Qidirish uchun yozing

Ziyonews surishtiruvi: nishonlik fermerlarning uyi tintuv qilinib, mol-mulki tortib olinmoqda

ZiyoNews.uz surishtiruvi

Ziyonews surishtiruvi: nishonlik fermerlarning uyi tintuv qilinib, mol-mulki tortib olinmoqda

  Ulashish


Nishon tumanidagi qarzdor fermerlarning xonadonini mahalla inspektori va majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi xodimlari tintuv qilib, mol-mulkini tortib olmoqda. Bu haqda tahririyatga tumandagi fermerlar ma’lum qildi.
Tuman MIB boshlig‘i G‘ayrat Aliqulovning bildirishicha, tumandagi 1181 ta fermer xo‘jaligining kreditdan 86 mlrd 213 mln so‘m qarzi bor. Hozirga qadar qarzning 51 mlrd so‘mi undirilgan.
“Qolgan qarzlarni undirish uchun endilikda fermer xo‘jaliklarining mol-mulkini xatlashni boshlaganmiz”, – deydi G‘ayrat Aliqulov.
“17 noyabrь kuni mahalla profilaktika inspektori va MIB xodimlari uyimizda tintuv o‘tkazdi, – deydi uyi tintuv qilingan “Donaev Xolmurod” fermer xo‘jaligi rahbari Xolmurod Donaev. – So‘ngra alohida yashovchi o‘g‘limning uyida turgan T28 traktorini ham olib qo‘yishdi”.
“MIB xodimlari bilan birgalikda fermerning xonadonida bo‘lganimiz rost, – deydi mahalla profilaktika inspektori, leytenant Abror Sharopov. – Ammo tintuv o‘tkazilgani yo‘q. Shunchaki fermerning mol-mulki ko‘zdan kechirildi. Avvalo, fermerga kreditdan qarzi borligi aytildi. Sud qarori va ijro hujjati bilan tanishtirilib, keyin ishga kirishildi. Hech qanday noqonuniy harakat qilinmadi”.


Hayit Allanazarovning aytishicha, fermer xo‘jaligi ishini bajarish uchun yaqin tanishidan olib turgan “Damas” rusumli avtomobilini ham undan tortib olishgan.
“O‘tgan kuni ko‘chada ketayotsam, minib yurgan mashinamni ham olib qo‘yishdi, – deydi Hayit Allanazarov. – Fermer xo‘jaligi ishlarini bajarish uchun dehqonobodlik tanishlardan birining mashinasini olib turgandik. Keyin tanishimga holatni bildirdim. Kelib so‘rasa, paxta terimidan keyin kelasiz deb qaytarib yuborishgan”.
Tuman MIB boshlig‘i G‘ayrat Aliqulovning ta’kidlashicha, “Damas”ning xatlangani rost, agar avtomobil sud orqali o‘zganing mol-mulki ekanligi isbotlansa, albatta egasiga qaytariladi.
Hayit Allanazarovning bildirishicha, u hovlida bo‘lmagan payti yigirmaga yaqin kishi uyiga borgan va hovlidagi sigirni ham xatlagan.
“O‘g‘limni rosa haqorat qilishgan, – deydi Hayit Allanazarov. – Tuman prokuraturasidan Umid ismli prokuror o‘rinbosari borib, kampirimni ham haqoratlagan, do‘q qilgan. Shu bois kampirimning qon bosimi oshib ketgan, hozir mazasi yo‘q”.
Hayit Allanazarovning turmush o‘rtog‘i Roziya Mo‘minova o‘sha odamlar soat 2 da kelishgani, avval uyni tintuv qilishganini aytdi.


