Qidirish uchun yozing

ZiyoNews.uz surishtiruvi

Nishonlik yolg‘iz ona tuman xotin-qizlar qo‘mitasi va mahalla vakillaridan norozi bo‘lmoqda

  Ulashish

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida yashovchi Tursuntosh Shoto‘raeva oilaviy sharoiti og‘irligi va 6 nafar farzandi bilan ijarama-ijara yashab yurganligi sabab, oilani arzonlashtirilgan uy-joy bilan ta’minlashni kechiktirayotgan tuman xotin-qizlar qo‘mitasi va mahalla mas’ullarini ayblamoqda. Murojaatni o‘rganish maqsadida Nishon tumanining Baynalminal mahallasida bo‘ldik.
“Farzandlarimni o‘z vaqtida yedirib-ichirishga qiynalayapman”, — deydi Tursuntosh Shoto‘raeva. – Qolaversa o‘g‘lim kontraktda o‘qiydi. Qizlarim ham katta bo‘lib qolishgan. Kollej, litseyda o‘qiydi. Ijarama-ijara ko‘chib yurishdan charchadik. Tuman hokimligiga uchrashdim. Prezidentimizning virtual qabulxonasiga ham murojaat qilgandim. Faqat qog‘ozda javob berishadi. Amaliy natija yo‘q. Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Shohida Xo‘jamqulovaga 2-3 marta uchrashdim. Yordam berishmayapti.
“Bizga nafaqa bo‘yicha murojaat qilgan”, — deydi “Baynalminal” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi G‘ofur To‘raboev. — Farzandlarining ikki nafariga 14 yoshgacha bo‘lganlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan nafaqani tayinlagandik. Nafaqa 6 oy davomida to‘lab borildi. Yaqinda to‘xtatildi. Uy-joy masalasida ham murojaat qilgan. Ammo uy-joy berish mahallaning vakolatiga kirmasligini, lekin ro‘yxatga qo‘yib tuman hokimligiga hujjat taxlaganmiz.

Baynalminal MFY Raisi G’ofur To’raboyev
Foto: Ziyonews


Mahalla raisining ma’lum qilishicha, Tursuntosh Shoto‘raeva farzandlari bilan bundan ikki yarim yil ilgari shu mahallaning Nastarin ko‘chasidagi 9-uyning 5-xonadoniga ko‘chib kelgan. Hozirda ushbu xonadonda ijarada yashaydi.
“Mahallamizga ko‘chib kelganda, ro‘yxatga qo‘yilmagandi”, — deydi mahalla raisi G‘ofur To‘raboev. — Ro‘yxatga oldik. Uy-joyga muhtojligi xususida tuman hokimligiga hujjat tayyorladik. Qo‘limizdan kelgancha yordam berayapmiz.
Mahalla vakillariga “murojaatchining uyga muhtojligi xususida tuman hokimligiga bildirishgani xususidagi hujjatdan nusxa bormi?” — deya so‘raganimizda o‘zlarida nusxa qoldirishmaganini aytishdi.
“Joriy yilning boshida ushbu oilaning sharoiti bilan tanishib chiqib, haqiqatdan ham uyga muhtojligi xususida hujjat tayyorlab, tuman hokimligiga bildirganmiz”, — deydi mahalla fuqarolar yig‘ini mutasaddisi Gulirayhon Tursunova. — Ammo tayyorlagan hujjatlarimizning nusxasini o‘zimizga olib qolmaganmiz. Tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga berganmiz.

