Qidirish uchun yozing

Asosiy ZiyoNews.uz surishtiruvi

Dehqonobodliklar hasratidan o‘t chiqmoqda: tuman hokimi muammolarga shunchalik befarqmi?

  Ulashish


“Ziyonews” tahririyatiga yo‘llangan galdagi murojaat Qashqadaryo viloyatining uzoq hududlaridan biri Dehqonobod tumanida yashovchi obiravonliklardan kelib tushgan bo‘lib, murojaatda qishloq ahli bugun muammolar girdobida yashayotganini yozadi.
Masalani o‘rganish maqsadida Obiravon qishloq fuqarolar yig‘ini tomon yo‘l oldik. Viloyat markazidan 100 kilometr masofada joylashgan “Choshtepa” qishlog‘iga borgunga qadar, yo‘lning 29 kilometri juda yomon ahvolda ekanligiga ham guvoh bo‘ldik. Qishloq ahlining aytishicha, bundan 40-50 yil ilgari qurilgan ushbu yo‘lning bugungi kundagi ahvoliga “maymunlar yig‘laydi”. Viloyat markazidan qishloqqa olib kiruvchi yo‘l boshiga kelgunga qadar bir soat vaqt sarflansa, ayni qishloqqa kirish uchun bosib o‘tiladigan 29 kilometrlik masofani ham naq bir soat deganda ortda qoldirdik.

Foto: Ziyonews


“Choshpeta” qishlog‘iga kirib borishimiz bilanoq muammo bilan yuzma-yuz keldik. Qishoqqa olib kiruvchi 3 kilometrlik yo‘l loy va qatnov uchun xavfli bo‘lganligi sabab, qishloq ahli bilan daryo bo‘yida uchrashdik. Daryodan olib o‘tuvchi ko‘prik ham havas qilar darajada emas. Amal-taqal qilib zo‘rg‘a o‘tdik.

Foto: Ziyonews


“Butun bir qishloq shu jin ko‘prikdan yuradi, — deydi aholi vakillaridan O‘ktam Sheraliyev. – 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholi yuragini hovuchlab o‘tadi. “Yiqilib ketmay” — deya. Har safar o‘zimiz ta’mirlab qo‘yamiz. Qaysidir yog‘ochini almashtiramiz yoki sim bilan qattiqroq bog‘laymiz. Qiladigan ishimiz shu, xolos. Tuman hokimligidagilar bu xususida bir marotaba bo‘lsa-da, o‘ylab ham ko‘rishmaydi.

O’ktam Sheraliyev.
Foto: Ziyonews


Qishloq ahlining aytishicha, ushbu ko‘prikdan maktabga o‘tmoqchi bo‘lgan bolalar bir necha marotaba tushib ham ketgan.
“O‘tgan yili bolalarimiz tushib ham ketdi, — deydi aholi vakillaridan biri Bozorxol Tursunova. – Biz qariyalarni kim o‘ylaydi? Qanday qilib o‘tamiz bu jin ko‘prikdan?

Bozorxol Tursunova.
Foto: Ziyonews


Ushbu qishloqda yashovchi o‘qituvchi Abdusamad Norbo‘tayevning ma’lumot berishicha, mazkur ko‘prik 2005 yil aholining sa’y-harakati bilan qurilgan bo‘lib, uzunligi 170 metrni tashkil qiladi. Mazkur ko‘prik ayni kunda qishloqqa olib kiruvchi yagona ko‘prik hisoblanar ekan. Avtomobillar uchun mo‘ljallangan 3 kilometrlik yo‘l esa qalin tuproq bo‘lganligi sabab, yog‘ingarchilik paytida harakatlanishning umuman imkoni yo‘q. “O‘tish uchun harakat qilgan har qanday avtomobil u xoh engil xoh yuk avtomobili bo‘lsin bir zumda loyga botib qoladi, — deydi aholi vakillari.
“Bu xali holva deydi, — suhbatdoshlar. – Maktab yonida ham bir ko‘prik bor. 1989 yil aholining o‘zi qurgan. Uzunligi 110 metr. Uning ahvoli bundan-da battar. Har safar bolalar tushib ketadi.