“So‘ng o‘g‘lim menga majburiy ijrodan odam kelganini aytdi, – deydi Roziya Mo‘minova. – Chiqsam, besh-olti kishi turgan ekan. “Momo, hamma narsangizni xatlaymiz” deyishdi. Shunda men “Xizmatga tuhmatmi, axir yoz bo‘yi mehnat qilishgan bo‘lsa, suv yo‘qligi tufayli hosil bo‘lmagani bizning aybimiz emas-ku” dedim. O‘g‘limni haqorat qilaverishgach, hujjatni olib keling, men imzo chekaman dedim va ularning qo‘lidagi hujjatga qo‘l qo‘ydim”.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni Majburiy ijro byurosi xodimlari fermer xonadonidagi sigirni ham xatlashgan. Roziya momo o‘sha sigir xatlangani to‘g‘risidagi hujjatga imzo chekkan.
Fermerlar tonggacha maqsadsiz ushlab turilgan
Fermerlar Xolmurod Donaev va Hayit Allanazarovning aytishicha, tuman hokimi va viloyat prokurori 17 noyabrь kuni kechki payt soat 8 da ularni tuman markaziga chaqirgan va tonggi soat 3 gacha ushlab turgan.
“Kechki payt soat 8 da telefon qilishdi va tuman hokimligiga chaqirishdi, – deydi Xolmurod Donaev. – Bordik. Ertalab yigirma minut kam 3 gacha ushlab turishdi. Hech narsa so‘ramadi. Nimaga chaqirishdi, maqsad nima, bilolmadik”.
“Kechasi soat ikkidan o‘tgach, ko‘chaga chiqib kelishim kerakligi haqida aytdim, – deydi Hayit Allanazarov. – Keyin meni tuman hokimi chaqirdi. “Nima gap, bobo?” deb so‘radi. “Meni nimaga chaqirgansizlar, menda qaror bo‘lmasa, shartnoma bo‘lmasa? O‘sha payt ishlayvering deb o‘zingiz aytdingiz-ku. Qaror chiqqach, shartnoma qilinmadi, o‘g‘lim ham ko‘ngil berib ishlamadi. Nega endi men emagan somsaga pul to‘lashim kerak, agar aybim bo‘lsa, hoziroq qamang, bunaqa sarson qilmay” dedim. Shunda hokim “Boring, chiqib keting” deya meni eshitishni ham istamadi. Fermerlarni umuman tinglashmaydi”.
Qarzdorlik sabablari – er taqsimoti, suvsizlik, hokimlikning xarjlarga aralashuvi
“Bu yil 12 gektar erga chigit ekkandim, suv yo‘qligi sabab 5 gektari umuman unib chiqmadi, – deydi fermer Xolmurod Donaev. – Ammo hozirga kelib mendan 12 gektar erning plani talab qilinmoqda. 24 tonna paxta topshirishim kerak ekan. Paxtam endi 10 tonnaga yaqinlashdi. Qanday qilib unib chiqmagan erning paxtasini topshiraman? Dastlab 7 gektar er uchun kredit berishgandi, keyin tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining talabi bilan qolgan 5 gektar uchun ham kredit chiqarishgan. Jami 47 mln so‘m kredit berilgan bo‘lib, hozirga qadar shundan 27 mln so‘mini to‘ladim. Qolgan 20 mln so‘mini qanday to‘lashni bilmay boshim qotgan”.
Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi guruhi rahbari G‘ayrat Panjievning bergan ma’lumotiga ko‘ra, chigit ko‘ngildagidek hosil berishi uchun hech bo‘lmaganda uch-to‘rt marta suv ichishi kerak bo‘ladi.
“Etarli darajada sug‘orilmagach, hosildan qanday umid qilishimiz mumkin? – deydi fermer Xolmurod Donaev. – 12 gektar erimning 5 gektari biror marta ham sug‘orilmagani sababli ko‘karmadi. 7 gektar erdagi chigit esa atigi bir marta suv ichdi. Shukurki, shunday bo‘lsa-da, hosil oldik. Tag‘in aybdor biz bo‘lib qolayapmiz”.
Er egalari kengashi guruhi rahbari G‘ayrat Panjievning bildirishicha, odatda fermer chigit unib chiqmagach, o‘sha er uchun berilgan kreditni qaytarishi va shartnomani bekor qilishi lozim bo‘lgan.
“Fermer Xolmurod Donaev bizga biror marta ham murojaat qilmagan, – deydi G‘ayrat Panjiev. – Agar murojaat qilganda biz fermer huquqlarini himoya qilardik”.
Fermer Xolmurod Donaevning so‘zlariga ko‘ra, tumanning sobiq hokimi va IIB boshlig‘i fermer xo‘jaligi rahbarlariga kredit pullarini qachon, qaerga sarflashi lozimligini belgilab bergan.
“Tumanimizning oldingi hokimi Asror Jo‘raev va IIBning sobiq boshlig‘i Mamanazar Xolmurodov, sektor rahbari bo‘lgani uchunmi, barcha xarajatlarni o‘zlari belgilab berib, hujjatlarga muhr qo‘yib berishimizni talab qilardi, – deydi Xolmurod Donaev. – 47 mln so‘mlik kredit pullarini yonilg‘i, bioximiya, agrotexnik tadbirlar va soliqqa ishlatganman, xolos. O‘sha pul hisobidan yonilg‘i quyish shoxobchasida 2,5 tonna solyarkam qolib ketdi. Ololmayapman”.
