Qidirish uchun yozing

Asosiy

G‘uzordagi cho‘kayotgan maktab mas’ullar e’tiborini tortdi, endi muammo hal bo‘ladimi?

  Ulashish

G‘uzor tumanidagi 2-umumta’lim maktabi tumanda ko‘zga ko‘ringan maktablardan biri. Albatta, o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berish borasida. Maktab binosining yaroqliligi va o‘quvchilar uchun yaratib berilgan shart-sharoit xususida esa “sho‘riga sho‘rva to‘kilganlardan”.
Xizmat safari bilan umumta’lim maktabida bo‘lganimizda, sinfxona “linolium”larining abgor holga kelganiyu, Nikolay zamonidan qolgan partalar, oyoq qo‘ysang poli o‘pirilib tushar darajaga yetgan o‘quv xonalarining holatini ko‘rib, to‘g‘risi, ko‘nglimiz xira tortdi.

Foto: Ziyonews

Dard ustiga chipqondek eng yomoni maktab binosi ham cho‘kayotgan ekan.
Maktab rahbariyatining ma’lum qilishicha, o‘quv binosi bundan 20 yil oldin cho‘kishni boshlagan. O‘sha paytda buning oldini olish maqsadida 60 tonna sement bino devorlarining ostki qismiga suvga aralashtirilib, suvab chiqilgan.
“Maktab binosining cho‘kishi bundan 20 yil oldin boshlangandi, — deydi maktab direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Xayrulla Omonov. – O‘sha paytda binoning ostki qismiga 60 tonna sement suvga aralashtirilib, devorga urib chiqilgandi. Ammo vaqt o‘tgani sari cho‘kish holati yana davom etmoqda.
Maktab direktori Nodira Ro‘yopovaning ma’lumot berishicha, umumta’lim maktabi 1975 yil 624 o‘ringa mo‘ljallab barpo etilgan bo‘lib, hozirda 762 nafar o‘quvchini bag‘riga sig‘dirgan.

Maktab direktori Nodira Ro’yopova
Foto: Ziyonews


“Maktabimiz 1975 yildan beri biror marta ham kapital ta’mir qilinmagan, — deydi maktab direktori Nodira Ro‘yopova. – Shuni inobatga olgan holda 2018 yil kapital ta’mirlash uchun 2 milliard 200 million so‘m mablag‘ ajratilgandi. Ammo yonimizdagi kollej bo‘shayotganligi sababli “shu kollejni beramiz” — deb kapital ta’mirga ajratilgan pulni qaytarishdi.
Maktab direktorining aytishicha, o‘quv dargohi ahvoli og‘irligi sabab viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tavsiyasi bilan kapital ta’mirlanishi lozim bo‘lgan maktablar sirasiga kiritilgan.

Foto: Ziyonews


“Hatto tender o‘tkazilib, tenderda yutgan quruvchi tashkilot rahbari ham maktabimizga kelib, ertasi kuni ishchilari ishni boshlashini bildirgandi, — deydi maktab direktori. – Keyin meni o‘sha paytda boshqarma boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgan Laziz Xolov chaqirtirib, yonimizdagi kollej bo‘shayotganligi sababli qurilish ishlari to‘xtatilishini aytdi.
Nodira Ro‘yopovaga ko‘ra, G‘uzor tumani hokimi Sa’dulla Boboqulov maktab direktoriga muammoni tez orada hal etishini, maktab yonida joylashgan G‘uzor transport kasb-hunar kollejini foydalanishga olib berishini aytib, viloyat hokimiga xat bilan chiqqanini bildirgan.
“Kollejning 270 nafar bitiruvchisi bor ekan, — deydi maktab direktori. – Kelasi yil sentyabr oyidan boshlab kollej bo‘shaydi. Shunda bino xalq ta’limi Vazirligi ixtiyoriga o‘tkazilib, bizga foydalanish uchun berilar ekan.
“Bo‘shab qolgan kollej binolarini maktablarga berish masalasini mahalliy hokimiyatlar mustaqil ravishda hal etolmaydi, — deydi Qashqadaryo viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Kamol Yangiboyev. – Mazkur masala yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan umumta’lim maktablarida 10-11 sinflar qayta tashkil etilgani bois sinfxonalari yetishmayotgan maktablarga 700-800 o‘ringa mo‘ljallangan kollejlar binosining bo‘sh turgan qismini vaqtincha foydalanib turishi uchun berish to‘g‘risida topshiriq berilayapti. Biroq, binoni butkul topshirib qo‘yolmaymiz. Masalan Dehqonobod tumanidagi 70-umumta’lim maktabi tuman markazidagi Agro sanoat kasb-hunar kollejining bo‘sh turgan sinfxonalaridan foydalanib turibdi. G‘uzor tumanidagi mazkur 2-umumta’lim maktabi ham yonida joylashgan G‘uzor transport kasb-hunar kollejining bo‘sh turgan sinfxonalaridan foydalanishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.
Mazkur jarayonni o‘rganayotgan paytimiz 2-umumta’lim maktabi direktori Nodira Ro‘yopova qo‘ng‘iroq qilib, biz maktabda bo‘lib qaytgan kunimizning ertasigayoq viloyat hokimi o‘rinbosari Dolli Allaev boshchiligidagi ishchi guruh maktabda bo‘lganligini, tez orada maktab kollejga o‘tishi mumkinligini aytganini bildirdi. Va ishchi guruhning maktabda bo‘lganini isbotlovchi suratlarni taqdim etdi.
Mutasaddilarning muammoga e’tibor qaratgani quvonarli hol, albatta. Ammo hamma gap ijro qanday yakun topishida. Biz holatni kuzatamiz va mavzuga albatta qaytamiz.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.