Foto: Ziyonews


“Oilamiz kam ta’minlangan oila bo‘lganligi sabab mahallaga moddiy yordam so‘rab murojaat qilganman, — deydi Tursuntosh Shoto‘raeva. – Ammo 14 yoshgacha bo‘lgan nafaqani 6 oy olganim uchun, hozir limit tugagan endi yangi yildan boshlab moddiy yordam beramiz deyishgan.
“To‘g‘ri, fuqaro moddiy yordam olish uchun murojaat qilgan”, — deydi mahalla fuqarolar yig‘ini kotibasi Gulnora Qurbonova. – Hujjatlarini ko‘rib chiqib, 2019 yildan boshlab moddiy yordam ham yozamiz.
Mahalla raisi G‘ofur To‘raboevning ma’lum qilishicha, “Baynalminal” mahallasida 2457 nafar aholi 555 ta xonadonda istiqomat qiladi. Mazkur mahallada yashovchi 2 nafar og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga uy-joy qurib berilmoqda.
“Vaqti soati bilan bu kishining oilasiga ham uy-joy beriladi”, — deydi mahalla raisi. — Faqat tuman hokimligi ro‘yxat bo‘yicha berishadi-da.
Nishon tuman hokimi o‘rinbosari Shohida Xo‘jaqulovaning so‘zlariga ko‘ra, Tursuntosh Shoto‘raeva oilasi tumanda uy-joyga muhtoj oilalar ro‘yxatida turadi.
“Tursuntosh Shoto‘raevaning oilasi ham uy-joyga muhtojlar ro‘yxatida turadi”, — deydi tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Shohida Xo‘jaqulova. – U kishining turmushga chiqqan farzadlaridan tashqari qaramog‘ida yana 5 nafar farzandi bor. Shuni inobatga olgan holda oilani uy-joyga muhtoj oilalar safiga qo‘shganmiz.

Shohida Xo’jaqulova
Foto: Ziyonews


Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisining so‘zlariga ko‘ra, Tursuntosh Shoto‘raeva oilasi 2 marotaba uyga muhtoj va uy berilishi lozim bo‘lgan oilalar ro‘yxatiga kiritilib, viloyat hokimligidan rad etilgan.
“Sababi mazkur oilaga Vazirlar Mahkamasining 285-sonli qaroriga ko‘ra, dastlabki badal to‘lovni to‘lab uky bermoqchi bo‘ganimizda, qolganini to‘lay olmasligini bildirgani uchun bepul uy-joy berilishi lozim bo‘lganlar qatoriga ham qo‘shagandik, oilaga yordam bo‘lsin deb”, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari. — Ammo talabga to‘g‘ri kelmaganligi bois ham viloyat hokimligidan rad etishgan.
“Ayni kunda biz yashab turgan uy egasi ham ijara pulini o‘z avqtida to‘lay olmaganim uchunmi yoki boshqa sababi bormi uydan chiqing deyapti”- deydi Tursuntosh Shoto‘raeva. – Lekin sovuq qishda qaerga boraman?
“Tursuntosh Shoto‘raevaga vaqtincha yashab turish uchun hech qanday to‘lovlarsiz uy taklif qildik”, — deydi tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Shohida Xo‘jaqulova.- Bir emas 3 ta uy borligi aytdik. Ammo uzoq yoki menga noqulay deb rad etgan. Tuman hokimligining qo‘lidan kelgani shu”.
“3 ta uy ko‘rsatishgani rost”, — deydi murojaatchi. – Ammo uzoq hududdan. Borib-kelish muammo. Farzandlarim o‘qiydi. O‘zim esa shu yerdagi oshxonalarda ishlayman. Qatnash muammo tug‘dirgani sabab ham rad etganman. Qolaversa, bo‘yi yetgan qizlarim bilan notanish insonning uyida qanday yashayman?
Tuman hokimi o‘rinbosari Shohida Xo‘jaqulovaning ma’lumot berishicha, tumanda 174 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar mavjud bo‘lib, 2017 yil ularning 12 nafariga joriy yil esa 15 nafariga uy-joy qurib berilmoqda.
“Birinchi navbatda nogiron farzanlari bor oilalarga yordam qilish maqsadida ularni uy-joy bilan ta’minlashga harakat qilyapmiz”, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari. Chunki belgilangan tartib bor. Nasib etsa Tursuntosh Shoto‘raevaga ham navbat kelsa, albatta uy-joy bilan ta’minlaymiz.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.