Tugatilgan fermer xo‘jaligiga nega kredit berilgan?
“Suv uchun egat olganmiz, ammo suvdan darak bo‘lmadi, – deydi “Allanazarov Bobosher” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Hayit Allanazarov. – Hokimga 14 gektar erga suv chiqmayapti deb aytdim, u “Suvning iloji yo‘q endi, shu 13 gektarning imkonini qilavering” dedi”.
Hayit Allanazarovning bildirishicha, fermer xo‘jaligining jami 32 gektar eri bor. Shundan 13 gektarida paxta etishtirilgan. 14 gektar erdagi chigit esa biror marta ham sug‘orilmagani sababli unib chiqmagan.
“Tuman hokimiga uch marta murojaat qildim. Ariza yozib berdim. Er egasiz ekanini aytdim, – deydi Hayit Allanazarov. – O‘g‘lim erni topshirib ketgan. 68 yoshimda qiynalayapman. Er kerakmas bizga, qolaversa, suv berishmasa nima ham qila olar edik deb qayta-qayta takrorladim. “Bobojon, erni tashlamang, ishlab turing” dedi tuman hokimi. Menda qaror bo‘lmasa qanday ishlayman deganimdan so‘ng 2018 yil 27 mart kuni tuman hokimining qaroriga muvofiq fermer xo‘jaligimiz ixtiyoridagi 32,66 gektar er zaxiraga qaytarildi va katta o‘g‘lim Kamoliddin Allanazarov rahbarligidagi “Yusufbek Hayitov” fermer xo‘jaligiga o‘tkazib berildi. Lekin bu xususda hokim qarori bo‘lsa-da, shartnoma qilinmagan. Shu bois ham qarzdorlik faoliyati tugatilgan fermer xo‘jaligi nomiga kelgan”.
Aniqlanishicha, 2018 yilning 20 iyulь kuni “Uch mulla” mashina-traktor parki raisi Abdug‘affor Toshpo‘latov, Suv iste’molchilari uyushmasining hududdagi vakili Chori Donaev, tuman er resurslari bo‘limi mutaxassisi Bekzod Rahmonov hamda fermer xo‘jaligi rahbari ishtirokida dalolatnoma tuzilgan. Unga ko‘ra, fermer xo‘jaligining 27 gektar eridagi chigitning 14 gektari sug‘orilmagani sababli unib chiqmaganligi aniqlanib, tuman hokimidan 14 gektar erni shartnomadan chiqarib tashlash so‘ralgan. Vaholanki, shartnoma tuzilgan va kredit ajratilgan “Allanazarov Bobosher” fermer xo‘jaligi mart oyida tugatib yuborilgan. Yangi tuzilgan fermer xo‘jaligi bilan esa shartnoma tuzilmagan.
“Allanazarov Bobosher” fermer xo‘jaligi har yili ham rejani bajarmaydi, – deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Tolib Jabborov. – Boisi erining meliorativ holati buzilgan. Ekilgan chigit unib chiqmagani ham rost. Bu bo‘yicha murojaat ham bo‘lgan. Bu yil suv tanqisligi kuzatildi. Aynan o‘sha hududdagi fermer xo‘jaliklari quvur orqali sug‘oriladi. Quvurlar ham eskirib, talabga javob bermay qolgan. Buni ham bilamiz. Ammo shartnomada 27 gektar ko‘rsatilgan. Shartnomani o‘zgartirish imkoni yo‘q. Bugungi kunda fermerlardan reja so‘ralmayapti. Faqatgina kredit puli qaytarilsa, bas”.
Sug‘urta kompaniyasi ham fermerlardan yuz o‘girgan
“9 gektar erga paxta ekkanmiz, – deydi “Mamasharipov Shohjahon” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Mamasharipov Mamayusuf. – 17 tonna paxta topshirishimiz kerak edi. Ayni kungacha 10 tonnaga yaqin paxta topshirdik. Suv yo‘q. Odatda erimiz quvur orqali sug‘orilardi. Quvurlar eskirib yaroqsiz holga kelgan. Shuning uchun ham paxtani sug‘orolmadik. Quvurlarimizning yaroqsiz holga kelib qolganini tuman IIBga ham, prokuraturaga ham, hokimlikka ham aytganmiz. Ariza bilan murojaat qilganmiz. Ammo hech kimdan najot bo‘lmagan. Kelib, o‘zimizning gardanimizga yuklab qo‘yishadi. Bola-chaqam bilan chiqib, quvur tozaladik. Endi esa egalar ko‘paydi. Hamma fermerni tepkilayapti”.
“Eng alam qiladigani – hatto sug‘urta kompaniyasi ham o‘z vaqtida sug‘urta pulini olishiga qaramasdan, hozirga kelib pulimizni qaytarib tashlayapti, sug‘urta pulini to‘lab berolmaymiz deya chetga chiqishayapti”, – deydi fermer Xolmurod Donaev.


