Qidirish uchun yozing

ZiyoNews.uz surishtiruvi

Talimarjonliklar shaharcha sharoitining og‘irligini, ayni kunda Talimarjondan faqat “shaharcha” degan nom qolganini aytishmoqda

  Ulashish


Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi Talimarjon shaharchasining Do‘stlik mahallasi, Maxtumquli ko‘chasida yashovchi aholi 1963-1968 yillarda qurilgan ko‘p qavatli uylarning aksariyati bugungi kun talabiga javob bermasligini, Talimarjon shaharchasidan ayni kunda faqat “shaharcha” degan nomgina qolganini ta’kidlamoqda.
“15 yildan beri shu yerda yashaymiz”, — deydi o‘zini Mehri Rahmonova deb tanishtirgan aholi vakillaridan biri. – Xonadonimizni har yili ta’mirlaymiz. Biz yashayotgan 5-uyning shiferi sinib, top ochiq qolganligi sabab yog‘ingarchilik payti uydan chakki tomadi. Xona devorlari ko‘karib, panglab ketadi. Qayta-qayta ta’mirlashdan charchadik.
“Do‘stlik” mahallasi raisi Sayfulla Jonimqulovning ma’lumot berishicha, Maxtumquli ko‘chasida 26 ta ko‘p qavatli uy joylashgan bo‘lib, aholi soni 1200 nafardan ortadi. Raisning aytishicha, 2008 yilgacha ushbu hududdagi ko‘p qavatli uylarning bir tomoniga shifer qoqilsa, ikkinchi tomoniga qoqilmay qolib ketish holatlari ko‘p bo‘lgan.

«Do’stlik» MFY raisi Sayfulla Jonimqulov
Foto: Ziyonews


“Shu sababdan ham aholi yashovchi ko‘p qavatli uylarning shiferlari sinib, talabga javob bermay qolgan”, — deydi mahalla raisi Sayfulla Jonimqulov. – Maxtumquli ko‘chasidagi 1-, 2-, 4-, va 5- uylarning ahvoli juda yomon bo‘lganligi sabab yaqin kunlarda ta’mirga tushadi. Ayni kunga qadar 6- va 6-“A” uylarning tom qismidagi shiferlar talabga javob bermay qolganligi sabab 7 million mablag‘ evaziga qayta ta’mirlandi.
5-uyning 11-xonadonida yashovchi Dilorom Xidirovaning aytishicha, “dom”dan nafaqat chakki o‘tadi, ko‘p qavatli uyning pod’ezdi ham ta’mirga muhtoj.
“Pod’ezimizning ahvoliga qarab bo‘lmaydi”, — deydi Dilorom Xidirova. – Qorong‘u va juda qo‘rqinchli. Umuman ta’mirlanmagan. Shirkat qayoqqa qarayapti bilmaymiz.
“Shirkat tomonidan belgilangan pulni aksariyat yurtdoshlarimiz to‘lashdan bosh tortishadi”, — deydi mahalla raisi. – Shu sababli ham shirkatda ko‘pincha mablag‘ bo‘lmaydi. Ammo 10 million kredit olishdi. Yaqin kunlarda pod’ezdlar ta’mirlanadi.
“Gaz va svetdan nolimaymiz, baraka topishsin yaxshi ta’minlashmoqda”,- deydi Tatyana Xatipova. — Ammo ko‘p qavatli uyimiz tomi va kanalizatsiya quvurlarining ahvoli achinarli. Tomdan chakki o‘tsa, kanlizatsiya quvurlarining ishlamasligi sabab chiqayotgan hidga chidab bo‘lmaydi.
Talimarjon shaharchasi hokimi Ibrohim Qarshiev bergan ma’lumotlarga ko‘ra, shaharchada ayni kunda 54 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, ko‘p qavatli uylarning aksariyati “avariya” holatida. Hozirda shaharcha ahvoli respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganilayotgan bo‘lib, 2019 yil shaharchada katta o‘zgarishlari bo‘lishi kutilayotgan ekan.

