Qidirish uchun yozing

Asosiy

Viloyat hokimi yetti yildan beri sarson yurgan oilaga uy berdi, bank esa uy boshqa mijozga tegishli deyapti

  Ulashish

Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziev qarshilik Omondavlat Jonqobilov oilasining yetti yillik sargardonchiligiga barham berish maqsadida, shaharning O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan 295-uyning 11-xonadonini ushbu oilaga topshirdi. “Qishloqqurilishbank”ning Qashqadaryo mintaqaviy filiali esa uy boshqa bir mijozga sotilganini aytmoqda. Bu haqda bank huquqshunosi Sherzod Mahmudov ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, qarshilik Omondavlat Jonqobilov va Jangil Meyliyevalar 4 nafar farzandi bilan yetti yildan beri sarson-sargardonlikda yashamoqda. Sababi ularga tegishli bo‘lgan uy 2011yil Qarshi shahar hokimligi tomonidan buzib tashlangan bo‘lsa-da, shu paytgacha na uy berilgan va na uy uchun kompensatsiya to‘langan.
“2016 yil shaharning Qarliqxona mahalla, O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan 295-uyning 11-xonadonini berishgan, — deydi xonadon sohibi Omondavlat Jonqobilov.

— Ammo xaligacha kadastr qilinmagan-da. Kadastr hujjatlari esa “Qishloqqurilishbank”da. Hujjat chatoq. Ertaga kimdir kelib uy meniki, chiqing desa qayoqqa boramiz?
“O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan 295-uyning 11-xonadoni “Lobar Sh” qurilish firmasidan bank tomonidan berilgan kredit mablag‘larini qoplatish evaziga olingan bo‘lib, bugungi kunda “Qishloqqurilishbank”ning mulki hisoblanadi”, — deydi bank huquqshunosi Sherzod Mahmudov. — Bank o‘ziga tegishli uyni mijozga sotgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 12 fevraldagi qaroriga asosan Qarshi shahar hokimining 2009 yil 8 avgust kuni «O‘zbekiston ko‘chasini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ishlab chiqilgan. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, 2010 yil O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan (hozirgi Islom Karimov ko‘chasi) turar-joylarning buzilishi to‘g‘risida bu yerda istiqomat qilayotgan fuqarolarga ogohlantirish xati berilgan.
“2010 yil 29 iyun kuni 34-sonli ogohlantirish xati berildi, — deydi xonadon sohibasi Jangil Meyliyeva. — 2011 yil dekabr oyida esa uyimiz buzildi. Eski uy o‘rnida quriladigan ko‘pqavatli imoratdan xonadon va’da qilindi. 2012 yil 11 yanvar kuni «Sho‘rtanneftgaz» MChJ tomonidan kvartira berish to‘g‘risida VG-01/IN-4244-sonli kafolat xati ham berildi. Va’dalar va kafolat xati bizni xotirjam qildi-da.
Aniqlanishicha, «Sho‘rtanneftgaz» MChJ tomonidan qurilishi boshlangan ko‘p qavatli uyning poydevori bitgach, qurilish ishlari “Sho‘rtanneftgaz” MChJdan olib qo‘yilib, 44 ta xonadon egalariga kompensatsiya sifatida uy-joy ajratish va moliyalashtirish masalasi “Ipoteka bank” va “Pahlavon” MChJ zimmasiga yuklatilgan. Qurilish ishlari esa pudratchi «Lobar-Sh» ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish va savdo xususiy firmasiga topshirilgan. Vaqti soati yetib, imorat bitgach esa 43 ta xonadon ham uyli bo‘lgan. Faqatgina Jonqobilovlar xonadoniga berilishi lozim bo‘lgan uydan darak yo‘q.
“Og‘zidagi oshini oldirib qo‘yishni kim ham istardi deysiz”, — deydi xonadon sohibi Omondavlat Jonqobilov. — Tegishli organlarga murojaat qildik. Xalq qabulxonasi hamda viloyat hokimi bilan yuzma-yuz uchrashganimizdan so‘ng, 2017 yil 27 mart kuni Qarshi shahar hokimining qarori qabul qilindi. Unda ko‘ra 1 ta 3 xonali uy «Lobar-Sh» firmasidan olib berilishi va nomimizga rasmiylashtirilishi lozimligi belgilandi. Lekin firma egasi bankdagi qarzi evaziga bizga berilishi kerak bo‘lgan uyni bankka topshirib yubordi.


Omondavlat Jonqobilovning bergan ma’lumotiga ko‘ra, “Lobar-Sh” firmasi rahbari hamda Qarshi shahar hokimligi birgalikda viloyat iqtisodiyot sudiga da’vo ariza kiritadi. Jonqobilovlar oilasiga berilishi lozim bo‘lgan uy uchun to‘lanadigan mablag‘ni undirish maqsadida Qarshi shahar hokimligi va “Lobar Sh” firmasi «Sho‘rtanneftgaz» MChJni sudga beradi. Viloyat iqtisodiyot sudining 2017 yil 12 iyundagi ijro varaqasida «Sho‘rtanneftgaz» MChJga belgilangan summani to‘lab berish majburiyati yuklanadi. Ammo MChJ summani to‘lab bermaydi. Firma esa pul to‘lanmagani sabab uyga egalik qilish huquqini beruvchi hujjatlarni taqdim etmaydi. Ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga qadar yetib boradi.
Aniqlanishicha, Oliy sud masalani o‘rganib chiqib, Qashqadaryo viloyat iqtisodiy sudining 2017 yil 11maydagi hal qiluv qarori hamda 2017 yil 2 noyabrdagi qarorini bekor qiladi. Va ish yangidan birinchi instantsiyada ko‘rish uchun Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga yuboriladi. Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining joriy yil 30 mart kunidagi qaroriga ko‘ra da’vogarning da’vosi qisman qanoatlantiriladi. Ya’ni javobgar “Lobar-Sh” ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish va savdo xususiy firmasi tomonidan Qarshi shahar hokimligiga turar-joy sifatida ajratilgan O‘zbekiston ko‘chasi, 295-uy, 11-xonadoni uchun jami 245.461.000 so‘m to‘lov mablag‘larini qo‘shimcha javobgar “Sho‘rtanneftgaz” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobidan “Lobar-Sh” firmasiga to‘lab berish majburiyati yuklatiladi. Ammo sud ijrosiga kelganda ahvol o‘sha-o‘sha.
Qarshi shahar hokimligi huquqshunosi Sherzod Buxorov bildirishicha, shahar hokimligi fuqaro manfaatini ko‘zlab, fuqarolik ishlari bo‘yicha shahar sudiga davo ariza kiritish niyatida.
“Aslida viloyat iqtisodiy sudiga emas, fuqarolik sudiga davo ariza kiritishimiz kerak ekan”, — deydi Qarshi shahar hokimligi huquqshunosi Sherzod Buxorov. – Hozir shahar hokimligining hisob raqami yopib qo‘yilganligi sabab, sudga davo ariza kiritolmay turibmiz. Ammo tez orada sudga davo ariza kiritamiz va fuqaro manfaatlarini himoya qilamiz”.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.