“Tumanda 1164 ta fermer xo‘jaligi paxta ekkan bo‘lib, bugungi kunda aksariyati qarzdor bo‘lib qolgan, – deydi tuman fermerlar kengashi mutaxassisi G‘ayrat Panjiev. – Kengash o‘z vaqtida murojaat qilgan fermerning haq-huquqlarini himoya qiladi. Bizga murojaat qilgan fermer xo‘jaliklarining sug‘urta pullari ham to‘lab beriladi”.
Mutaxassisning so‘ziga ko‘ra, tuman fermerlar kengashi rahbari “O‘zagrosug‘urta” AJ Qashqadaryo viloyati filiali Nishon tuman bo‘linmasi boshlig‘i Akram Jo‘raev nomiga 19 noyabrь kuni talabnoma bilan chiqib, kengashga murojaat qilgan fermer xo‘jaliklari huquqini himoya qilmoqda. Ammo xatga qanday javob bo‘lgani hali noma’lum.
“O‘zagrosug‘urta” AJ Qashqadaryo viloyati filiali Nishon tuman bo‘linmasi hisobchisi Bo‘ri Jumaev holatni shunday izohlaydi:
“Aksariyat fermer xo‘jaliklariga sug‘urta puli to‘lab berilmayotganining sababi shuki, ular biz bilan shartnoma imzolashmagan. 2018 yilda paxta ekkan 1181 ta fermer xo‘jaligining 574 tasi biz bilan shartnoma imzolagan. Yaqin kunlarda mana shu fermer xo‘jaliklariga sug‘urta puli to‘lab beriladi. Qolganlariga esa to‘lab berolmaymiz”.
Sug‘urta kompaniyasi xodimiga “Donaev Xolmurod”, “Allanazarov Bobosher”, “Mamasharipov Shohjahon” fermer xo‘jaliklari iyunь oyida sug‘urta pulini to‘lab bergani, biroq kompaniya yaqinda pulni qaytarib, sug‘urta to‘lovini to‘lab berolmasligini bildirganini aytdi. “Nega endi fermerning pulini iyunь oyida olib, shu kecha-kunduzda qaytardingiz, boz ustiga sug‘urta qoplamasini ham to‘lab berishdan bosh tortmoqdasiz?” degan savolga Bo‘ri Jumaev shunday javob berdi: “Mazkur fermer xo‘jaliklari va boshqa fermer xo‘jaliklari sug‘urta pulini to‘lashgan bo‘lsa-da, biz bilan shartnoma imzolamagan. Sug‘urta pulini esa avgustda qaytargandik. Bank aybi bilan kechikkan”.
“Odatda fermer xo‘jaligi pul o‘tkazishdan avval sug‘urta kompaniyasi bilan shartnoma imzolashi kerak, – deydi “O‘zagrosug‘urta” AJ Qashqadaryo viloyati filiali boshqaruvchisining o‘rinbosari, axborot-tahlil bo‘limi menejeri Normurod Ostonaev. – Shundan so‘ng shartnomada ko‘rsatilgan pulni to‘lashi talab etiladi. O‘shandagina fermer xo‘jaligi va sug‘urta kompaniyasi o‘rtasida kelishuv yuzaga keladi va sug‘urta kompaniyasi ko‘rilgan zararni qoplab beradi”.
Sug‘urta kompaniyasining axborot-tahlil bo‘limi bergan ma’lumotga ko‘ra, Nishon tumanidagi sug‘urta shartnomasi imzolangan fermer xo‘jaliklaridan 574 tasiga emas, 450 tasiga zarar qoplab beriladi. Sug‘urta kompaniyasining tuman bo‘linmasi esa 574 nafar fermer bilan shartnoma imzolaganini ma’lum qilgan edi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.