Qidirish uchun yozing

Eng ko'p ulashilgan

Dehqonobodda “Obod qishloq” sabab aholi hovli devorlarini ta’mirlashga majbur qilingan

  Ulashish

Dehqonobod tumanining “Obod” qishloq aholisi “Obod qishloq” dasturi sabab aholiga majburiy tarzda hovli devorlarini ta’mirlash talabi qo‘yilayotganidan shikoyat qilmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida yashovchi obodliklarning aytishicha, ular yashayotgan “Obod” qishlog‘i dasturga tushgan. “Obod qishloq” davlat Dasturiga ko‘ra, qishloqda 2018 yil mart-aprel oylaridan ta’mirlash ishlari boshlangan.
“Obod qishloq” bizga qimmatga tushdi, — deydi aholi vakillaridan biri Zafar Otamurodov. – Ko‘cha devorlarimizni ta’mirlash uchun 3-4 milliondan ko‘p mablag‘ sarfladim. O‘zim hech qayerda ishlamayman. Ko‘cha devorimiz toshi bilan turgandi. “Sement qilasan” -deyishdi. Ortiqcha mablag‘im yo‘q edi. Agar shu ishlarni bajarmasak, “uylaringni olib qo‘yamiz” deb qo‘rqitishdi. “Devorlaringni buzib tashlaymiz” — deyishdi. Qo‘rqqanimizdan qarzga botsak ham devorlarimizni sement qildik.
Aholi vakillarining aytishicha, tuman hokimligi aholiga yordam bo‘lsin degan niyatda arzonlashtirilgan narxda tsement olib kelib bergan. “Ammo olib kelingan sement talabga javob bermasligi sabab ham yana o‘zimiz sement sotib olib qo‘shimcha qildik,- deydi Odil Jumayev.

Odil Jumayev
Foto: Ziyonews


“Uyimiz yonidagi devor toshi bilan turgandi, — deydi o‘zini Odil Jumaev deb tanishtirgan suhbatdosh. — Tuman hokimligidan kelganlar “devorni buzib, qayta quring” – deyishdi. “Agar buzmasangiz, o‘zimiz buzib tashlaymiz” – dedi. O‘z narxida, arzonlashtirilgan sement olib kelib beramiz deyishsa xo‘p debman-da. Qarz ko‘tarib, 590 so‘mdan ikki tonna sementga pul bergandim. Umuman sifatsiz sement berishgan ekan. Keyin yana o‘zim bozordan 500 kilogram tsement olib kelib, aralashtirib ishlatdim. Chunki sement umuman yaroqsiz ekan.
Qishloq ahlining qo‘shimcha qilishicha, hududda “Obod qishloq” davlat Dasturi bo‘yicha ish boshlanganiga bir yil muddat bo‘lgan bo‘lsa-da, haligacha yo‘llar ta’mirlanmagan. O‘rnatilgan 26 ta ko‘cha chiroqlari ham yonmaydi.

Foto: Ziyonews


“Qishlog‘imiz obod qishloqqa tushdi deb quvongandik, — deydi Jasur Egamov. – Erta quvongan ekanmiz. Hech qanday ish bajarilmadi. Ko‘chamizga o‘rnatilgan 26 ta chiroqlar ham qaqqayib turishdan nariga o‘tmaydi, aqalli birortasi yonsa deng. Yo‘llar har doimgi ahvolidan ham battar holga kelib qoldi. Faqat o‘zimiz yonimizdan xarj qilib, ko‘cha devorlarimizni epaqaga keltirdik, xolos. Boshqa hech qanday ish bo‘lmadi hisob.

Foto: Ziyonews


Aholining ma’lumot berishicha, qishloqda ish boshlanganiga bir yil bo‘lgan bo‘lsa-da, tugallangan ish bir kilometrlik piyodalar yo‘lakchasi ekan, xolos.
“Ko‘zga ko‘ringan ish piyodalar yo‘lakchasi va bolalar bog‘chasi bo‘ldi,- deydi Zafar Otamurodov. – “Obod qishloq” bo‘yicha boshqa ish qilinganini bilmayman. Faqat kelib xalqqa do‘q qilishgani qoldi. “Uyingni tortib olamiz, buldozer bilan buzib tashlaymiz” – deyishardi.