Foto: Ziyonews


60 xo‘jalik istiqomat qiluvchi “Choshtepa” qishlog‘i ahlining qo‘shimcha qilishicha, qishloqda 40 ta xo‘jalikka mo‘ljallangan transformator bo‘lib, bugungi kunda aholi talabiga umuman javob bermayotgan ekan.
“Ikki yildan beri shu muammo bilan kurashamiz, — deydi “Oqsuv savob” masjidi imomi xatibi Nurmuhammad Buxorov. – Bizdagi transformator 40 ta xo‘jalik uchun mo‘ljallangan. Qishloqda xo‘jalik soni ortib bormoqda. Mutasaddilar esa har safar bizni aldashdan nariga o‘tishmayapti. O‘tgan safar ham “Obod qishloq” dasturiga tushgan qishloqqa yangi transformator olib kelishib, uning eski transformatorini bizga olib kelishgan va bo‘yalgan eski transformatorni “yangi transformator qo‘ydik”- deb bizni yana aldashgan. O‘sha yangi transformator qo‘shilganidan buyon tok o‘ynaydi. Dazmol kuyadi, televizor kuyadi.

Nurmuhammad Buxorov.
Foto: Ziyonews


Choshtepaliklar gaz ballon muammosi borligidan ham shikoyat qilmoqda.
“Gaz ballonni etarli darajada etkazib beramiz deyishgandi, — deydi Bozorxol Tursunova. – Ammo amalda gap isboti bo‘lmadi. O‘zimiz foydalanib turgan ballonlar kichkina bo‘lganligi sababli talabga javob bermaydi deb olishmayapti. Gaz yoqishimiz kerak-ku?

Foto: ZiyoNews.uz


“Eng yomoni o‘sha gaz ballonlarni eshakka ortib, belgilangan joyga olib borguncha ona sutimiz og‘zimizga keladi, — deydi masjid imom xatibi Nurmuhammad Buxorov. – O‘tgan kuni bir voqeaga ko‘zim tushdi. 2 ta gaz ballon ortilgan eshak daryoning o‘rtasiga borganda ortga qarab yurdi, bolaga bo‘ysunmay. Shunda har ikkala gaz ballon ham suvga tushib ketdi. Qaniydi shu yo‘l masalasi tezroq hal etilsa…
Nurmuhammad Buxorovning qo‘shimcha qilishicha, hatto tez yordam mashinasi ham shu 3 kilometrli yo‘lga kelganda o‘tolmay to‘xtab qoladi. Bemorning ahvoli qanchalik og‘ir bo‘lmasin, uni eshakka mindirib, katta yo‘lga tez yordam mashinasi yoniga olib chiqishlariga to‘g‘ri kelar ekan.
“Agarda shu loygarchilik payti homilador ayollarning dardi tutib qolsa, katta yo‘lga chiqish uchun homilador ayollarimizni ham eshakda olib o‘tamizmi? – deya savol beradi aholi vakillari fotokameraga yuzlanar ekan.
“Qishlog‘imiz “oyoqdan qoldi”, — deydi 80 yoshli Xolmamat bobo Norbo‘taev. – Loygarchilik. Agar xudo ko‘rsatmasinu o‘lib qolsak, daryodan qanday olib o‘tishadi. Ko‘prikdan ko‘tarib o‘tkazisholmasa, yo‘l loy bo‘lsa. Keyin nima bo‘ladi?
Xolmamat boboning aytishicha, u kishining ayni damda hech kimi yo‘q. “Shu bobolar ham vaqtida ishlashgan, mehnat qilishgan deb bir xabar olishmaydi, — deydi Xolmamat bobo. – Mening hech kimim yo‘q . Agar o‘lib qolsam,10 kunlab hech kim xabar olmasligidan qo‘rqib ketaman.

