Qidirish uchun yozing

Asosiy

Shahrisabzliklar farzandi 1980 yilda qurilgan shiypon-bog‘chada tarbiyalanayotganidan shikoyat qilmoqda

  Ulashish

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida yashovchi xo‘jabog‘liklar farzandi 1980 yilda qurilgan shiypon-bog‘chada tarbiyalanayotganidan tashvishlanmoqda.

Foto: Ziyonews

“Bog‘chamiz 2006 yil 35 o‘ringa mo‘ljallab tashkil etilgan bo‘lib, 1980 yil qurilgan shiyponda tumandagi 5-sonli bolalar bog‘chasining filiali sifatida ish boshlagan”, — deydi bog‘cha tarbiyachisi Lobar Sodiqova. — O‘sha paytda sharoitlarimiz juda og‘ir edi. Shuning uchun ham 2012 yil bog‘cha o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Ota-onalar sharoit og‘irligidan norozi bo‘lib, bolalarini olib ketdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2012 yil o‘z faoliyatini yakunlagan shiypon-bog‘cha tarbiyachi Lobar Sodiqova tashabbusi bilan 2017 yil yana qayta tashkil etilgan. Endilikda faqat qisqa muddatli guruhlar faoliyati uchun mo‘ljallangan bog‘chada 2 ta guruh ish boshlagan.

“Ammo sharoit xali-hanuz yaxshilanmagan”,- deydi Lobar Sodiqova. — Karovatlarimiz yetishmasligi sabab bolalar ko‘pincha yerda, yoki ota-onalarning xohishiga ko‘ra bir karovatga 2 nafardan yotishlariga to‘g‘ri keladi.

Foto: Ziyonews

MTM mudirasi Hulkar Qodirova hamda tarbiyachi Lobar Sodiqovaning ma’lumot berishicha, 25 nafar bolalar ta’lim-tarbiya oluvchi guruhda 22 ta karovat bo‘lib, shundan 12 tasi yangi karovat xolos. Qolgani eski. Talabga javob bermaydi. Ammo shu ham yetishmaydi.

“Ko‘pincha bolalar yangi karovatga talashishadi”, — deydi tarbiyachi Lobar Sodiqova. – Ota-onalarining aytishicha, bolalar uyiga borgach, eski karovatda yotganidan yoki yerda uxlashga majbur bo‘lganidan o‘ksinib gapirishar ekan.

Foto: Ziyonews

“Xo‘jabog‘ qishlog‘idagi 25-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi Shahrisabz tuman hokimining 2018 yil 30 martdagi qaroriga asosan tashkil etilgan”, — deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Dilorom Imomova. – Dastlab 35 o‘ringa mo‘ljallab, 5-MTM filiali sifatida ish boshlagan bog‘cha 2018 yil 1 avgustdan yuridik maqom olib, 25-MTM sifatida ish boshladi.

Bo‘lim mudiri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, MTMga 6 million 750 ming so‘mlik mebel jihozlari, 1 million 674 ming so‘mlik choyshablar to‘plami, idish-tovoqlar va xo‘jalik mollari berilgan.

Bog‘cha xodimlarining aytishicha, bolalar nafaqat eski karovatda, yerda yotishga ham majbur bo‘lmoqda. Dala shiypon eski bo‘lganligi sabab, yeri juda notekis va loyligicha qolgan. Gilam tagidan sovuq o‘tmasligi uchun karton qog‘ozlar to‘shalgan.

“Ammo xonalarimiz issiq”, — deydi tarbiyachi Gulhayot Safarova. – Pechka yoqamiz. Yoqilg‘i yetarli darajada berilgan. Faqat sharoitlarimiz yetishmasligi sabab, hatto bolalarning ko‘rpa-to‘shaklarini ham ota-onalarimizning o‘zlari olib kelishgan. Shuning uchun ham hammasi har xil rangda. Biz ham xohlaymiz yaxshi sharoit va imkoniyatni.

Foto: Ziyonews

Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mutasaddilariga ko‘ra, bog‘chada talab darajasidagi oshxona bo‘lmaganligi sabab, yangi oshxona ham qurib berilgan. Ammo xali ishga tushmagan.

“Bor imkoniyatdan foydalanib, ovqat pishiramiz”, — deydi bog‘cha oshpazi Dilnoza Eshmurodova. – Ko‘pincha o‘choqqa ovqat tayyorlaymiz. Yangi oshxona qurilgan. Tayyor bo‘lsa qiyinchiliklarimiz ham o‘tib ketadi.

Tuman maktabgacha ta’lim muatasaddilarining ma’lumot berishicha, shiypon-bog‘cha 2020 yil investitsiya dasturi asosida qayta ta’mirlanadi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.