yozma va elektron shaklda qabul qilinishini, yozma murojaat shart degani joyi yo‘q ekanligini tushuntirishga urinmaylik, bari befoyda bo‘ldi. Mutasaddilar rasmiy ma’lumot berishdan bosh tortishdi. Viloyat prokuraturasining matbuot xizmati bilan bog‘lanish uchun qilgan harakatlarimiz ham samara bermadi.
Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Qashqadaryo filialining qayta va komission ekspertizalar bo‘limi mudiri Jamolxon Badalov 2018 yil 16 dekabr kuni kechasi marhum Temirov Samadulloning jasadi ekspertiza qilinganligini tasdiqladi. Ammo bu tergov siri bo‘lganligi sababli ekspertiza natijasini oshkor qilolmasligini bildirdi.
O‘ylaymizki, ochiq qolayotgan savollarga tez orada javob topiladi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.