Dilbar va Dildora Po‘latova, Malohat Normurodova hamda O‘rozgul Rajabova kabi 9 nafar ayolning aytishicha, Obiravon QFY raisi Abdiolim Yaxshiboev ularni qishloqda olib borilayotgan yo‘l qurilishida ishtirok etishlarini so‘rab, mavsumiy ishchi sifatida ishga jalb qilishini va 480 ming so‘mdan oylik berishni va’da qilgan. Ammo iyulь, avgust, sentyabrь oylarida ularni ishlatib, oylik berishga kelganda esa, davlat pul bermadi degan bahonani ro‘kach qilgan.

Dilbar Po‘latova, Dildora Po‘latova, Malohat Normurodova
Foto: Ziyonews


“Rais buva 480 mingdan naqd qilib, o‘zim oylik beraman dedi, — deydi Dilbar Po‘latova. — Uch oy shag‘al tashidik. Yo‘l ta’mirladik. Ishlagan oylarimizning evaziga 150 ming bir marotaba,165 ming bir marotaba pul oldik, xolos. Raisning oldiga borsak, “davlatdan pul berishmadi. Mening oldimga kelmanglar endi pul yo‘q” — dedi. Haligacha ishlangan peshona terimizni bermay yuribdi. Nima qilishni bilmayapmiz, — deydi.
“Choshtepa qishlog‘idan 9 nafar ayol mavsumiy ishga jalb qilingani rost, — deydi Obiravon QFY raisi Abdiolim Yaxshiboyev. – Yo‘l ta’mirlanishida ham ishlashdi. Paxta mavsumida ham katta jonbozlik ko‘rsatdi. Ammo yo‘l qurilishida ular hech qanday “ob’yom” bajarmadi-da. Shuning uchun pul berilmadi.

Obiravon QFY raisi Abdiolim Yaxshiboyev
Foto: Ziyonews


Ayollarning aytishicha, bu masala yuzasidan ular tuman hokimligiga borishganida mehnat birjadagilar mavsumiy ishchilardan shartnoma va buyruq so‘rashgan. “Sizlar bilan shartnoma tuzilganmi? Shartnomani bering” – deyishdi deydi O‘rozgul Rajabova. – Biz shartnomani tushunmasak nima deyishimizni bilmay qoldik.
“Mavsumiy ishchilar bilan shartnoma ham tuzilgan, buyruq ham chiqarilgan, — deydi QFY raisi. Shunda raisga “muammo nimada unda” deya savol berganimizda Zafar ismli kotibiga qarab, “agar puli qolgan bo‘lsa to‘lab beriladi, albatta” deyishdan nariga o‘tmadi.
Tuman hokimi o‘rinbosari Sohib Samadovning bizga ma’lum qilishicha, rais bu muammoni tuman hokimligi zimmasiga yuklamasdan ayollar jamoatchilik asosida ishga jalb qilingan bo‘lsa, mehnat birjasi orqali ularning oylik maoshini ham o‘zi hal etishi lozim ekan.
Murojaatchilar o‘z murojaatida yana bir muammoni yozishadi.
“Qishloq uchga bo‘linayapti, — deydi O‘ktam Sheraliev. — Biz yashayotgan “Choshtepa” qishlog‘iga alohida qishloq maqomi berilayotganidan mamnunmiz, albatta. Ammo fuqarolardan bir og‘iz ham so‘ralmay, saylanishi kerak bo‘lgan rais tayinlab ketilganini qanday tushunishimiz mumkin? Yoki hokim “kuchasi”ni (nimadir tortiq qilingan degan ma’noda, tahririyat izohi) olganmi deb o‘ylab qolayapmiz.