Piyodalar yo’lakchasi
Foto: Ziyonews
Yangi qurilayotgan bog’cha
Foto: Ziyonews


Dehqonobod tuman hokimligi mas’ullarining ma’lumot berishicha, qishloqqa “Qizilqum sement”zavodi AJning Qarshi shahrida ochilgan qurilish materiallari savdo do‘konidan imtiyozli narxda 43 tonna sement va 700 dona shifer yetkazib berilgan. Shuningdek, qishloqdagi mavjud 298 ta xonadonning 271 tasi ta’mirlangan. Bir tonna fasad buyoq, 250 kg “kraska”, bir tonna ohak ham yetkazilgan.
Aholi bilan suhbatlashish uchun qishloqda bo‘lganimizda biror bir joyning ohak yoki kraska qilinganini ko‘rmaganimiz uchun ham tuman hokimi o‘rinbosari Sohib Samadovdan aytilgan “kraska”, ohak va fasad bo‘yoqlar qayerga ketganini so‘radik. “Hozir yomg‘irli kunlar bo‘lganiligi sababli qurilish materiallari QFY raisiga topshirilgan, — deydi Sohib Samadov. — Yog‘ingarchilik kunlar o‘tsa, “kraska” va ohak qilamiz-da. 43 tonna sement va 700 dona shifer esa aholiga imtiyozli narxda berilgan.
“Men ham “arzon narxda sement olib kelib beramiz” — deyishsa xursand bo‘lib, sotib olibman, — deydi Dilmurod Bo‘taev. – Afsus bekor olibman. Sifatsiz tsement ekan.
“Shaxsan menga hech qanday sement yoki shifer berishmagan,- deydi Qorjov Jabborov. – Kelib “devorlaringni ta’mirla” — deyishdi. O‘z pulimga bozordan sement olib kelib devorlarimizni ta’mirladim. Qishlog‘imiz “Obod qishloq” dasturiga tushganini his qilmadim. Yo‘llar o‘sha-o‘sha abgor holda. Uyimiz devorlarini o‘z mablag‘imga qilsam. Dasturning nima keragi bor unda?

Qorjov Jabborov
Foto: Ziyonews


Tuman hokimligi taqdim etgan hujjatga ko‘ra, qishloqdagi 2 kilometr 300 metr ichki yo‘lga qum-shag‘al yotqizish kerakligi belgilangan bo‘lib, rejada 1 kilometr 400 metrga joyga qum-shag‘al to‘kilgani qayd etilgan. Qizig‘i, qishloqqa kirib chiqquncha biror metr joyda shag‘al yotqizilganini ko‘rmadik.

Foto: Ziyonews


O‘zini Normo‘min Zoirov deya tanishtirgan pensioner otaxonning aytishicha, u kishi tuman hokimi o‘rinbosari Sohib Samadovga 800 metrlik ichki yo‘l umuman talabga javob bermasligini, agar qalin qor yog‘sa aholi texnikasi shu 800 metrlik masofaga umuman chiqolmay qolishi haqida aytib, qishloq obod qilinayotganidan foydalanib, shu yo‘lga ham qum-shag‘al to‘kib berishlarini so‘ragan.
“Ikkinchi hokimdan (hokim o‘rinbosari nazarda tutilmoqda. Tahririyat izohi.) shu yo‘lga ham qum-shag‘al to‘kib berishlarini so‘ragandim. “Biz faqat ko‘rinib turadigan yo‘llarga qum-shag‘al to‘kamiz” – dedi. Ichki yo‘llar panada bo‘lgani uchun bu yo‘llarda hech qanday ish qilishmas ekan.
Yana bir ajablanarli holat shuki, rejaga ko‘ra qishloqdan o‘tuvchi yo‘lning 7,2 km.ga ham qum-shag‘al to‘kish belgilangan bo‘lib, amalda 3,2 km masofaga qum-shag‘al to‘kilgani yozilgan. Biroq kuzatuvlarimizga ko‘ra yo‘l o‘sha-o‘sha o‘nqir-cho‘nqir holatda turibdi.

Foto: Ziyonews


Ma’lumotlarga ko‘ra, “Obod” qishlog‘ida bugungi kunda 468 ta xonadonda 2 305 nafar aholi istioqmat qiladi. “Obod qishloq” davlat Dasturiga ko‘ra, qishloq obodligiga qarib 7,2 milliard mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Xizmat safari davomida aholi so‘ziga quloq tutib, tuman hokimligi vakillarining “Obod qishloq” bo‘yicha, falon ish qilindi, piston ish bitirildi degan balandparvoz gaplarini ham eshitdik. Ammo kuzatganlarimiz hokimiyat vakillari gapining teskarisini ko‘rsatayotgandi. Fikri ojizimizcha, tumandan tashqariga ham xuddi shunday hisobotlar ketayapti. Biroq, haqiqiy ahvol mas’ullar o‘z ishini qay darajada bajarganini ko‘rsatib turardi-da…

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.