Qidirish uchun yozing

Kerakli ZiyoNews.uz surishtiruvi

G‘uzorlik murojaatchi: “Prezident bilan uchrashmoqchi edim, IIB xodimlari bunga yo‘l qo‘ymadi”

  Ulashish


Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumani “Obod” mahallasida yashovchi Nodira Jo‘raeva 2018 yil 14 dekabr kuni Qarshi shahriga viloyatga kelgan prezident Shavkat Mirziyoev bilan uchrashish niyatida borganida, 4-5 nafar noma’lum shaxs uni majburan shahar ichki ishlar bo‘limiga olib borgani va hech qanday sababsiz ikki soat ushlab turganini aytmoqda. Tahririyat mazkur hodisa tafsilotlarini o‘rgandi.


Nodira Jo‘raeva 4 nafar farzandi bilan 2007 yildan beri G‘uzor tumanidagi markazlashgan qozonxonaga tegishli qarovsiz idorada yashab kelayotgani, ammo shu kulbani ham tadbirkor tortib olmoqchiligini aytmoqda. Uning ta’kidlashicha, “Sho‘rtanneftgaz”ning qo‘riqlash xizmatida ishlovchi o‘g‘li Laziz Umirovni ham ishdan bo‘shatishmoqda. Bu haqda tuman hokimligi va viloyat xalq qabulxonasiga qilgan murojaatlari besamar ketayotgani sababli davlat rahbarining viloyatga tashrifi paytida bu haqda bildirish uchun Qarshi shahriga boradi.
“14 dekabrь kuni prezidentimizning “Vatanparvar” bog‘i ochilishiga borishini eshitib, uchrashish umidida park yoniga bordim, – deydi Nodira Jo‘raeva. – Shunda menga tanish inson qo‘ng‘iroq qilib, qaerdaligim va qanday kiyimda ekanligimni so‘radi hamda qo‘limni ko‘tarishimni aytdi. Men esa qo‘limni ko‘tarishim bilan 4-5 nafar fuqaro kiyimidagi shaxslar o‘rab, “Siz prezident bilan ko‘risholmaysiz, bu mumkin emas!” deyishdi va davlat raqami echib olingan “Damas”ga chiqishimni so‘rashdi. Men esa “Sho‘rtanneftgaz” MChJ xodimi Eldorga o‘sha erda turgani uchun “Buni Siz uyushtirdingizmi, axir men o‘z ishim bo‘yicha kelgandim”, deb aytdim”.
Surishtiruv davomida “Sho‘rtanneftgaz” MChJda 1-bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlovchi Eldor Mamarahimov ham Nodira Jo‘raevaning gapini qisman tasdiqladi.
“O‘sha kuni haqiqatan ham Nodira opa fuqaro kiyimidagi 4-5 nafar kishi bilan gaplashib turgandi, – deydi Eldor Mamarahimov. – Keyin men ham borib, Nodira opa bilan gaplashdim. Ammo ularning kimligini bilolmadim”.
Nodira Jo‘raevaning bizga bildirishicha, uni davlat raqami echib olingan “Damas”ga o‘tqazib, olib ketishlari xususida topshiriq bergan IIB xodimini tanigan.
“Ilgari G‘uzor tuman ichki ishlar bo‘limida boshliq bo‘lib ishlagan Kamol Iskandarovni tanidim, – deydi Nodira Jo‘raeva. – Uning topshirig‘i bilan meni majburlab “Damas”ga chiqarishdi. Qaerga ketayotganimizni so‘radim. Avvaliga “Toshkentdan kelganlar bilan gaplashasiz, ular sizni eshitishadi”, deyishdi. Ammo avtomobil raqamsiz bo‘lgani uchun “Damas”ni qo‘limdagi qizimning telefoniga rasmga oldim. Shunda bir yigit qo‘limni orqaga qayirib, telefonimni tortib olib ichidagi rasmni o‘chirdi, telefonimni esa qo‘li bilan qisib sindirdi.


Surishtiruv davomida Kamol Iskandarov ilgari G‘uzor tuman IIB boshlig‘i vazifasida ishlagani, ayni paytda u viloyat ichki ishlar boshqarmasida faoliyat olib borayotgani aniqlandi.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasiga borganimizda bizni viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari Samad Turdiev qabul qildi. U Kamol Iskandarov hozir jinoyat-qidiruv bo‘limida boshliq o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotganini, ayni paytda tumanlarning biriga ish bilan yuborilganini bildirdi.
Kamol Iskandarov biz bilan telefon orqali muloqotda Nodira Jo‘raevaning gaplarini rad etdi.
“Nodira Jo‘raeva o‘sha kuni haqiqatan ham kelgandi, – deydi Kamol Iskandarov. – Men u ayolni yaxshi taniyman. Raqamsiz avtomobilga o‘tqazish yoki u kishiga nisbatan zo‘rlik ishlatish holati bo‘lmagan. Pulim yo‘q deganlari uchun “Damas”ga o‘tqazib yubordim, xolos.
Nodira Jo‘raeva o‘sha kun unga qo‘ng‘iroq qilib “Qanday kiyimdasiz, qo‘lingizni ko‘taring?” degan kishi “Sho‘rtanneftgaz” MChJning mas’ul shaxslaridan biri ekanini ma’lum qildi. “Ammo kimligini aytolmayman, agar aytsam, o‘g‘lim shu zahoti ishdan bo‘shatilishi tayin”, dedi u.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni Nodira Jo‘raevaning “Sho‘rtanneftgaz” MChJning qo‘riqlash xizmatida ishlagan va ayni paytda bo‘shatilish arafasida turgan 318 nafar ishchi xodimning prezidentga murojaati yozilgan arznomasini etkazish maqsadi ham bo‘lgan.
“Men o‘sha kuni Qarshi shahriga yurtboshimizni ko‘rish niyatida borgandim, hech kimga e’tirozim yoki yomonligim yo‘q edi, – deydi Nodira Jo‘raeva. – Meni olib borib hibsxonaga tiqib, «Sen Sho‘rtandan keldingmi, Sho‘rtanni qog‘ozi sendami?” deb o‘dag‘aylashdi ham. To‘g‘ri, murojaatchilarning murojaat qog‘ozi menda edi. Chunki murojaatchilarni qabulxonaga qo‘yishmayotgan ekan. Shuning uchun “Siz ayol kishisiz, murojaatimizni etkazing!” deyishganiga olib kelgandim».

Fikr bildiring

Sizning elektron pochtangiz ko`rsatilmaydi.