Qidirish uchun yozing

Kredit olishdagi muammolar sabab Nishonda 2 ta nodavlat bog‘cha yopildi, uchinchisining faoliyati ham to‘xtash arafasida

ZiyoNews.uz surishtiruvi

Kredit olishdagi muammolar sabab Nishonda 2 ta nodavlat bog‘cha yopildi, uchinchisining faoliyati ham to‘xtash arafasida

  Ulashish

Nishon tumanida joylashgan “Kichkintoy-1” va “Kichkintoy-2” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari kredit olishda muammolarga duch kelgani sababli faoliyatini to‘xtatdi. Tumanning Nuriston shaharchasida joylashgan 50 o‘rinli nodavlat bog‘cha ham 150 millionlik kreditini ololmasa, yaqin kunlarda yopiladi. Bu haqda tahririyatga Nuristondagi MTM rahbari, tadbirkor Ra’no Ahmanova ma’lum qildi.


“Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mutasaddilarining qistovi bilan 50 o‘rinli “Al-Xorazmiy izdoshlari” nomli nodavlat bog‘cha tashkil etgan edim, – deydi R.Ahmanova. – Bo‘limdagilar va bank xodimlari “Bog‘cha oching, 300 milliongacha kredit beramiz”, deb har kuni eshigim tagiga kelishardi. Sira qo‘yishmagach, sentyabr oyining boshidan mazkur bog‘chamiz faoliyatini boshladi”.
Ra’no Ahmanovaning bildirishicha, u xalq tilida “Pochemuchka Sofya” deb ataluvchi “Al-Xorazmiy izdoshlari” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish uchun shaharchadagi do‘konlardan birini sotib olgan va qayta ta’mirlab, kerakli jihozlar bilan ta’minlagan.
“Bo‘sh turgan do‘konlardan birini sotib olib, bog‘chani ishga tushirgunga qadar 150 mln mablag‘im ketdi, – deydi tadbirkor Ra’no Ahmanova. – Faoliyatimiz boshlanganiga uch oy muddat bo‘lgan bo‘lsa-da, hududdagi maktablarga maktabgacha ta’limni mukammal darajada egallagan o‘quvchilarni tayyorlab berayapmiz. Ammo hali kamchiliklarimiz ham talaygina. Shuning uchun nodavlat bog‘chalar tashkil etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 1 foizli kredit olishga harakat qilgandim. Bog‘chani gilam, kompyuter va kerakli jihozlar bilan ta’minlashimiz kerak. Qolaversa, bog‘chamizning yonida qarovsiz, tashlandiq er bor. Tuman hokimligidan ushbu erni ham olib, bolajonlarning yozda o‘ynab, dam olishlari uchun sharoit hozirlashni mo‘ljal qilgandik. Biroq mana ikki oydirki, kredit berishmaydi. Har kuni bankka qatnashdan charchadim. Borsam, hali fond yo‘q deyishadi”.
“Bu muammoni hamma biladi, markaziy bank ham, “Agrobank”ning viloyat bo‘limidagilar ham, – deydi “Agrobank”ning tuman filiali boshqaruvchisi Bahrom Normurodov. – Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga 1 foizli kredit berish uchun Moliya vazirligining maxsus jamg‘armasidan resurs ajratiladi. O‘sha mablag‘ fonddan ajratilmagani bois mablag‘ berilmayapti. Muammo ana shunda”.
Bank boshqaruvchisining aytishicha, odatda nodavlat bog‘chaga kredit ajratish uchun dastlab muassasa va Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘rtasida bitim imzolanishi kerak ekan.
“O‘sha bitim tuzilgandan so‘nggina mablag‘ ajratiladi”, – deydi tuman bank boshqaruvchisi.
Tadbirkor Ra’no Ahmanovaning bizga taqdim qilgan hujjatlariga ko‘ra, vazirlik va “Al-Xorazmiy izdoshlari” o‘rtasidagi bitim 2018 yilning 21 sentyabrida imzolangan.
Bank boshqaruvchisi Bahrom Normurodovning bildirishicha, hozirga qadar tumanda birorta ham tadbirkorga nodavlat bog‘cha tashkil etish uchun 1 foizli kredit berilmagan.
“Sababi birortasining ham vazirlik bilan bitimi yo‘q”, – deydi bank boshqaruvchisi.
Bank mutasaddisiga vazirlik va “Al-Xorazmiy izdoshlari” o‘rtasidagi bitim joriy yilning 21 sentyabr kuni tuzilganini bildirdi.
“Bitim sentyabrda tuzilgan bo‘lsa kerak, lekin menga oktyabrь oyida olib kelishdi, – deydi bank boshqaruvchisi Bahrom Normurodov. – Shuning uchun ham birinchi etapdan qolib ketdi”.
Tuman maktabgacha ta’lim muassasasi mas’uli Dilnoza Uzoqovaning bildirishicha, tadbirkor Jahongir Xolmurodov rahbarligidagi “Kichkintoy-1” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ham kredit ololmagani sababli faoliyatini to‘xtatgan.


Tadbirkor Jahongir Xolmurodovning qo‘shimcha qilishicha, rahbarligidagi “Kichkintoy-2” nodavlat ta’lim muassasi ham kredit ololmagach, “Kichkintoy-1” bilan bir vaqtda faoliyatini yakunlagan. Aniqlanishicha, mart oyida ish boshlab, avgustda faoliyati to‘xtatilgan har ikkala nodavlat bog‘chada jami 20 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
“Dastlab rahbarligimdagi MChJ tasarrufida nodavlat bog‘cha tashkil etib, litsenziya olgandik, – deydi tadbirkor Jahongir Xolmurodov. – Endilikda “Kichkintoy olami” deb nomlab, alohida tashkil etmasang, litsenziya ham berilmaydi, vazirlik bilan bitim ham yo‘q, deyishdi. Bitim tuzilmagach, kredit ham berilmas ekan. 2 ta nodavlat bog‘cha tashkil etish uchun sarflangan 500 mln mablag‘im havoga uchdi. Aslida nodavlat bog‘chaga ko‘p tarmoqli yuridik tashkilotning tarmog‘i sifatida ish yuritishiga ruxsat berishsa, ishni davom ettirsak bo‘lardi”.
Tadbirkorning so‘ziga ko‘ra, u nodavlat ta’lim muassasalari uchun beriladigan 1 foizli kreditdan umidini uzgan.
“Kelajakda xususiy maktab tashkil etish rejam bor, – deydi u. – Ammo 1 foizli kreditdan umidim yo‘q. Baribir berishmaydi. Ammo 7 foizlik kredit olib bo‘lsa-da, albatta xususiy maktab quraman”.
Qashqadaryo viloyatida joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida 38 nafar tadbirkorga nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etish uchun 39 mlrd 173 mln so‘mlik imtiyozli kredit berilgan edi.

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.