Qidirish uchun yozing

Mahalliy

Shahrisabzda viloyat hokimi qarori ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga chora ko‘rildi

  Ulashish

Shahrisabz tumanida viloyat hokimining qarori ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga intizomiy jazo qo‘llanildi, jarima to‘lashi lozimligi belgilandi. Bu haqda «Ziyonews»ga inspektsiya viloyat boshqarmasi bosh inspektori Sarvinoz Ismoilova xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Vazirlar Mahkamasining “2019 yil hosili uchun boshoqli don ekishga tayyorgarlik ko‘rish, urug‘likni navlar bo‘yicha joylashtirish, don ekish agregatlarini ta’mirlash, ekish uchun yer tayyorlash, g‘alla ekish mavsumini uyushqoqlik bilan tizim asosida tashkil etish hamda urug‘lik don tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayoniga ko‘ra, viloyat hokimining qarori qabul qilingan bo‘lib, qarorda kuzgi don ekish tadbirlarini ko‘ngildagidek o‘tkazish to‘g‘risida topshiriq berilgan.

“Shahrisabz tumanida viloyat hokimi qarorida ko‘rsatilgan ishlar belgilangan muddatlardan ancha kech amalga oshirilganligi aniqlangan”, — deydi inspektsiya viloyat boshqarmasi bosh inspektori Sarvinoz Ismoilova. — Tuman hokimining ham bu borada qarori qabul qilinishiga qaramasdan kuzgi boshoqli don ekinlarini tizimli ravishda, belgilangan muddatlarda ekish ishlari kechiktirilgan.

Aniqlanishicha, tumanda 6350 gektar suvli maydonga, shundan 750 gektar ochiq yerlarga hamda 5600 gektar g‘o‘za qator orasiga kuzgi boshoqli don ekilishi rejalashtirilgan.

“Tumandagi 20 dan ortiq fermer xo‘jaliklari o‘rganilganda, yer maydonlari begona o‘tlardan tozalanmaganligi aniqlangan”, — deydi bosh inspektor Sarvinoz Ismoilova. — Kartalar to‘rtburchak holatda tayyorlanmaganligi, karta etaklari sifatli baronalab, kesaklar maydalanib, tuprog‘i yumshatilmaganligi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, g‘o‘za orasi sifatli kultivatsiya kilinmaganligi, sug‘orish tizimlari va sharbat o‘ralari mavjud emasligi aniqlangan. Shunga ko‘ra kuzgi boshoqli don ekinlari sifatsiz ekilganligi qayd etilib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Foto: Sarvinoz Ismoilova.

Sarvinoz Ismoilovaning aytishicha, shu ishlarning boshida turib, fermerga amaliy yordam ko‘rsatishi belgilangan tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mutaxassisi J.Asqarov nomidan to‘ldirilgan urug‘lik don olish uchun sertifikatlardagi imzolar qalbakilashtirilgan. Shu bilan birga, yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Yashin Ismoilov tuman inspektsiyasining bir necha yozma so‘rovlariga javob berishdan bo‘yin tovlab kelgan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni bergan. Shundan kelib chiqib, unga nisbatan jarima jazosi tayinlangan.

Foto: Sarvinoz Ismoilova.

Shuningdek, “Qarshi neftebaza”AJ “Shahrisabz” filiali rahbari I.Tilyayevga esa qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tuman prokuraturasi taqdimnoma qiritgan.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.