Qidirish uchun yozing

Quvur yorilgani sababli suv behuda isrof bo‘lmoqda

ZiyoNews.uz surishtiruvi

Quvur yorilgani sababli suv behuda isrof bo‘lmoqda

  Ulashish

Qarshi shahrining “Alisher Navoiy” ko‘chasida joylashgan suv quvuri yorilganligi sababli uch-to‘rt oydan beri ichimlik suvi behuda isrof bo‘lmoqda. Natijada ko‘chada loygarchilik, qatnov uchun esa noqulayliklar yuzaga kelgan. Bu haqda ushbu ko‘chada istiqomat qiluvchi aholi vakillari ma’lum qilayapti.

“Bir tomchi suv oltinga teng bo‘lgan viloyatda ichimlik suvining bu holda isrof bo‘lishi yaxshi emas-da, — deydi o‘zini ko‘cha boshi deya tanishtirgan otaxon Hasan bobo Mansurov. – Besh-olti oydan beri ko‘chamizda “truba” yorilganligi sababli ichimlik suvi “dengiz” bo‘lib oqayapti. Agar mening xonadonimdan bir tomchi suv behuda oqsin, “vodokanal”dagilar yugurib kelib, jarima to‘lang deyishni biladi-ku qalamining uchini chiqarib. Nega endi bunday paytlarda ularga tezkorlik etishmaydi.
Hasan bobo Mansurov “Alisher Navoiy” va unga tutash bo‘lgan “Oybek” ko‘chasining bugungi ahvoli aholini qoniqtirmayotganini bildirar ekan, “Har ikkala hokim ham (viloyat va Qarshi shahar hokimlari nazarda tutilmoqda) shu ko‘chadan yuradi-ku, nahotki e’tibor berishmasa,- deydi. — Agar xudo rahmatlilar tirik bo‘lganida ularning nomi shunday abgor ko‘chalarga berilganini bilsa, mening nomim shu ko‘chalarga loyiqmi demasmidi?”.


Ushbu ko‘chada istiqomat qiluvchi Sayyora Hamraevaning ma’lum qilishicha, ushbu holatni bartaraf qilish uchun aholi vakillari dastlab mahalla raisi, so‘ngra shahar hokimi va hududdan saylangan deputatga ham murojaat qilishgan. Ammo hech kimdan najot bo‘lmagan.
“Avval mahalla raisiga murojaat qildik,- deydi Sayyora Hamraeva. -So‘ngra shahar hokimining qabulida bo‘ldik. Hokim hozir odam borib, suvni to‘xtatadi dedi-yu, ammo hech kimni yubormadi. Hokim qabuliga 2018 yilning 20 dekabr kuni borgan edik. Mana hozirgacha suv oqishdan to‘xtagani yo‘q.
“Ko‘chaning loygarchiligi bois etik kiyib yurishga majbur bo‘layapmiz,-deydi yana bir aholi vakillaridan biri Muazzam Mirzaeva. – Shu ahvolda yashayotganimizga ham uch oydan oshdi. Qachon bu holat bartaraf qilinadi?
“Alisher Navoiy ko‘chasidagi nosozlik haqiqatdan ham ikki-uch oylik muammo,- deydi viloyat Suvoqova unitar korxonasi bosh muhandisi Bahrom Mirzaev.- Muammoning cho‘zilib ketishiga sabab shu bo‘ldiki, quvur materiali boshqacha bo‘lganligi sababli unga mos “homut”ni topish qiyin kechdi. Ayni kunda “homut” Toshkent shahridan keltirilgan.Tez kunda o‘rnatiladi.
“Suvni tejang deyishadi, ammo bunday holatda qanday qilib suvni tejashimiz mumkin, — deydi o‘zini Zulfiya Zayniddinova deya tanishtirgan suhbatdosh. – Ko‘z o‘ngimizda ichimlik suvining isrof bo‘lishiga qarab turish qiyin bo‘larkan.
Viloyat “Suvoqova” unitar korxonasi mas’ulining so‘zlariga ko‘ra, mazkur quvur ta’mirlanishi uchun shahar markazidagi ko‘plab korxona va tashkilotlarga uzatilayotgan ichimlik suvi vaqtincha to‘xtatiladi.
“Natijada “Mahtumquli”, “Kat” mahallalari aholisi, Aeroport tomon va Qarshi yog‘ ekstarktsiya zavodi ham suvsiz qolishi mumkin, — deydi Bahrom Mirzaev. Shuning uchun bu borada hokimiyat vakillari bilan maslahatlashgan holda ish tutishimiz kerak bo‘ladi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.