Talimarjon shahri hokimi Ibrohim Qarshiyev
Foto: Ziyonews


“Shaharchamizdagi ko‘p qavatli uylarning aksariyati avariya holatida”,- deydi shaharcha hokimi Ibrohim Qarshiev. — Shu sababli ham Talimarjon shaharchasi respublika e’tiborida bo‘lib turibdi. Ayni kunda shaharchamiz ahvoli o‘rganilib, respublikaga ma’lumot berayapmiz. Nasib etsa 2019 yil Talimarjon shaharchamizda katta qurilish, ta’mirlash ishlari olibborilishi rejalashtirilmoqda.
3-uyning 16-xonadonida yashovchi Shuhrat Qo‘ysinovning ta’kidlashicha, kanalizatsiya quvurlari 1963-1968 yillarda qurilgan bo‘lib ayni kunda chirib, yorilib ketgan.
“Yashayotgan uyimizning kanalizatsiya quvurlari ta’mirtalab bo‘lib qolganligi sabab, o‘zimizning mablag‘imiz evaziga ta’mirlayapmiz”,- deydi Shuhrat Qo‘ysinov. — Ammo xususiy uy-joy mulkdorlari shunday bo‘lsa-da, pul so‘rab kelishadi. Ta’mirlanadigan joyimizni o‘zimiz ta’mirlasak, yana nega shirkatga pul to‘lashimiz kerak?
“Kanalizatsiya tizimi yaxshi ishlamaganligi sabab pastki qavatda yashovchi qo‘shnimiz bilan o‘rtamizda nizo chiqdi”,- deydi Nasibali To‘raqulov. – Har safar kanalizatsiyada sababli muammo chiqadigan bo‘ldi. Axiri kanalizatsiyani umuman uzib tashlab, ayolim va farzandlarimni qishloqqa yuborishga majbur bo‘ldim.
“Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati kanalizatsiyani ta’mirlab berishni zimmasiga olmagan”, — deydi mahalla raisi Sayfulla Jonimqulov. – Boisi shaharchamizda 2007 yildan beri kanalizatsiya ishlamaydi.
3-uyda yashovchi Nasibali To‘raqulov va Shuhrat Qo‘ysinovlarning kanalazatsiya quvurlari bilan bog‘liq muammolari haqida shaharcha hokimiga bildirganimizda hokim hududga borib, xonadon egalariga imkon qadar yordam ko‘rsatishi va bu haqda bizga bildirishini aytdi. Ammo shaharcha hokimidan bu borada yangilik eshitmadik.
Nasibali To‘raqulovning aytishicha, ancha payt shirkatdan yordam kutishgan. Ammo shirkat yordam bermagach, o‘z mablag‘lari evaziga kanalizatsiya quvurlarini almashtirishayotgan ekan. Biz ham jarayon ustidan chiqqanimiz bois, quvurlarning ahvolini suratga oldik. Quvur trubasini zang bosganidan yorilib ketgan. Ko‘p qavatli uyning pod’ezidan chiqayotgan hidga esa turib bo‘lmaydi.

Foto: Ziyonews


“Har kuni shu ahvolda yashaymiz”, — deydi Norboy Ro‘ziev. – Kanalizatsiya ishlamagach, ahvol shu-da. Biroq, bu masalaga hech kim e’tibor qaratmayapti. Kanalizatsiya tizimi muammo bo‘lganligi sabab ham o‘zimizga sharoit yaratish maqsadida hojatxona va o‘zimiz uchun kerakli bo‘lgan sharoitlarni hozirlashga kirishsak, noquniniy deb buzib tashlashadi. Bundan bir necha yillar ilgari qurilgan umumiy hojatxonalar esa talabga javob bermaydi.

Foto: Ziyonews


“Shaharchamizdagi mavjud umumiy hojatxonalar talabga javob bermasligi ayni haqiqat”, — deydi shaharcha hokimi Ibrohim Qarshiev. – Shuning uchun ham 2019 yilning birinchi choragida “Do‘stlik” mahallasida 11 ta, “Tinchlik” mahallasida esa 4 ta umumiy hojatxonalar qurilishi rejalashtirilgan. Kelasi yil bu muammo yechiladi.
Shaharchadagi 2-uyning 4-xonadonida yashovchi G‘ofur Amirovning aytishicha, u yashovchi uyning devorlari yorilib xavfli holatga kelib qolgan.
“Faqat biz yashaydigan uymas, ko‘pchilik “dom”lar yorilib, xavfli holatni yuzaga keltirmoqda, — deydi G‘ofur Amirov. – Bu haqda shaharcha hokimligi ham mahalla raisi ham biladi. Ammo biror bir yordam ko‘rsatish haqida o‘ylashmaydi. Bilolmay qoldik bu ahvolda nima bo‘ladi?
Ma’lum bo‘lishicha, Talimarjon shaharchasida 2 ta umumta’lim maktabi, 2 ta bolalar bog‘chasi mavjud bo‘lib, shaharchada istiqomat qiluvchi aholi soni 10 757 nafar kishini tashkil qiladi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.