Foto: Ziyonews


Suhbatdosh aholining aytishicha, ushbu qishloqda yashovchi Yaxshiboy O‘ralov tuman hokimi tasdig‘i bilan rais deb tayinlangan.
“Hali kimdir rais sifatida ish boshlaganidan xabarim yo‘q, — deydi Obiravon QFY raisi Abdiolim Yaxshiboev. – Ammo to‘rt-besh kishining hujjati tuman hokimligiga taqdim qilingan. Agar kimdir tayinlangan bo‘lsa ham bu o‘sha kishi ish boshlaydi deganimas-ku. Saylov bo‘ladi hali.
“Choshtepa qishlog‘iga alohida qishloq maqomi berilgan bo‘lsa-da hali hujjatlari tayyor emas, — deydi tuman mahalla jamoat fondi raisi Davlat Qulmatov. — Shuning uchun rais tayinlandi degan gapga hali erta.

Davlat Qulmatov.
Foto: Ziyonews


Choshtepalik Sharif Boypo‘latov va Shamsiddin Po‘latovlarning iddaosiga ko‘ra, ular tuman hokimi Zoir Aliqulovdan yer so‘rab borgach, hokim yer berib muammoni hal etish o‘rniga “Sen menga ortiqcha va qo‘pol munosabatda bo‘lding” — deb tuman IIBga aytib ularni qamatib ham qo‘ygan ekan.
“Besh gektar yer so‘rab olib, o‘sha yerga suv chiqarib, bir necha kishini ish bilan ta’minlash niyatim bor edi, — deydi Sharif Boypo‘latov. – Yer so‘rab borganimda, har kuni mendan yer so‘rab kelayapsan, ortiqcha va qo‘pol gapirding deb qamatib qo‘ydi. Men aslida yerni obod qilib, bir necha kishini ish bilan ta’minlamoqchi edim, xolos”.

Qolaversa fuqaro Dildora Po‘latovaga ham dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun yer berish to‘g‘risida tuman hokimi qarori 2018 yil 6 fevral kuni chiqqan bo‘lishiga qaramasdan, haligacha yer o‘lchab berilmagan ekan.
“Hokim qarori chiqqaniga ham bir yildan oshdi, — deydi Dildora Po‘latova. – Kontur ham aniq, ammo yer haligacha o‘lchab berilmadi. Tuman hokimligiga qatnashdan charchadik. Har doim ahvol shu.
Choshtepaliklar bilan suhbat davomida ular qishloqda bog‘cha yo‘qligini ham aytibo‘tishdi. “Farzandlarimizni bog‘chaga qo‘yishni xohlaymiz biz ham, — deydi aholi vakillari.
Yo‘l, gaz, ko‘prik va yer muammosi, boz ustiga ularning xohishi inobatga olinmasdan tayinlangan rais masalasi haqida eshita turib, aholining bardoshiga qo‘yil qoldik. Shuncha muammo bo‘la turib, “hammasi yaxshi” qabilida ish yuritib kelayotgan Dehqonobod tuman hokimligi tez orada choshtepaliklar dardiga quloq tutadi degan umidda ortga qaytdik.

Otabek Qo’ldoshev

1 ta muhokama

  1. Таажжуб!!! Шу муаммоларни наҳотки шу вақтгача ҳеч ким кўрмаган бўлса? Ҳозир айрим раҳбарларнинг биринчи қиладиган иши — ҳудудидаги муаммо-камчиликларни бартараф этиш эмас, балки уларни бировга билдирмаслик бўлиб қолган. Масъулиятсиз, ўз вазифасига нолойиқ, хўжакўрсинга иш юритишни одат қилган раҳбарлар бор экан, ишда ўнгланиш бўлишига умид қилмасак ҳам бўлади. Қанийди, ушбу мақоладан сўнг тегишли кимсалар мақола муаллифининг «кетига сув қуйиш» билан шуғулланмасдан, мавжуд муаммоларни бартараф этишга киришишса. Афсуски, уларнинг оқилона йўлдан боришларига кўзимиз етмайди.

    Ответить

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.